Inson hayoti yillar bilan o‘lchanadi, bu tarixning oddiy mezoni.
Ammo uning hayoti mohiyati qancha yashagani, necha yil umrguzaronlik qilgani bilan emas, balki qanday faoliyat yuritgani, qancha ishlarni amalga oshirgani, odamlar uchun, millat uchun, yurt uchun ne xizmatlarni qilib ulgurgani bilan belgilanadi. Shu nuqtai nazardan endilikda yetmishvoylar safini to‘ldirgan jurnalist, adib, jamiyatning ilg‘or fikrli vakillaridan biri Xurshid Do‘stmuhammadning hayot yo‘llariga nazar tashlasangiz, uning faoliyati har jihatdan barkamol kechganini ko‘rasiz.
U 70-yillarning o‘rtalarida poytaxtdagi universitetning jurnalistika fakultetini bitirib, ishni O‘zbekiston Fanlar akademiyasining “Fan” nashriyotidan boshladi. Keyin shu yerda nashr etiladigan “Fan va turmush” jurnalida qalamini charxladi. Ilm-fanning yetuk namoyandalari Vosil Qobulov, Sa’di Sirojiddinov, Toshmuhammad Sarimsoqov, Yolqin To‘raqulov kabi akademiklar bilan tanishdi, ular bilan suhbatlar uyushtirdi. Fan fidoyilari haqida maqolalarini e’lon qildi. Keyingi faoliyati “Qishloq hayoti” gazetasida kechdi. Dehqonlarning, chorvadorlarning fidoyi mehnatlari haqida очерклар yozdi. Har bir inson o‘ziga xos olam ekanligini, jurnalist odamlarning qalbidagi o‘y-fikrlarni chuqurroq anglab yetsagina yaxshi asarlar yaratishi mumkin ekanligini dildan his qildi.
“Yosh kuch” jurnalida bosh muharrir sifatida to‘plagan tajribasi “Hurriyat” mustaqil gazetasini boshqargan paytida qo‘l keldi. Ayniqsa, sud-huquq sohasidagi adolatsizliklarni, jamiyat taraqqiyotiga g‘ov bo‘layotgan kamchiliklarni ochib tashlashga alohida ahamiyat berdi. Uning bosh muharrir sifatida “Sudlarning mustaqil, adolatli, insonparvar, faqat qonunga bo‘ysunadigan odil sud bo‘lishini istayman” degan fikrlari o‘sha paytlarda yangradi. “Hurriyat” gazetasidan кейин “O‘zbekiston matbuoti” jurnalida ham bosh muharrir sifatida faoliyat ko‘rsatdi. U keyinchalik жuрналистик faoliyati xususida to‘xtalib, “Istaymizmi, yo‘qmi, jurnalist hukmron сиyoсат, hukmron mafkura bilan hamkorlikda ishlaydi. Shu havodan nafas olib yashaydi. O‘zining faoliyatini uning yo‘riqlariga moslashtiradi. Lekin men o‘zimga qarshi borib yozganimni eslolmayman. Yoki juda kam yozdimmi? Bilmadim. Men birorta maqolamda, badiiy asarimda hijolat bo‘ladigan o‘rin, e’tiqodimga qarshi borgan joyim yo‘q”, deb yozgan edi. Bunday so‘zni aytish uchun jurnalistda chinakam talant va yuksak e’tiqod bo‘lishi kerak. U el-yurt orasida ana shunday jurnalist sifatida tanildi.
Adibning ilk asarlari o‘tgan asrning 70-yillari oxiri, 80-yillari boshidan matbuot nashrlarida ko‘zga tashlandi. “Alam”, “Qazo bo‘lgan namoz”, “Vasiy”, “Beozor qushning қарғиши”, “O‘n birinchi eshik”, “Yo‘lakdagi odamlar”, “Qichqiriq” kabi hikoyalari bilan kitobxonlarga tanildi. “Hovli etagidagi uy” deb nomlangan birinchi kitobi 1989 yilda nashr etildi. Uning “Jajman” deb atalgan hikoyasi o‘sha yillarda adabiyotimizda chinakam voqea bo‘lgan asarlardan biri sifatida baholandi.
Xurshid Do‘stmuhammad hikoyachilik bilan birga keyinchalik katta janrlarda ham o‘zini sinab ko‘rdi. “Nigoh”, “Panoh”, “Oromkursi”, “Chayongul”, “Hijronim mingdir mening” singari qissalar yaratdi. Ularda adib zamondoshlarimiz obrazlari bilan birgalikda yaqin o‘tmish tariximizda yashab o‘tgan ajdodlarimiz, salaflarimiz hayoti, faoliyati, orzu-umidlarini ham yoritib berdi. Yozuvchi “Yolg‘iz” qissasida ulug‘ adib Abdulla Qodiriy hayotiga murojaat qildi. Qissa kitobxonlar tomonidan iliq kutib olindi. Ushbu asar asosida yaratilgan “Yig‘indi gaplar” spektakli Abror Hidoyatov nomidagi respublika drama teatrida sahnalashtirildi.
Adibning “Bozor”, “Donishmand Sizif” romanlari keyingi yillarda adabiyotimizning yaxshi asarlari sifatida e’tirof etildi. Uning bu romanlarida kutilmagan voqealar, antiqa holatlar, g‘aroyib obrazlar o‘ziga xos shakllarda, ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. Bir qarashda ulardagi voqealar bizning hayotimizga xos emasdek, qahramonlar, obrazlar bizga notanishdek, ularning xatti-harakatlari ajabtovurdek taassurot uyg‘otadi. Lekin bu asarlarni o‘qib, ularni chuqurroq anglaganingiz sayin hayotimizning turli qirralari, zamondoshlarimizning turfa xarakterlari, insonlarning g‘aroyib xislatlari yuz ocha boshlaydi. Ularga darddosh, qalbdosh bo‘lib qolasiz. Ularning orzu-o‘ylari, ezgu maqsadlari sizga ham yuqadi.
Qadimgi yunon rivoyatlarida Sizif dumaloq toshni tog‘ cho‘qqisiga olib chiqishga intilgan inson sifatida tasvirlanadi. Lekin u harchand urinmasin toshni cho‘qqiga olib chiqolmaydi. Rivoyatga ko‘ra, toshni cho‘qqiga olib chiqishga urinishning o‘zi bema’nilikdir. Yozuvchi xuddi ana shu holatni asari asosiga oladi. Sizifning tosh dumalatishdek be’mani harakatlaridan ma’ni topishga urinadi. Asar qahramoni Sizif har gal pastga qulagan toshni cho‘qqi tomon qayta olib chiqar ekan, hayotning mohiyatini yangicha inkishof etadi, idrok qiladi, insonning insoniylik qudratini anglaydi. Shu tariqa oddiy Sizifdan donishmand Sizifga aylanadi. “So‘zlash – o‘tib borayotgan hozirning sharpalari bo‘lsa, sukut – boqiylik, mangulik timsoliga aylanardi uning nazarida. Bamisoli gap sotsa – hozir bilan, sukut saqlasa – abadiyat bilan muloqotga kirishayotgandek sezardi o‘zini Sizif. Bir yo‘la ham bugun, ham kelajak bilan bitim yo sulh tuzish esa koni azob, azob! Bugunga xizmat qilsang kelajak oldida muttahamsan, kelajak va boqiylik ruhida yashasang bugun uchun begonasan, yotsan, yot! Top bunga o‘zining javobni, banda: qay biri afzal?” Yozuvchining Sizif орқали bergan bu savoli har qanday odamni o‘yga toldirishi shubhasiz. Sizifning donishmandligi ham shunda!
Xurshid Do‘stmuhammad hayotda ilm-fanni yuksak qadrlaydigan, boshqalarni ham shunga undaydigan, inson kamoloti, aql-idroki, tafakkuri kitobxonlikda, qiroatxonlikda deb biladigan ijodkor. Men uni adabiyotimizning, jurnalistikamizning donishmand Sizifi deb atagim keladi.
Ochig‘i Xurshid Do‘stmuhammad asarlarini yoshligimdan mutolaa qilib kelsamda, uni davlat arbobi sifatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qo‘mita raisi lavozimida faoliyat yuritayotgan paytlarda ilk bor uchratganman. Men o‘shanda bu oliy dargohga birinchi kirishim edi. To‘satdan oldimda chiqib qolgan xalq farzandini mayin tabassumda ko‘rib, mansabdor shaxslar ham oddiy odamlarga tabassum qilishiga imon keltirganman. Shundan keyin ko‘zlari kulib turadigan bu adibga bo‘lgan e’tiqodim osmon qadar oshgan. Bir necha bor suhbatini olishga muyassar bo‘ldim. Uning odamlar bilan muomalada samimiyligi, kamtarligi va ayni vaqtda hozirjavobligi insonparvarlik fazilatini yaqqol namoyon etardi.
Ha, u hech bir ishni chala qilmaydigan odam. Uni harakatsiz ko‘rmaysiz. Nuqul faol, nuqul qimir-qimir, nuqul “nima uchun” deb savol qo‘yayotgan va shu savolga javob izlayotgan, shu javobni topayotgan, topganiga qoniqmayotgan bo‘ladi. Uning faolligi – insoniy, iymoniy, vijdoniy faollik. Uning faolligi – ijodiy, mulohazakor, mushohadakor faollik.
U kishini yaxshi taniganim sayin atrofidagi gaplarga ham e’tibor bera boshladim. Bir tadbir so‘ngida ishtirokchilardan biri Xurshid aka haqida gap ochib, jurnalistik asarlarga nom qo‘yishga ustasi farang ekanligini ta’kidladi. Ha, xoh uning maqolasi, xoh katta bir asari bo‘lsin, birinchi navbatda uning jozibador nomi odamlar qalbiga tushardi. Bunday xususiyatni adibning asarlari – farzandlariga qo‘yilgan “Chayongul”, “Donishmand Sizif” kabi nomlardan bilish qiyin emas.
Xullas, yuragi toza, har qanday shaxs uchun qalbi ochiq bu fidoyi insonni ko‘rishga, uning mayin va shirali tabassumiga sherik bo‘lishga, ma’noli va tarbiyatli suhbatini olishga, asarlaridan bahramand bo‘lishga intilgan insonlar qatorida sezaman o‘zimni.
Abdukamol RAHMONOV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.