Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, taniqli shoir va mohir jurnalistlar Dilshod Rajabov va Orif To‘xtash talabalar bilan uchrashib, o‘z yoshlik yillari, ilm olish yo‘lidagi izlanishlari haqida gapirib berdi. Bugun yurtimizda yoshlar ta’lim-tarbiyasi, kasb-hunar egallab, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi. Hayotda muvaffaqiyatga erishishning yagona yo‘li – ilm olish ekanligi ta’kidlandi. Uchrashuv davomida ijodkorlar o‘z she’rlaridan namunalar o‘qidi.
Universitet talabalari tomonidan ijodkorlar asarlari asosida tayyorlangan kuy-qo‘shiqlar va sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Shuningdek, mehmonlarning hayoti va ijodi asosida talabalar o‘rtasida insholar tanlovi, “Munozara” va “Zakovat” intellektual o‘yinlari o‘tkazildi.
– Universitetdagi ta’lim yo‘nalishlari til va adabiyotdan yiroq bo‘lsa-da, talabalarning badiiy ijodga qiziqishi yuqori, bu boradagi bilimlari boy ekanligi ko‘rinib turibdi, – deydi shior Orif To‘xtash. – Ular orasida ijodkor yoshlar ham borligini ko‘rib xursand bo‘ldik. Adabiyotga, kitobga mehr qo‘ygan kishilarning qalbi go‘zal, hayotga qarashlari o‘zgacha bo‘ladi. Ishonamizki, mazkur ta’lim muassasalari talabalari orasidan yaxshi mutaxassislar yetishib chiqadi.
Ijodkorlar iqtidorli va ijodkor talabalarning bir guruhiga o‘z asarlaridan sovg‘a qildilar.
[gallery-19802]
Loyiha doirasida mehmonlar universitetga biriktirilgan Pastdarg‘om tumanidagi 10-, 119- va 120-umumta’lim maktablarida ham bo‘lib, o‘quvchilar bilan uchrashdi. Adabiyotning jamiyat ma’naviy hayotida tutgan o‘rni, aholi kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari