Adabiyot va ma’naviyat bir-biri bilan bevosita bog‘liq yo‘nalishlar. Prezidentimiz tashabbusi asosida Jizzax viloyatida bo‘lib o‘tayotgan yosh ijodkorlarning Zomin seminari doirasida xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirishda adabiyotning o‘rni va ahamiyatiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida ma’naviyat masalasiga ustuvor e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Anjumanda e’tirof etilganidek, bugungi murakkab globallashuv davrida navqiron avlod ongini turli mafkuraviy, g‘oyaviy xurujlardan ishonchli tarzda himoya qilish barcha ijodkor ziyolilar, shu jumladan, yozuvchi va shoirlar zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi.
[gallery-24216]
Zero, davlatimiz rahbari bolalar uchun ishonchli, foydali, mazmunli, sifatli milliy kontentni yaratish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etishi xususida to‘xtalgan edi. Ayni paytda bu yo‘nalishda ko‘plab ilg‘or amaliy tashabbuslar hayotga faol joriy etilmoqda.
E’tirof etilganidek, bolalar ongini zararli axborot xurujlaridan himoyalashda badiiy barkamol, pishiq-puxta va yuksak saviyali asarlarning o‘rni beqiyos. Bu esa ma’naviyat targ‘ibotchilari bilan birga, yozuvchi va shoirlar, yosh ijodkorlar zimmasiga ulkan va zalvorli vazifalarni yuklaydi.
Tadbirda milliy ma’naviyatimizni asrab-avaylash, badiiy adabiyot sohasidagi kitoblarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi
N.Usmonova,
Jamshid Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari