O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, Respublika “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi kengashi a’zosi, “Ma’naviy hayot” jurnali fotojurnalisti, fotorassom Sultonboy Dehqonovning “Adabiyot va hayot” nomli shaxsiy fotoko‘rgazmasi tashkil etildi.
Fotoko‘rgazmada yozuvchi-shoirlar, adabiyotshunoslar, jurnalistlarning qiyofalari, bugungi kunda mamlakatimiz adabiy hayotida kechayotgan ijodiy jarayonlar, ustoz ijodkorlarning gurungi, dilkash suhbatlari aks ettirilgan suratlar tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.
Sultonboy Dehqonov 1959 yil 1 may kuni Toshkent viloyati Bekobod tumanida tug‘ilgan. 1985 yil ToshDU (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) Jurnalistika fakultetini tamomlagan. O‘zbekiston Badiiy akademiyasining fotosan’at maktabini tugatgan. Ijodiy faoliyat bilan 1980 yildan buyon shug‘ullanmoqda.
[gallery-26373]
Sultonboy Dehqonov mahoratli fotorassom sifatida respublika va xalqaro ko‘rgazmalar ishtirokchisi. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi ko‘magida Termiz, Shahrisabz, Qarshi, Jizzax, Namangan, Qo‘kon, Andijon, Nukus, Baxmal, Sherobod tuman-shaharlarda ozod va obod yurtimizni madh etuvchi 35 ta ko‘chma shaxsiy ko‘rgazma o‘tkazgan. Muallifning yangi O‘zbekiston manzaralari, kun qahramonlari, milliy qadriyatlarimiz mavzusidagi rang-barang fotoasarlari tomoshabinda katta taassurot qoldiradi. Bugungi ko‘rgazmada esa zamonaviy o‘zbek adabiyoti rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan taniqli yozuvchi-shoirlarning hayoti va ijodiy faoliyatiga bo‘lgan mehr-muhabbati, e’tirofini fotohikoyalarda tomoshabinlar e’tiboriga havola etadi. Shu orqali adabiyotimiz fidoyilarini go‘zallik ruhida tarbiyalashdagi lahzalarini muhrlab, o‘quvchilarda faxr tuyg‘usini uyg‘otadi va Adiblar xiyoboni uchrashuviga chorlaydi.
Fotomusavvirning asarlari Farg‘ona, Qorakalpog‘iston davlat O‘lkashunoslik muzeyi va xususiy galereyalarda saqlanadi. Sultonboy Dehqonovning “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “San’at”, “Ma’rifat”, “Ishonch”, “Jamiyat”, ”Ma’naviy hayot” gazeta-jurnallarda zamonaviy o‘zbek fotosan’ati mavzusidagi dolzarb maqola, fotoasarlari e’lon kilingan.
Ijodiy faoliyati munosib taqdirlanib, bir qancha tanlovlar g‘olibi sanaladi. Ijodkor 2021 yil “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni, 2021 yili “Yilning eng faol jurnalisti” respublika tanlovi g‘olibi, 2024 yili “Eng ulug‘, eng aziz” respublika tanlovida 1-o‘rin g‘olibi, 2025 yil O‘zbekiston Badiiy akademiyasi ijodiy uyushmasining “Oltin” medal sohibi bo‘lgan.
N.Usmonova, N.Haydarov (surat), O‘zA