Jizzax shahridagi Sharof Rashidov nomli axborot-kutubxona markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-yanvardagi “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro adabiyot, san’at, madaniyat va ijtimoiy fanlar akademiyasi a’zolari ishtirok etgan ushbu uchrashuv kitobxonlikni rivojlantirish, milliy adabiyotni keng targ‘ib qilish va yoshlar qalbida mutolaaga mehr uyg‘otish masalalariga bag‘ishlandi.
Tadbir avvalida kutubxona rahbariyati va Akademiya o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat ma’naviy-ma’rifiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, yoshlar o‘rtasida mutolaa madaniyatini yuksaltirish va zamonaviy o‘zbek adabiyotini tizimli targ‘ib etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Tadbirni Sharof Rashidov nomli axborot-kutubxona markazi direktori Hafiza Qudratova ochib berdi. U markazning istiqboldagi rejalari, kitob fondini boyitish, aholi, ayniqsa yoshlar bilan ishlashning ustuvor yo‘nalishlari haqida atroflicha to‘xtalib, kutubxona bugun nafaqat axborot maskani, balki ma’naviyat o‘chog‘iga aylanayotganini ta’kidladi.
Xalqaro adabiyot, san’at, madaniyat va ijtimoiy fanlar akademiyasi prezidenti Abdulla Mengqobilov o‘z nutqida adabiyot millat tafakkurini shakllantiradigan, uning ma’naviy qiyofasini belgilaydigan qudratli kuch ekanini alohida qayd etdi. U Akademiyaning xalqaro hamkorlik aloqalari, ilmiy-ijodiy tashabbuslari hamda mamlakatimizda kitobxonlikni ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida batafsil ma’lumot berdi.
[gallery-27711]
Akademiya vitse-prezidenti, taniqli yozuvchi Nurali Qobul adabiyotning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida fikr yuritib, yosh avlodni ma’rifat orqali yuksaltirish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi. “Adabiyot umumxalq ishining katta bo‘lagi bo‘lishi lozim” degan fikr orqali u ijod ahlining ma’naviy mas’uliyatini yana bir bor eslatdi. Muallif o‘z ijodiy izlanishlari, tarixiy asarlar ustidagi mehnati hamda bugungi adabiy jarayon haqida ham samimiy mulohazalar bildirdi.
Akademiya vitse-prezidenti Abdumannop Ziyayev xalqimizning boy madaniy merosini o‘rganish va uni kelajak avlodga yetkazish har bir ziyolining burchi ekanini qayd etib, yoshlarni ajdodlar merosini anglash va tarixiy xotirani asrashga da’vat qildi.
Tadbir doirasida qator tashabbuslar ilgari surildi, kitoblar taqdimoti o‘tkazildi. Akademiya vakillari tomonidan axborot-kutubxona markazi fondiga qimmatli asarlar sovg‘a qilinishi esa ma’rifiy hamkorlikning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyat bo‘limi rahbari Mehribon Abdurahmonova hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Jizzax viloyat bo‘limi rahbari Iqboloy Umarovalar so‘zga chiqishib, kitobxonlikni ommalashtirish, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldilar.
Tadbirning badiiy qismi ayniqsa ko‘tarinki ruhda kechdi. Yosh shoir va shoiralar o‘z she’rlaridan namunalar o‘qib, zalda o‘tirganlarga quvonch va zavq ulashdilar. “Ochiq mikrofon” shaklida tashkil etilgan muloqotda kitobxonlar va yosh ijodkorlar mehmonlarga savollar bilan murojaat qilib, ochiq va samimiy fikr almashdilar.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari