Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adabiyot – ruhiy chanqoqni ifoda etadi
11:00 / 2022-07-08

Yozuvchi Sobir O‘nar bilan suhbat

– Asarlaringizda ko‘proq qishloq odamlarining fe’l-atvori aks etgan. Yozuvchining qahramonlari, ma’lum ma’noda uning o‘zidir, deyishadi. Uzoq yillardan buyon shaharda yashayotgan bo‘lsangiz ham, ichingizda qishloqning to‘pori odamini asrab qolgansiz... Butun dunyoda urbanizatsiya jarayoni kuchayayotgan bir paytda sizning asarlaringizdagi qishloqparvarlik hissi nechog‘lik o‘zini oqlaydi? Umuman olganda, urbanizatsiyaning tezlashuvi yozuvchi ruhiyatiga qanday ta’sir o‘tkazadi? 

– Avvalgi va keyingi, xususan, “Otamzamon hangomalari” turkumidagi hikoyalarimda siz aytayotgan qishloq odamlari, fe’l atvori, ayni to‘poriliklari aks etgan. Lekin, to‘g‘risini aytsam, ana shu soddalik, dovdirliklarni qalamga olish – mening a’molim emas. Men bolaligimda yashab o‘tkazgan yarim ibtidoiy hayotni tasvirlashdan maqsad – bugunning ziddi, tabiiy hayot tarzi odamlar dunyoqarashiga qanday ta’sir o‘tkazgani, to‘g‘rilik, soflikning tiplarini ko‘rsatish yoki o‘sha bokiralikni sog‘inishdir. Tabiiylikni boricha ko‘rsatishga urinib, bir qadar uddalagan bo‘lsam – durust, biroq, yana aytay: maqsad boshqa. Shu ma’noda u hikoyalar – zamonaviy, bugunning asarlaridir. 

O‘zim va o‘zim qatorilarning shahar hayotiga kirishib ketganimiz, farzandlarimizning chin shaharlikka aylanayotgani ham bor narsa va bu ham tabiiydir. 

Xemingueyning bir yuksak prinsipi bor edi: faqat ko‘rgan va bilgan voqelik, obrazlarni ko‘rsatish. U realizmning ushbu oltin qoidasiga umr bo‘yi amal qildi. Shu holicha u klassik yozuvchi bo‘lib qoldi. Markes esa bir muddat o‘tib, fusunkor realizm yo‘lini tanladi hamda “Tanholikning yuz yili”, “Buzrukning kuzi” romanlarini bitib, mazkur realizmning mumtoz namunalarini yarata oldi. Bu ham tarix voqeligi sifatida baholandi va adabiyotning keng kahkashoniga abadiy muhrlandi. 

Dunyo adabiyoti maydonida italyan mumtoz nasri, fransuz uyg‘onish davri adabiyoti, Shimoliy Amerikada Mark Tven, Jek London, Teodor Drayzer asarlari qanchalik muhim rol o‘ynasa, rus adabiyotida Tolstoy va Dostoyevskiydan tashqari Pushkin, Lermontov nasri, xususan, Gogol bor edi. Uning mistika bilan yo‘g‘rilgan bir qator hikoyalari nochor didimga uncha o‘tirishmasa-da, qolgan barcha asarlari, ayniqsa “Uylanish”, “Revizor” komediyalari ayni klassikaning o‘zginasidir. “Qissasul anbiyo”, “Tarixi hukamo va anbiyo”, Qodiriy asarlari, Cho‘lpon romani, Qahhorning bir qancha hikoya va “O‘tmishdan ertaklar”i, G‘.G‘ulomning “Shum bola”si, Tog‘ay Murod qissalari, Shukur Xolmirzayevning o‘nlab hikoyalari, XX asr rus adabiyotidagi Sholoxov, Pasternak, Bulgakov, Bunin, Shukshin, Paustovskiy, Katayev, Grin nasri o‘qishga arzimaydimi? Men atay nasr namunalariga to‘xtalayapman. Va shu o‘rinda A.Chexovning “Kashtanka” hikoyasini ta’kidlamoqchiman. Ishoning, nafaqat rus, balki jahon adabiyotining eng nodir namunalaridan biri, shu jajji bir hikoya. 

XX, XXI asr prozasida nasr shakli va ichki fitrati ham bir qadar o‘zgardi, uni biz modernizm, postmodern adabiyoti, deb atadik. Dunyo o‘zgardi, odamlar, ularning tafakkur shakllari ham o‘zgardi. Jahon o‘z fojiasi sabablarini ham bildi. Lekin eski fashizm o‘rniga neofashizmni, eski separatchilar o‘rniga neonatsistlarni paydo qildi. Adabiyot mazkur fojialar qoshida boshi egilib, mum tishlab qolishi mumkinmi?

Aslo!

Boshqa janrlarni bilmadim, ammo badiiy nasr o‘z tarixiga ko‘ra inqilobiy o‘zgarishlar yoki xalqqa qilingan zulm-sitam zo‘rayganda kuchayadi. Oktyabr inqilobi Bunin, Pasternak, Sholoxov, Bulgakov, Qodiriy, Cho‘lponni yetishtirib berdi. Chingiz Aytmatov, Rasul Hamzatov va Odil Yoqubov ham mazkur zulmning oxirgi jabrdiydalari edi. 

  – Bundan uch-to‘rt yil avval O‘zA muxbiri D.Mamatova bilan qilgan suhbatingizda Navoiy hazratni zamondosh o‘laroq ko‘rib, bugungi kun muammolariga duch kelishini tasavvur qilgan ekansiz. Sizning qishloq hayoti to‘g‘risidagi tasavvuringiz hamda ulug‘ mutafakkirning 585 yildan bu zamonga kelib harakatlanishi fantaziyangizda bir g‘alati bog‘liqlik borligini sezdim...

  – Ha, o‘sha suhbatda agar Navoiy hazrat hozir bizga zamondosh bo‘lib qolganida doimiy ro‘yxatdan o‘tish (propiska) masalasida aziyat chekishi (axir Hirot xorijiy davlat hisoblanadi-ku!) va boshqa hujjatlar rasmiyatchiligida ham ovvorai sarson bo‘lishi mumkinligini aytib edim. 

  Bugun ham shunga o‘xshash bir fantaziya qilmoqchiman. Deylik, hazrat “Hamsa”, “Xazoinul maoniy” va boshqa asarlari chuqurroq o‘rganilishi hamda o‘rgatilishi daragini eshitib, Navoiy (o‘zining nomida!) nomidagi Toshkent davlat til va adabiyot Universiteti ostonasiga ish so‘rab keldi (haqqim bor, deb o‘ylaydi-da!). Endi o‘ylang: avvalo, u vafot etgan bo‘lsa, Hirot shahar FHDYOdan ma’lumotnoma, tirilgani rost bo‘lsa, Hirot qabristoni mutavalliysidan kafolat xati, Tolibondan chegaradan o‘tish uchun ruxsatnoma, Hayraton chegarasida bizning chegarachilardan izn (bu osonmi?) olishi lozim, xo‘p, puli bor chiqar, masalan, biror eski tangasi bo‘lsa, temir yo‘l xodimiga yalinib, Toshkentgacha kelar. Shimoliy vokzaldan biror taksichi ham Navoiy ekansiz, deya Universitet eshigigacha kuzatib kelar, keyin-chi?

Keyin...

Keyingi dahmazalari: shaxsini tasdiqlovchi hujjati, demak, pasporti, undan keyin ilmi, xususan, Navoiy ijodiyoti bilimdoni ekani xususidagi diplomi yo‘qligi, bor bo‘lsa, u Oliy ta’lim vazirligida nostrifikatsiya qilinganmi yoki yo‘qligi...

Yana.

Alisher G‘iyosiddin o‘g‘li biror kafedraga oddiy o‘qituvchi bo‘lib ishga o‘tmoqchi (kun ko‘rishi kerak-ku). Qadimgi do‘konu sarmoyalari o‘sha, XV asrda qolib ketgan. Bunday, o‘rnidan turib qarasa, Sulton Husayn ham yo‘q. Uning va o‘zining maqbaralarini johillar tepkilab tashlashgan. Daraklay-daraklay o‘zi qadr topgan yurt – O‘zbekistonga kelib qolgan. Yaqinda yubileyi ham nishonlangan. Shu – hatlaydigan ostona qidirib yuribdi-da. Ne tongki, mazkur Universitet rektori, navoiyshunos, nomzodligu doktorlik ishlarini hazrat ijodidan yoqlagan, davlat mukofoti ham olgan Shuhrat Samariddin o‘g‘lining ham qo‘li kaltalik qilib turibdi! Hazrat ayni o‘zimman, deb qo‘l qovushtirib turgan, eski turkiy lafzda so‘zlayotgan, boz ustiga Shuhratjon, sizning Samarqandda ham Abu Said ta’qibidan bekinib, ikki yil badalida Abulays Samarqandiy ma’rifiy ilmidan bahra oldim, deya “chun xushomad” qilayaptursa... Ne qilmoq kerak?

Albatta, bu latifa orqali Universitet rahbariyati va jamoasini malomat qilmoqdan butkul yiroqman. Haqiqat shulki, hazrat tashrif qilsalar, navoiyshunoslik va ul zoti bobarakatni e’zozlash yo‘lidagi ba’zi noqisliklarimiz ochilib qolardi. Tirik zot hozirgiday e’zoz toparmidi yo o‘zimiz johillik ila mutafakkiru donishmandni “qo‘shqo‘llab” “kelgan” joylarigacha... kuzatib qo‘yarmidik. 

Bu, endi, hazil aralash bir tasavvur. Nari borsa, “Ivan Vasilevich kasbini o‘zgartirgani kabi bir mutoyiba, luqma. Navoiy borasidagi bizning ko‘p qarashlarimizni butkul o‘zgartiradigan mo‘’jiza bo‘lur edi. 

Kim bilsin, ehtimol, Navoiy o‘z zamonasi uchun dolzarb bo‘lgan Farhodday – mustaqillik qahramonlaridan biri obrazini yaratib, bizni maftun qila olarmidi?

Aytmoqchi bo‘layotgan lo‘nda fikr shulki, inson o‘zi yaratgan va yaratayotgan qonunlar iskanjasiga tushib, boshi qotib qolmasligi lozim. U ozod va hur yashash, hur fikrlash uchun yaratilgan. Uni faqat e’tiqod, shariat va qonungina cheklashi mumkin. Lekin chin e’tiqod ham aslida, vijdon erkidir. 

– “Bibisora” nomli qissangizdagi qora plash kiyib yuruvchi chol va uning xuddi o‘ziga o‘xshash bolalari – har qadamda uchraydigan, har pokiza ayolni bulg‘ab dunyoga kelgan shaytonvachchalar. Muxbir yigit. Azaliy mavzu: yaxshilikning yomonlikka qarshi kurashi. Ertakdagi qahramonlarning hayotdagi hayotiy, ishonarli aksi. Shu obrazning yaralish tarixini so‘zlab bersangiz. 

– Ezgulik va yovuzlikni chetlab biror narsa bitish mumkinmi? Bu so‘zlar qanchalik jo‘n tuyulmasin, ahamiyati jihatidan mudom bo‘yinga tushgan sirtmoq kabi, unga baribir qaytib kelaverasiz. Siz ta’kidlaganingiz kabi “ertakdagi qahramonlarning hayotdagi hayotiy, ishonarli aksi” emas Bibisora. U men yashagan davrning ijobiy va salbiy obrazlari to‘plami. U yerdagi hayot mutlaqo ertakka zid. Balki e’tibor bergandirsiz, qahramon bola Bibisoraga yozgan xatini pochtachiga beradi. Biroq tuyqus maktub qora plashli cholning sumkasida paydo bo‘ladi, xat va rasmni olib burda-burda qiladi, qorga sochib yuborib, ruschalab so‘kinadi. 

Men yashagan, siz yashagan davrda va aynan bugun ham bor daxlsiz odam. O‘sha daxlsiz odamning esa hamma narsaga daxli bor. Jumladan, sevgiga ham. Xuddi shu narsa avval mening miyamda chaqmoqday paydo bo‘lgan edi. Qolgani juda oson ketdi. Mana, formula qanaqa: mafkura degani sevgini ham taqiqlasa-ya! Hatto sevgini ham! Axir, bu Alloh inoyat etgan g‘oyat g‘aroyib tuyg‘u emasmi? Mafkura shuni ham g‘orat eta oladi. 

Mana, men topgan kichik bir xazina. Shu xazina tuynugidan kirib oldim-da, ikki kunda yozdim. Biror narsa qo‘shmadim ham, olmadim ham. Faqat uni o‘qib chiqib, “Bibisora” ismini bosh planga olib chiqdim. Ibrohim (a.s.)ning ayoli Sora bo‘lgani uchun timsollashtirgim kelgandir. Boshqa o‘zgarish bo‘lgani yo‘q.

Timsollarni xush ko‘ruvchi, ya’ni, aslo inkor etmaydigan o‘quvchi sifatida realizmning ko‘pdan-ko‘p shakllaridan foydalangim keladi. Bulgakov ham aslida realist. Ammo u tasavvurga qorishiq realizmni yoqlaydi. “Ityurak” qissasini eslang. “Ivan Vasilevich ham aslida Bulgakovning teatr uchun yozgan ssenariysidir.   

– Nazarimda, bugun roman poyoniga yetayotgan janrga o‘xshab qolayotganday. Romanni yozishga yozuvchining, o‘qishga o‘quvchining sabri yetmayotganday. Sizning ijodiy quvvatingiz yaxshi roman yozishga yetadi, deb o‘ylayman. Nega shu paytgacha romanga qo‘l urmadingiz?

– Chindan ham, roman tugul uzunroq hikoya ham o‘qilishi dargumon zamonda yashayapmiz. Aslini olganda – o‘qish ham mehnat. Lekin bu yozuvchini roman yozishdan to‘xtatuvchi omil bo‘lmasligi lozim. O‘qimaydigan odam baribir o‘qimaydi. Biz undan yozg‘irganimiz qoladi.

Shu kunlarda “Do‘rmon” ijod uyida ikki haftadan ziyodroq bo‘ldim. Odam ko‘p. O‘zbek va qoraqalpoq yozuvchilari. Ba’zilari oilasi bilan kelgan. Ko‘pi tanish ijodkorlar. Qizig‘i, shunday ijod maskanida ham asarlar xususida bahslar deyarli yo‘q. Aksariyati ijtimoiy, maishiy muammolar to‘g‘risida gaplashishadi. 

Ijod odami uchun bu zerikarli hayotdir. Nachora, she’r yo romanni kimdir yozishib yubormaydi-ku. Ijod mutlaqo xususiy ish. Roman yozmayotganim masalasiga kelsak, bu ham shaxsiy istak-xohish hamda hafsalaga borib taqaladi. Nimadir yozayapman, hajmi kattaligiga ko‘ra, balki romandir u.

Bilasizmi, ba’zilar shundoq vaqti bo‘lishi bilan o‘tirib yozaverishi haqida aytishadi. Rosti, havas qilaman ularga. Men ham shunday qilgim keladi, biroq, vaqt bo‘lgan taqdirda ham kunlab, haftalab qog‘ozga yaqinlashmayman. Yaqinlashish qiyin. Ammo bir boshlansa bo‘ldi-ketdi.

Shunaqa.

– Hikoya va qissalaringiz juda yengil o‘qiladi. Sof o‘zbekona, xalqning tilidan olingan iboralar, sokin kinoya o‘quvchini o‘ziga tortib, bir nafasda o‘qib chiqishga majbur qiladi, aqlni zo‘riqtirmaydi. Boshqacha aytganda, tili yengil va yuki og‘ir asarlar. Shunday muvaffaqiyatga erisha olgan adib sifatida bugungi o‘zbek prozasida til masalasiga to‘xtalib o‘tsangiz. 

– E’tirof uchun tashakkur. Tili yengil va yuki og‘ir voqelikning ichiga kirish men uchun og‘ir jarayon. Yozishning o‘zi qiyin emas. Albatta, tajriba, malaka degan tushunchalar bor. Keyin – til. Tili g‘arib inson yozishga qo‘l urmagani ma’qul. Chinakam badiiy tilni o‘rganaman, degan yoshlar Abdulla Qahhor asarlarini, albatta, o‘qishlari shart. Voqealar rivojini boshqarish manevrlarini Qodiriy, Xayriddin Sultonov, Luqmon Bo‘rixon va Shukur Xolmirzayevdan o‘rgansa bo‘ladi. Shuningdek, jonli tilni Erkin A’zam, ma’no qa’riga kirish va kinoyani Murod Mo‘hammad Do‘st, samimiyatni yuzaga chiqarish amaliyotini Tog‘ay Murod qotirib-mixlab qo‘yishgan. Ayollar ruhiyatini Shahodat Isaxonova, Salomat Vafo, Ma’suma Ahmedova, Zulfiya Qurolboy qizichalik musavvirona, real chizib beruvchilarni hali uchratmadim. 

Tahrir degani ilgari alohida ilm edi. Men jurnalga yangi ishga kelganimda qo‘lyozmalar turadigan katta shkafdan Erkin A’zam tahrir qilgan 340 betlik qissani topib, o‘rganish uchun uyga olib ketganman. Ishonasizmi, 340 betli asardan atigi 75 beti qolgan. Qisqartiraverish, aslida muharrir mahoratini belgilamaydi. Muharrir yozuvchi nuqtai nazarini ko‘rimliroq qilib yuzaga chiqarishi lozim. Qissaning o‘z nomi “O‘g‘il” edi, muharrir uni “Zuryod” degan. Yaxshimi? Keyin epigraf kelayapti. Ikki satr. Sa’diy Sheroziyning tun ortidan tong kelishi haqidagi bitigi. Uni forschadan Sh. Shomuhamedov tarjima qilganini bilamiz. Erkin aka ikki satrdan bitta ham so‘zni qoldirmagan. Biroq yangi tahrirdan keyin tarjima naq jaranglab ketgan. Xullas, asarning tegilmagan jumlasi deyarli qolmagan. Uning ustiga Erkin akaning husnixati shu darajada chiroyliki, “A”, “P”, “T” harflari mashinka yozuvidan ham bejirimroq yozilgan, hatto, o‘ylaganmanki, muharrir bu zahmatli mehnat uchun ruchkani ham maxsus tanlagan chog‘i... N. Otaxon, N. Boqiy, M. Mansurov, M. Sa’diy, A. Otaboyev tahrirlarini ko‘rganman. Tahrir qiyin ish, ammo o‘rganilishi zarur. Tahrir, eng avvalo, matnning ichiga kirish va matnni yozuvchidan ko‘ra tiyranroq ko‘rishdir. Tahrir mahorati malaka bilan hosil bo‘ladi. Yoshlar ijodini kuzata turib, shu muharrirlik maktabi yo‘qolib ketmasaydi, deb qo‘rqaman...

– Bugunning ijodkorlari tobora o‘z botiniga qarab odimlayapti, inson ruhiyatining turli tovlanishlarini ifoda etishga qiziqish kuchaygan. Ijtimoiy muammolarga murojaat etayotgan ijodkorlar kam uchrayapti. Bu ijodkor va jamiyat o‘rtasida katta yoriq paydo bo‘lishiga olib kelmayaptimi?

– Sotsialistik realizm asoslaridan biri bo‘lmish tipiklashtirish endi o‘z umrini yashab bo‘ldi, shekilli. Yevropada har bir insonni alohida individ sifatida ko‘rish, uning konsepsiya, nazariyasini ishlab chiqish va nihoyat, badiiy adabiyotga joriy etish ishi amalga oshganiga bir yarim asrdan ko‘p vaqt o‘tdi. O‘zbek she’riyatida siyratga qarab intilish boshlanganiga nari borsa, ellik yil bo‘lgandir. Nasrda ancha kech ro‘y berayapti. Bu ham tabiiy jarayon, albatta. Nasr bir oy, bir yil muddatda o‘zgarib qolmaydi. Uning harakatga kelishi uchun jamiyatning saboqlari, xulosa va hukmlari zarur bo‘ladi. Bu, endi, alohida olib qaraydigan bahsli mavzu. Ammo uning she’riyat, publitsistika singari hozirjavob bo‘lmasligi aniq.

Adabiyotning bir qadam oldinga siljishiga jamiyat kishilarining faol munosabati, fikr bildirishlari ta’sir o‘tkazadi. Hayotda fikrsizlik ro‘y berdimi, demak, oddiy odamlardan na faollik, na vatanparvarlik,  na mehr-oqibatni kutib bo‘ladi. Menimcha, ijtimoiy tarmoqlarda kuzatilayotganidek, jamiyat fikr aytish bobida bir qadar faollashdi. Munosabat bildirilayapti, yaxshini-yaxshi, yomonni-yomon deb baralla ayta olayapmiz. Matbuot ham o‘qtin-o‘qtin ba’zi og‘riqli muammolarni ko‘tarib chiqayapti. 

Chin ijodkor esa mudom har qanday jamiyatga muxolif pozitsiyada turadi. O‘zbek xalqi Amerika jamiyatiday jamiyat qura oladi. Lekin asl iste’dod egasi: “Yo‘q, biz jannat yaratishimiz zarur edi”, deydi. Insoniyat jiddu jahd ila xohlasa, Qur’onda darj etilmish yer yuzining jannatini ham qura oladi, lekin maddohlikni xohlamagan rassom, shoir, yozuvchi: “Qani o‘sha ilohiy jannat?” deydi. Bu moddiyatga to‘ymaslik emas, aksincha, ruhiyat chanqog‘idir.

Ruhiyat nafsini qondirish odamzotning qo‘lidagi ish emas, Ollohning iznidadir. 

Botinga intilish va kashf etishni, balki shunday tushuntirsa bo‘lar...

– Adabiyoti va jamiyat haqidagi bugungi xulosangizni bilmoqchi edim... 

Oqqan daryo oqadi. Mening ham dilkash tasavvurimda o‘zbek adabiyoti boshqalarnikidan pesh, aslo kam emas, degan bir katta haqiqat bor. Buni amalda isbotlashimiz uchun biz til bilmog‘imiz, o‘zga tillarga mohirlik ila tarjima qilmog‘imiz talab etiladi. Ayni vazifani yoshlar uddalashi mumkin, deb o‘ylayman va ularga juda ishongim keladi.

Rahmat!

 

 

OYDINNISO suhbatlashdi.