Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adabiyot – do‘stlikning ramzi
17:56 / 2021-11-27

O‘zbekiston va Ukraina o‘ziga xos tarixiy, ma’rifiy-adabiy aloqalarga ega.

Ma’lumotlarga ko‘ra, olis davrlarda mamlakatimiz hududiga ilk bor qadam qo‘ygan va ikki xalqlar hayotida o‘chmas iz qoldirgan ilk  ukrainaliklardan biri buyuk shoir, iste’dodli rassom Taras Grigorevich Shevchenkodir.  

U 1884-1885 yillarda Orol dengizi, hozirgi Qoraqalpog‘iston Respublikasining tutash yerlari, Amudaryo va Sirdaryoni o‘rganish bo‘yicha birinchilardan bo‘lib ilmiy ekspeditsiyada ishtirok etdi.

Jahon madaniyati xazinasiga beqiyos hissa qo‘shgan o‘zbek shoiri Alisher Navoiyning buyuk asarlari singari ukrainalik Taras Shevchenkoning o‘lmas she’riy ijodi ham insoniyat qalbi va ongida o‘chmas iz qoldirdi. Uning nomi ikki do‘st xalqning madaniyati hamohangligi ramziga, o‘zbek xalqi ma’naviy madaniyatining bir bo‘lagiga aylandi. Toshkentning markaziy ko‘chalaridan biriga Taras Shevchenko nomi berilgani, ukarin ijodkoriga bu yerda haykal o‘rnatilgani xalqlarimiz do‘stligining dalilidir.

Joriy yilning 26-28 noyabr kunlari mamlakatimizda “Slavutich” Respublika ukrain madaniyat markazi tashkil etilganining 20 yilligini nishonlash maqsadida mamlakatimizda millatlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish, O‘zbekiston va Ukraina xalqlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlashga oid yubiley tadbirlari o‘tkazilmoqda.  

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi axborot xizmati ma’lum qilishicha, yubiley dasturi doirasida Toshkentdagi Shevchenko haykali poyiga gul qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi mas’ul xodimlari, “Slavutich” Respublika ukrain madaniyat markazi hamda boshqa madaniyat markazlari rahbarlari va faollari, shahar jamoatchiligi, yoshlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir qatnashchilari ukrain xalqining buyuk vakiliga hurmat bajo keltirdi va O‘zbekiston hukumatiga mamlakatda istiqomat qilayotgan turli millat vakillarining tarixi va xotirasiga ko‘rsatayotgan hurmat va ehtiromi uchun minnatdorchilik bildirdi.

N.Usmonova,

O‘zA