O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” nomli kitoblar ko‘rgazmasi va adabiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
"Bag‘rikenglik haftaligi" doirasida tashkil etilgan mazkur adabiy anjumanda O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan turli millat ijodkorlari, milliy madaniy markazlar vakillari, yozuvchi va shoirlar, yoshlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo turli millat va elat vakillari yagona va ahil oila farzandlaridek yashayotgan O‘zbekistonning millatlararo tarjibasi butun dunyo uchun ibrat va namuna ekanini ta’kidladi.
–O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida millati, diniy e’tiqodidan qat’i nazar, barcha hamyurtlarimizning huquqlari himoyalangani, mamlakat va dunyo millatlarining ahilligi, birodarligi ustuvor ekani qayd etilgan, – dedi Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, atoqli shoir Minhojiddin Mirzo. – Haftalik doirasida turli qiziqarli adabiy anjumanlar, kitoblar ko‘rgazmalari, ijodiy muloqotlar ham bo‘lib o‘tmoqda. Do‘stlik, ahillik va bag‘rikenglik ijodiy-ma’rifiy jamoalar o‘rtasida ham namoyon bo‘lmoqda.
[gallery-26209]
Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Qahramon Sariyev bag‘rikenglik, ahillik g‘oyalarini go‘zal badiiy ijod namunalari, she’rlar, mukammal asarlar, kitoblar vositasida targ‘ib etilayotganini e’tirof etdi.
–Bu kabi haftaliklar, millatlararo do‘stlik bayramlari dunyoning kamdan kam davlatlarida o‘tkaziladi, – dedi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Qahramon Sariyev. – Ana shunday tadbirlar orqali Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning turli millatlar o‘rtasida hamjihatlikni ta’minlash borasidagi ezgu sa’y-harakatlari yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Darhaqiqat, O‘zbekiston – ko‘p millatli mamlakat. Unda 130 dan ortiq millat vakillari istiqomat qiladi. Ularning o‘z urf-odatlari, madaniyati, tilini saqlash va rivojlanishi uchun sharoitlar yaratish davlatimiz olib borayotgan siyosatning muhim jihatlaridan biri. Bugungi kunda O‘zbekistonda 152 ta milliy-madaniy markazlar va 38 ta do‘stlik jamiyatlari faoliyat olib boradi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi saflarida o‘zbek ijodkorlari bilan yonma-yon tojik, qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq va rus tilida ijod qiluvchi yozuvchi, shoir, dramaturg, adabiyotshunoslar bor.
Ma’rifiy anjumanda mamlakatimizda millatidan qat’i nazar, barcha ijodkorlar uchun zarur sharoitlar yaratib berilgani, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, millatlar o‘rtasidagi do‘stlik va ahillikni mustahkamlashda adabiyotning ahamiyati alohida e’tirof etildi.
Tadbir yakunida Respublikada faoliyat yuritayotgan uyg‘ur, turkman, tojik, turk, qirg‘iz, qozoq va ozarbayjon milliy madaniy markazlari tomonidan chop etilgan kitoblar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Nazokat Usmonova, Asliddin Alijonov, O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA