Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adabiyot bo‘yicha “Nobel” Koreyaga ketdi
12:11 / 2024-10-13

Janubiy Koreya yozuvchisi Xan Kang adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotini “tarixiy jarohatlarga qarshi turadigan va inson hayoti nozikligini fosh etuvchi shiddatli she’riy nasri uchun” qo‘lga kiritdi.

Shvetsiya akademiyasi qoshidagi Nobel qo‘mitasi bu yozuvchi ayol 1970 yil mamlakat janubidagi Kvanju shahrida tug‘ilgani, keyinchalik Seulga ko‘chib o‘tib, butun umrini adabiyot, san’at va musiqaga bag‘ishlaganini ta’kidlaydi.

Qo‘mita raisi Anders Olsson shunday deydi:

– U tana va ruh, tirik va jonsiz tana o‘rtasidagi bog‘liqlikni chuqur anglagan holda, o‘ziga xos she’riy uslubi bilan zamonaviy nasrda novatorga aylandi.

Ma’lumki, so‘nggi yillarda adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti masalasida Yevropa va Shimoliy Amerika yozuvchilariga yon bosilishi, ingliz tili qo‘llab-quvvatlanishi ko‘p tanqid qilindi.

2023 yil holatiga ko‘ra, ushbu sovrin ingliz tilida yozuvchi laureatlarga 29, “fransuz”larga 16, nemis tilida muloqot olib boradigan adiblarga 14, ispancha ijod qiladigan mualliflarga 11 marta topshirilgan. Avvalgi laureatlar safida qo‘shiqchi va shoir Bob Dilan, britaniyalik siyosatchi va tarixchi Uinston Cherchill hamda amerikalik yozuvchi Toni Morrison ham bor.

Shuningdek, 1901 yil tashkil etilganidan buyon adabiy g‘oliblar orasida erkaklar yaqqol ustunlik qilgani ham tez-tez e’tiroz keltirib chiqaradi. Ya’ni, hozirgacha e’tirof qilingan 120 omadlining atigi 18 nafari ayol.

Musulmon Ziyo, O‘zA