Prezidentimiz tomonidan har sohada amalga oshirilayotgan islohotlar orasida, ayniqsa, adabiyotga bo‘lgan e’tibori ahamiyatlidir. Uzoq yillar ijara binolarda sarson bo‘lgan yozuvchilar uyushmasi uchun Alisher Navoiy nomidagi milliy bog‘ hududida alohida bino va Adiblar xiyoboni tashkil etildi.
Bugungi kunda xiyobon xalqimizning chin ma’nodagi bebaho mulkiga aylanib bormoqda. Xiyobonda qad rostlagan siymolar hayotini chuqur o‘rganish va keng jamoatchilikka targ‘ib etish respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari zimmasiga yuklatildi. Hozirda Yozuvchilar uyushmasi va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida muntazam hamkorlik o‘rnatildi. Oliy ta’lim muassasalarida shoir va yozuvchilar hayoti hamda ijodini chuqur o‘rganishni samarali tashkil etish, yoshlarni adabiyotga qiziqishini yanada oshirish, ularni kitob o‘qishga targ‘ib etish va shu asosda yoshlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirish maqsadida “Ilhom” mukofoti ta’sis etildi.





Mukofotni shoir va yozuvchilar hayoti hamda ijodini o‘rganish, ularning asarlarini tarjima qilish, shu asosda tadqiqotlar o‘tkazish, kino va sahna asarlari yaratish singari ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-ijodiy jarayonlarda yaxshi natijalarga erishgan oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan hamda faoliyat yuritayotgan yoshlar qo‘lga kiritishlari mumkin. Bulardan ko‘zlangan maqsad adabiyotimizni yanada chuqur o‘rganish, yoshlar ongida xalqimizning boy tarixi, yuksak va oliyjanob tuyg‘ularini shakllanishi ma’naviyatimizning yuksalishida poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Nodira Mahmudjonova,
Toshkent kimyo-texnologiya instituti bitiruvchisi