Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adabiyot ahli nasrda ham faol 
18:22 / 2024-03-05

Yozuvchilar uyushmasida Nasr kengashining 2023-yildagi faoliyati yakuniga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi.

Unda 2023-yildagi ijodiy faoliyat tahliliy ko‘rib chiqildi. Yig‘ilishda e’tirof etilganidek, mamlakatimiz adabiyot vakillari nasr yo‘nalishida ham faol va samarali ijod qilmoqda. 

Uyushma axborot xizmatiga ko‘ra, nasr kengashi tomonidan 2023-yilda qator amaliy ishlar bajarildi. Xususan, Nabi Jaloliddinning “Onasiz tushlar”, Said Anvarning “Aylanma asarlar”, Temurbekning “Teoremadan turkona taronalar”, Xayriddin Sultonning “Boburiynoma”, Ma’suma Ahmedovaning “Billur guldon”, Abduqayum Yo‘ldoshning “Sharaf yo‘li”, Qo‘chqor Norqobilning “Teatrga chipta yo‘q”, O‘ktam Usmonovning “Tanlangan asarlar” kitoblari o‘quvchilarga taqdim etildi. 

O‘tgan davr mobaynida Enaxon Siddiqovaning “Suvlar uxlagan kecha” hikoyalar to‘plami, navoiyshunos Nusrat Jumaxo‘ja ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan maqolalar to‘plami, Vafo Fayzullohning “Sharqdan oqar daryo – Chingiz Aytmatov” nomli adabiy o‘ylar – badialar kitobi, Halima Ahmedovaning “Shudringli parchalar” nomli publitsistik maqolalar, esselar, xotira-novella, hikoyalar, kinossenariy va dramalardan iborat yirik to‘plami, yozuvchi Habib Temirovning “Shumqalam yoxud Amerikaning yopilishi” nomli hajviy qissa va hikoyalar to‘plami, Maqsud Jonixonovning “Devor ortidagi haqiqat” deb nomlangan publitsistik to‘plami kengash tomonidan o‘rganilib, chop etishga tavsiya qilindi. 

[gallery-16232]

Shu bilan birga, ustoz ijodkor Abdusaid Ko‘chimovning “Nayson zuloli” (badialar, suhbatlar, publitsistik maqolalar) nomli kitobi, Tursun Alining “Farg‘onada tong erta otadi” kitobi, Abdulla Ayizovning “Katta bo‘lsam ko‘rasiz” nomli hikoyalar to‘plami, Abdunabi Hamroning “O‘zbeklar” nomli qissalar va hikoyalar majmuasi kengash a’zolari tomonidan ko‘rib chiqilib, nashrga tavsiya etildi. Yozuvchi Shahodat Isaxonovaning “Tanovar” nomli hikoyalar to‘plami muhokama uchun qabul qilindi. Norto‘xta Qilichning “Tanlangan asarlar” to‘plami nashrga tayyorlandi. 

2023-yil ham qissalarga boy yil bo‘ldi. “Sharq yulduzi” va “Yoshlik” jurnallari hamda kitoblarda o‘ndan ziyod qissalar chop etildi. Xususan, Ma’suma Ahmedovaning “Mangu kuy”, Abdujalol Rahimning “Oydin kechalar”, Jasur Kengboyevning “Sinov” kabi qissalarida sevgi-muhabbat motivi yetakchilik qiladi. “Mangu kuy” qissasi samimiyatga to‘liq asar sifatida baholanishga loyiq. Nafaqat asarlarda, balki hayotning o‘zida ham g‘oyat kamyoblashib borayotgan bu tuyg‘u har doim milliy adabiyotimizning ustunlaridan biri bo‘lib kelgani ta’kidlandi. 

O‘tgan yili turli to‘plam va matbuot sahifalarida 200 dan ortiq hikoyalar chop etildi. Turli vaqtlarda yozilgan, ammo 2023-yilda bir yerga jamlanib kitob holida e’lon qilingan hikoyalarning esa nisbatan so‘nggi yillarda yozilganlariga e’tibor qaratildi. 

Chop etilgan 4 ta hikoya va qissalardan iborat kitoblar – xususan, Orziqul Ergashning “Oqar daryo”, Ma’suma Ahmedovaning “Billur guldon”, qoraqalpoq adibi Allanazar Abdiyevning “Burgut cho‘qqi”, Umid Alining “Ikki qutb” to‘plamidan o‘rin olgan hikoyalar adiblarimizning bir necha yillik mehnatlari samarasi sifatida maydonga kelgan. 

Yig‘ilishda kelgusidagi rejalar belgilab olindi. 

Nazokat Usmonova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA