Mulohaza
Metroda ikki yo‘lovchining o‘zaro suhbatidan qulog‘imga chalingan qismi:
— Neujeli?
— Daa, konkretno shunaqa dedi. Nuu lekin man vobshe ishonmadim.
— Hm, to‘g‘ri qilasan, vobshe e’tibor qima!
— Ok!
Ikki o‘zbek qizning bu suhbati e’tiborimni tortgani bejiz emas. Jurnalist sifatida, o‘zbek millatining bir farzandi sifatida o‘zbek tili sofligini asrab-avaylash, til qoidalariga amal qilish, ona tilini e’zozlash masalasi doimiy diqqat-e’tiborimda bo‘lib keladi. Bugun ko‘pgina millatdoshlarimizning kundalik so‘zlashuvi, ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalari va izohlarida turli-tuman ajnabiy so‘zlarning qo‘llanilishi, yana kamiga o‘rinli-o‘rinsiz, tushunib-tushunmay ishlatilishi, o‘zbek tili qoidalariga umuman amal qilmaslik holatlari, ochig‘i, g‘ashimni keltiradi.
Ijtimoiy tarmoqlar rivojlangani sari virtual olamda so‘zlashish, xabarlashish, o‘zaro fikrlashish, axborot va turli kontentlarga izoh qoldirish jarayonlari kengayib bormoqda. Bu holatlarda ko‘pincha o‘zbek tili me’yorlariga deyarli amal qilinmay yozilayotgan izoh va yozishmalar achinarli hol.
Ayniqsa, yosh avlod vakillarining o‘zaro yozishmalarini ko‘rib, juda xafa bo‘lib ketasan, kishi. Eng yomoni, ana shunday yozishmalarga ko‘z o‘rganib qolayotgani, yoshlar orasida bunday holatlar odat tusiga kirib borayotgani ona tilimiz kelajagi uchun xatarli holat.
Tarixi ming yillarga borib taqaladigan, asrlar silsilasida o‘lmay, ajdodlarimiz ilmiy-ma’naviy merosi qatlarida sayqal topib, rivojlanib kelayotgan o‘zbek tilimizning bor go‘zalligini, sofligini saqlash, uni yanada boyitish o‘rniga bu tilni buzib so‘zlash millatimizga, ajdodlarimizga nisbatan haqorat darajasida deb bilaman.
O‘zbek tili qoidalariga amal qilgan holda so‘zlashishimiz qay darajada kitobxon ekanimizni ham o‘zida namoyon qiladi. Ya’ni, kitob o‘qigan, ma’naviyati, ma’rifati yuksak bo‘lgan inson adabiy til qoidalariga ham amal qilishga intiladi. Tilimiz sofligini saqlashga, uning bor go‘zalligiyu tarovatini borligicha namoyon etishga harakat qiladi. Kitobxon, ma’rifatli insonlar ona tilimizga gard yuqtirmaslikka urinadi.
O‘zaro so‘zlashuv va yozishmalarda o‘zbek adabiy tilimizning me’yor va qoidalariga to‘liq amal qilish o‘zbek tilining ravnaqida muhim o‘rin tutadi. Uning boyligini, sofligini saqlash, har bir joyda o‘z o‘rnida qo‘llash, ona tilimizda to‘g‘ri gapirish har bir millatdoshimizning vazifasi va mas’uliyatidir. Zotan, bugun yer yuzida yuzlab tillar o‘lik tilga aylanib, yo‘qolib borayotgan bir paytda ko‘p ming yillik tarixga ega o‘zbek tilimizni bor boyligicha asrab-avaylash, yanada rivojlantirish dolzarb ahamiyatga ega.
Muhtarama Komilova, O‘zA