O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Adabiy tanqid kengashining 2025-yilgi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Adabiy tanqid kengashi – adabiy jarayon rivojida alohida o‘rin tutadi. Chunki adabiy tanqid badiiy ijodning barcha turlari – lirik, epik va dramatik asarlarni tadqiq etadi, yutuq va kamchiliklari yuzasidan tahliliy qarashlarni bildiradi.
2025-yil adabiy tanqid uchun samarali bo‘ldi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Adabiy tanqid kengashi a’zolari reja asosida soha rivojining muhim masalalari, adabiy tanqid oldida turgan dolzarb muammolarga bag‘ishlangan yig‘ilishlar o‘tkazdi.
Kengash a’zolari Yozuvchilar uyushmasiga kelgan o‘nlab asarlar qo‘lyozmalariga taqrizlar yozdi. Viloyatlarda o‘tkazilgan adabiyot kunlarida ishtirok etdi. Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminarida hay’at a’zosi sifatida ishtirok etib, adabiy tanqid sohasiga kirib kelayotgan iste’dodlarning faoliyatiga baho berib, ularga mahorat darslari o‘tdi. Ijod maktablari o‘quvchilariga badiiy ijod sirlaridan saboqlar berdi.
[gallery-27868]
Hisobot yilida zamonaviy adabiy jarayon tahliliga doir 10 dan ortiq kitoblar, 200 dan ziyod maqolalar chop etilgan. Zamonaviy adabiy jarayon tahlilida Qozoqboy Yo‘ldoshev, Suvon Meli, Dilmurod Quronov, Abdulla Ulug‘ov, Nurboy Jabborov, Bahodir Karim, Uzoq Jo‘raqulov kabi olimlarimiz yetakchilik qildi.
Respublikamizdagi adabiy oyna sanalgan “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi”, “O‘zbek tili va adabiyoti”, “Yoshlik” jurnallarida hamda “Jadid” gazetasida nashr etilgan turli janrlardagi (ilmiy maqola, obzor-maqola, suhbat-maqola, adabiy portret xarakteridagi maqola) ilmiy izlanishlar badiiy tafakkur kengliklariga teran nazar tashlayotgan adabiyot ilmi fidoyilarining ko‘z nuri, qalb qo‘ri, intellektual salohiyatini namoyon etgan.
Respublikamizda 2025-yil davomida mumtoz matnlar tadqiqiga bag‘ishlangan 20 ga yaqin monografiya va risolalar, 100 ga yaqin maqolalar chop etildi. Ular orasida monografik planda yaratilgan tadqiqotlar alohida o‘ringa ega.
2025-yilgi davriy nashrlarda birgina navoiyshunoslik masalalari bo‘yicha 50 ga yaqin tahliliy maqola e’lon qilindi. “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi”, “Yoshlik”, “O‘zbek tili va adabiyoti” jurnallarida 60 dan ortiq maqola nashr etilgan.
Ma’ruzachilar adabiy jarayon tahliliga bag‘ishlangan kitoblar va maqolalar yuzsidan tahliliy-tanqidiy fikrlar bildirdi. Muzokaraga chiqqan adabiyotshunos olimlar va ijodkorlar Adabiy tanqid kengashining yil yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishi yuqori saviyada o‘tganini e’tirof etdi. Kelgusi rejalar belgilab olindi.
N.Usmonova, Oʻktam Hayitov (surat), O‘zA