Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adabiy tanqid kengashining faoliyati ko‘rib chiqildi
17:53 / 2024-02-29

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Adabiy tanqid kengashining 2023-yil faoliyat yakunlariga bag‘ishlanggan yillik hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, adabiy tanqid kengashi – adabiy jarayon rivojida alohida o‘rin tutadi. Chunki adabiy tanqid badiiy ijodning barcha turlari – lirik, epik va dramatik asarlarni tadqiq etadi, yutuq va kamchiliklari yuzasidan tahliliy qarashlarni bildiradi. 

2023-yil adabiy tanqid uchun samarali bo‘ldi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Adabiy tanqid kengashi a’zolari reja asosida soha rivojining muhim masalalari, adabiy tanqid oldida turgan dolzarb muammolarga bag‘ishlangan yig‘ilishlar o‘tkazdi. Kengash a’zolari Yozuvchilar uyushmasiga kelgan o‘nlab asarlar qo‘lyozmalariga taqrizlar yozdilar. Viloyatlarda o‘tkazilgan adabiyot kunlarida ishtirok etdilar. Respublika yoshlarining Zomin seminarida hay’at a’zosi sifatida ishtirok etib, adabiy tanqid sohasiga kirib kelayotgan iste’dodlarning faoliyatiga baho berdilar. Ularga mahorat darslari o‘tdilar. Ijod maktablari o‘quvchilariga badiiy ijod sirlaridan saboq berdilar. 

2023-yil yakunlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda filologiya fanlari nomzodi, adabiyotshunos Olim Toshboyevning adabiy jarayonga doir kitoblar bo‘yicha, filologiya fanlari doktori, professor Dilrabo Quvvatovaning davriy nashrlardagi adabiy tanqidga doir maqolalar bo‘yicha, filologiya fanlari doktori, professor Dilnavoz Yusupovaning mumtoz adabiyotga doir kitoblar, filologiya fanlari doktori, professor Zeboxon Qobilovaning davriy nashrlardagi mumtoz adabiyotga doir maqolalar bo‘yicha, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Gulrux Xudoyorovaning Internet nashrlaridagi adabiy tanqidga doir maqolalarga oid ma’ruzalari tinglandi. 

Uyushma axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, zamonaviy adabiy jarayon tahliliga doir 10 dan ortiq kitoblar, 100 dan ziyod maqolalar chop etilgan. Atoqli adib, munaqqid va tarjimon, O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurovning sakkiz jildlik asarlari adabiy hayotimizdagi ulkan hodisa bo‘ldi. Zamonaviy adabiy jarayon tahlilida Qozoqboy Yo‘ldoshev, Suvon Meli, Abdulla Ulug‘ov, Nurboy Jabborov, Bahodir Karim, Uzoq Jo‘raqulov kabi olimlarimiz yetakchilik qildilar. 

Respublikamizdagi adabiy ko‘zgu sanalgan “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi”, “O‘zbek tili va adabiyoti”, “Yoshlik” jurnallarida nashr etilgan turli janrlardagi (ilmiy maqola, obzor-maqola, suhbat-maqola, adabiy portret xarakteridagi maqola) ilmiy izlanishlar badiiy tafakkur kengliklariga teran nazar tashlayotgan adabiyot ilmi fidoyilarining ko‘z nuri, qalb qo‘ri, intellektual salohiyatini namoyon etgan. 

Yurtimizda 2023-yil davomida mumtoz matnlar tadqiqiga bag‘ishlangan 10 dan ortiq monografiya va risolalar, ko‘plab maqolalar chop etildi. Ular orasida monografik planda yaratilgan tadqiqotlar alohida o‘ringa ega. 

Bugungi zamon taqozosi bo‘lgan internet nashrlaridagi maqolalar ham chuqur tahlil etildi. Bu borada avvalgi yillardagiga qaraganda o‘sish kuzatilgani aytildi. Internet adabiyotshunosligini rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi. 

Ma’ruzachilar adabiy jarayon tahliliga bag‘ishlangan kitoblar va maqolalar yuzasidan tahliliy-tanqidiy fikrlar bildirdi. 

N.Usmonova, O‘zA muxbiri