Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adabiy muloqotlar maydoni
14:30 / 2022-05-28

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Do‘rmon bahori” adabiy forumi o‘tkazildi.

“Do‘rmon” ijod uyi bog‘ida bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining rus tilida ijod qiluvchi a’zolari, Toshkent shahri va viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan yosh mualliflar, ijodiy seminarlar qatnashchilari, uyushma tomonidan o‘tkazilgan qator ijodiy tanlovlarning ishtirokchisi bo‘lgan yoshlar qatnashdi. 

Mazkur adabiy anjuman tajribali va yosh yozuvchi hamda ijodkorlarning Respublika Zomin seminariga tayyorlanishi, yoshlar uchun mahorat saboqlarini tashkil etish maqsadida o‘tkazildi. 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ko‘p yillardan buyon rusiyzabon adabiyot ijodiy kengashi faoliyat olib boradi. Ushbu kengash rus tilida ijod qiluvchi shoir va yozuvchilar, adabiyotshunoslar, dramaturglarni o‘z atrofida birlashtirgan. 

– Toshkent adabiy muhiti shundayki, u ijodkor qaysi yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatmasin, o‘zaro do‘stlashishi, fikr va tajriba almashish uchun qulay va yaxshi imkoniyat yaratgan, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Nikolay Ilin. – Mazkur forum ham yozuvchilarning o‘zaro muloqoti uchun ijodiy platformadir. 

O‘zbekiston adabiy muhitida rus tilida ijod qiluvchi ziyolilarning o‘ziga xos o‘rni bo‘lgan. Mixail Sale, Zoya Tumanova, Javdat Ilyosov,  Aleksandr Faynberg kabi so‘z ustalari yaratgan asarlar mamlakatimiz ma’naviyatining xazinasiga hissa bo‘lib qo‘shilgan. 

O‘zbek adabiyotini rus tili orqali xorij mamlakatlarida tanitish ishlariga aynan yurtimizda yashab ijod qilayotgan shoirlar, yozuvchilar va tarjimonlar katta hissa qo‘shganlar. 

– O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi rusiyzabon adabiyot ijodiy kengashi faoliyatiga doimiy e’tibor qaratilmoqda, – dedi shoira Galina Dolgaya. – Ushbu forumning ishi yana jonlangani e’tiborga molik. Uning ishida yoshlar ham faol qatnashayotgani ularning ijodiy faoliyatini charxlashga xizmat qiladi. 

bugungi kunda o‘zbek she’riyati va nasrini rus tiliga mahorat bilan o‘girishda Raim Farhodiy, Yevgeniy Abdullayev, Nikolay Ilin, Bax Ahmedov,  Larisa Yusupova kabi badiiy tarjima ustalarining xizmatlari katta. 

Forum doirasida “Adabiy tanqidning asosiy konsepsiyasi. O‘zbekistondagi adabiy tanqidchilik” mavzusidagi davra suhbati, “Badiiy nasrning o‘ziga xos janr xususiyatlari”, “Tarixiy nasr. Tarixiy fakt va muallif to‘qimasi”, “Nasr va she’riyat tarjimasi”, “She’r va nasrdagi obrazlilik”, “Tarjima bilan ishlash” mavzusida adabiy suhbat va  muloqotlar bo‘lib o‘tdi. 

Tadbir davomida she’riyat, nasr, badiiy tarjima, bolalar adabiyoti yo‘nalishlarida ustozlarning mahorat saboqlari tashkil etildi. Mahorat darslarini Anatoliy Bauer, Raim Farhodiy, Nikolay Ilin, Galina Dolgaya, Aleksey Ustimenko kabi ijodkorlar olib bordi. 

Forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Andrey Slonim rahbarligida “Musiqa va so‘z qanotida. She’rning qo‘shiqqa aylanishi” nomli teatrlashtirilgan dastur namoyish etildi. 

N.Usmonova, O‘zA