Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adabiy hamkorlikning yangi istiqbollari
17:30 / 2023-06-15

Mamlakatimizda milliy adabiyotimizni rivojlantirish, kitob va kitobxonlikka katta e’tibor berilmoqda. Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan bir qator muhim hujjatlar qabul qilingani adabiyot, san’at, ilm-fan, madaniyat ahliga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasidir.

Yaqindagina Turkiyaning Istanbul shahrida 8-xalqaro Istanbul noshirlik kasbiy uchrashuvlari tadbiri va konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston shoiru adiblari hamda yigirmadan ortiq nashriyot va bosmaxona mutaxassislari ishtirok etdi. Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, atoqli shoir G‘ayrat Majid, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari G‘ayrat Bozorov, shoir va tarjimon Muhiddin Omon so‘zga chiqib, mamlakatimizda kitob va kitobxonlikka berilayotgan e’tibor, yangi loyiha va rejalar haqida to‘xtaldi.  

O‘zbekistonda milliy adabiyot rivoji doimiy e’tiborda ekani, ijodkorlar, shu jumladan yosh qalamkashlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning asarlarini chop etishning amaliy mexanizmi yaratilgani, muhtasham "Adiblar xiyoboni" bugun poytaxtning eng so‘lim maskaniga aylangani xalqaro anjuman qatnashchilarida katta qiziqish, hayrat va havas uyg‘otdi.  

Ushbu anjuman tufayli jahonning ko‘plab mamlakatlari noshirlari, yozuvchi va shoirlari hamda ziyolilari Turkiyaning go‘zal va betakror Istanbul shahrida jam bo‘lib, fikr almashishdi, amaliy hamkorliklar yuzasidan rejalar belgilandi.  

Turkiyaning Madaniyat va turizm vazirligi, Matbaa va nashriyot professional uyushmasi, Istanbul shahar hokimligi tashkil etgan mazkur xalqaro tadbir shahardagi qadim tarixga ega Rami kutubxonasida bo‘lib o‘tdi.  

Shu o‘rinda kutubxona haqida ikki og‘iz so‘z. U XVIII asrning o‘rtalarida qurilgan bo‘lib, 200 yildan ko‘proq vaqt harbiylarning istehkomi bo‘lib xizmat qilgan. O‘tgan asrning 70-yillarida bu yer harbiylardan olinib, oziq-ovqat bozoriga aylantiriladi. Xaroba holatga kelib qolgan ushbu majmua 2010 yilda “Istanbul dunyoning madaniyat poytaxti”deb e’lon qilinishi munosabati bilan, Turkiya Prezidentining ko‘rsatmasiga ko‘ra, tarixiy shamoyilini saqlab qolgan holda restavratsiya qilinadi va muhtasham kutubxonaga aylantirildi. Bu yerdagi kutubxona har kuni 24 soat davomida kitobsevarlarga, ayniqsa, yoshlarga xizmat qiladi, 2 milliondan ortiq kitob fondiga ega. Undan foydalanuvchilar uchun 4200 o‘rindiq va 2 milliondan ziyod, 40 tildagi kitoblar bor.  

Kutubxona 36 ming metr kvadrat yopiq maydon hamda 51 ming metr kvadrat yashil maydonga ega. Unda  muntazam ravishda ko‘rgazmalar, seminarlar, suhbatlar va simpoziumlar o‘tkazib turiladi.  

Xalqaro anjumanda ellikdan ortiq mamlakat vakillari qatnashdi. Tadbirning mamlakatimiz uchun ahamiyatli jihati shundaki, unda O‘zbekiston Respublikasi alohida e’tibor qaratilgan davlat sifatida qatnashdi.  

Bugungi globallashuv davri madaniyat, ma’rifat, noshirlik va kitobxonlik yo‘nalishida ham hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro muloqot yaratishni kun tartibiga qo‘ymoqda. Turkiyadagi mazkur xalqaro anjuman natijasi o‘laroq, O‘zbekiston hamda turkiy davlatlar o‘rtasida adabiy-ma’rifiy, noshirlik, kitob targ‘iboti bo‘yicha hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan amaliy rejalar belgilandi.  

N.Usmonova, O‘zA