Shu kunlarda Navoiy shahrida bo‘lib o‘tadigan “Mumtoz she’riyat” festivalida ishtirok etuvchi mehmonlar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga keldi.
Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmasi raisi Nurlanbek Qalibekov, Turkiya Yozarlar birligi raisining o‘rinbosari Muhammet Enes Kala, İLESAM adabiy tashkiloti raisi Mehmet Nuri Parmaksiz, Yevroosiyo Yozarlar birligi raisi Yoqub Umar o‘g‘li va boshqalar uyushma vakillari tomonidan ko‘tarinki ruhda kutib olindi.
– Turkiy davlatlar tarixida ilk bor TURKSOY Yozarlar birligi tashkil etildi, – dedi TURKSOY tashkiloti bosh kotibi Sulton Rayev. – Maqsadimiz adabiyot orqali yozuvchilar, ijodkorlarni, madaniyatni, xalqlarni bir-biriga birlashtirishdir. Keyingi yillarda Turkiy davlatlar kengashi doirasida madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda hamkorliklar jadal rivojlanmoqda. bugungi tashrif va ertangi festivalning o‘tkazilishi va undagi birinchi yig‘ilishimiz buning yaqqol isbotidir.
Qardosh ijodkorlar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tarixi muzeyi, kutubxonasi va Adiblar xiyoboni, Milliy bog‘ bilan yaqindan tanishdi. Uyushma muzeyida o‘zbek adiblarining hayoti va ijodiga oid eksponatlarni ko‘rdi. Kutubxonada esa “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildlik asarlar majmuasi ularda katta taassurot qoldirdi.
– Inson yaxshi kitob o‘qiganda albatta, zavqlanadi, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Qardosh adiblarimiz ushbu muhtasham 100 jildlik asarlar majmuasini ko‘rib, behad quvondi, hayratlandi. Ko‘rkam nashrning O‘zbekistonda chop etilishi ham katta va muhim adabiy jarayondir.
Navoiy viloyatida bo‘lib o‘tadigan TURKSOY Yozarlar birligi yig‘ilishida majmuaning taqdimoti ham bo‘lib o‘tadi va kelgusida qardosh mamlakatlarda ham taqdimoti uyushtirilishi ko‘zda tutilgan.
Aytish joizki, bu kabi uchrashuvlar, anjumanlar kelgusidagi adabiy aloqalari yanada rivojlanishiga zamin yaratadi. Adabiy do‘stlik rishtalari bundan-da mustahkamlanishida, yangidan-yangi asarlar yaratilishida ham ahamiyatlidir.
Mehmonlar shuningdek, Qatag‘on qurbonlari muzeyi bilan yaqindan tanishdi.
O‘zA