English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Adabiy do‘stligimiz bardavom bo‘lsin
22:57 / 2024-06-23

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov bilan uchrashdi.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, ikki qardosh xalqning ko‘p asrlik o‘zaro aloqalari ularning madaniyati, og‘zaki ijodida va adabiyotida o‘z aksini topgan. Sharq xalqlari adabiyotiga buyuk Navoiyning ta’siri nihoyatda katta. Qozoq xalqi Navoiyni yaxshi biladi. Navoiy ijodi Abayda katta taassurot uyg‘otgan. U qozoq adabiyotining Sharq, shu jumladan, o‘zbek adabiyoti bilan aloqalari kengayishida katta o‘rin tutdi.

XIX asrning ikkinchi yarmidan ma’rifatparvarlik g‘oyalari keng tarqaldi. Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Avaz O‘tar, Abay Qo‘nanboyev, Ibray Altinsarinlar ijodida bu g‘oyalar o‘zining chuqur ifodasini topdi.

Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, o‘zbek mualliflari asarlarini qozoq tiliga yozma tarjima qilish o‘tgan asrning 30 yillarida boshlandi. Asosan kichik hikoyalar va poetik asarlar tarjima qilingan. Qizig‘i shundaki, qozoq tilidagi adabiyotlar Toshkentda chop etilgan. Bular Abdulla Qahhor hikoyalari (Ishak o‘g‘li Daniyal tarjimasi, 1934) va G‘ayratiyning «Davr amri» (1935) povesti edi. Keyinroq Olmaotada Hamid Olimjonning «Gullagan o‘lka», Amin Umariyning «Istak» she’rlari bosilib chiqdi (1940).

O‘z navbatida, qozoq tiliga o‘zbek klassik she’riyati durdonalari – Navoiy asarlari, Oybek, Sharof Rashidov, Asqad Muxtor romanlari, Abdulla Qahhor asarlari, Uyg‘un, Zulfiya, Mirtemir she’rlari tarjima qilindi. Ayniqsa, she’rlarning ko‘p tarjima qilingani diqqatga sazovor.    

Samimiy, do‘stona va iliq ruhda o‘tgan uchrashuvda ikki qardosh xalq adabiy aloqalarini tobora rivojlantirish va mustahkamlashning yangi istiqbollari atroflicha muhokama etildi.  

N.Usmonova, O‘zA