Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
ACTED yozgi oromgohi ko‘ngilli yoshlar uchun o‘z faoliyatini boshladi
12:21 / 2023-08-21

Mamlakatimizda ijtimoiy ahamiyatga molik masalalar, aynan, gender masalalari bilan shug‘ullanuvchi yosh ko‘ngillilar tarmog‘i mavjud.

ACTED xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan tashkillashtirilgan, AQSH Davlat Departamentining Inson huquqlari, demokratiya va mehnat byurosi tomonidan moliyalashtirilgan “Aholining ijtimoiy zaif qatlamlarining mehnat huquqlarini mustahkamlash va ish bilan ta’minlash hamda transformativ iqtisodiy islohotlarni rag‘batlantirish uchun fuqarolik jamiyati salohiyatini oshirish” loyihasi doirasida mazkur yosh ko‘ngillilar tarmog‘i uchun yozgi oromgoh tashkil etildi.  

19-29 avgust kunlari Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Semurg‘” oromgohida 60 nafar yosh ko‘ngillilar seminar-treninglarda, mashg‘ulotlarda ishtirok etadi. Ularga mehnat kodeksi, aholining zaif qatlamlari duch keladigan bandlik muammolari haqida bilimlar beriladi. Notiqlik mahoratini rivojlantirishga qaratilgan mashqlar o‘tkaziladi, interaktiv o‘yinlar tashkil etiladi.  

Shuningdek, Senat, yetakchi xotin-qizlar fuqarolik jamiyati tashkilotlari, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi vakillarining ma’ruzalari tinglanadi.   

– ACTED yozgi oromgohi ko‘ngilli yoshlarning salohiyatini mustahkamlaydi va ularga davlat idoralarida, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlarda gender masalalari bo‘yicha koordinator sifatida faoliyat yuritish imkoniyatini beradi, – deydi O‘zbekiston volontyorlari assotsiatsiyasi raisi Shirin Obidova. – Shuningdek, ularning kelgusidagi o‘zaro hamkorligi va koordinatsiya platformasini yaratadi.  

Buxoro davlat universiteti filologiya fakulteti talabasi Sevinch Berdiyorova ham gender masalalarini o‘qitishga qaratilgan mazkur oromgohda volontyor sifatida ishtirok etmoqda.  

– Bu yerda bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish bilan birga, mazmunli hordiq olishimiz uchun ham barcha shart-sharoitlar yaratilgan, – deydi S.Berdiyorova. – Sog‘lom turmush tarzi, tizimlashtirilgan darslar, do‘stona muhit...    

Darvoqe, 1993 yilda asos solingan, shtab-kvartirasi Fransiyaning Parij shahrida joylashgan  ACTED xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti dunyoning 40 ta mamlakatida o‘z vakolatxonalariga ega.  O‘zbekistonda  esa 1999 yildan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Tashkilotning asosiy maqsadi –  insonlarga o‘z orzularini ro‘yobga chiqarishlariga imkoniyat yaratish, muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash va inson qadrini himoya qilish, gumanitar yordam ko‘rsatishdir.  

Mohigul Qosimova, O‘zA