Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Act In Space xalqaro xakatoni: kosmik innovatsiyalar yo‘lidagi muhim qadam
19:31 / 2026-01-30

Bugun kosmik soha faqat ilmiy tadqiqotlar bilan cheklanib qolmasdan, innovatsiya, texnologiya va taraqqiyotning strategik yo‘nalishiga aylanib bormoqda. Kosmik texnologiyalar iqtisodiyot, ekologiya, qishloq xo‘jaligi, xavfsizlik hamda raqamli transformatsiya kabi ko‘plab sohalarda amaliy yechim sifatida qo‘llanilmoqda.

Toshkent axborot texnologiyalari universitetida tashkil etilgan Act In Space xalqaro xakatonining O‘zbekiston bosqichi mamlakatimiz yoshlarining kosmik texnologiyalar sohasidagi salohiyatini namoyon etish, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim tashabbus bo‘ldi.

Tadbir Fransiya kosmik agentligi (CNES), “O‘zbekkosmos” agentligi va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti o‘rtasidagi hamkorlik doirasida o‘tkazilmoqda. Bu O‘zbekistonning xalqaro kosmik loyihalarda faol ishtirok etishga tayyor ekani hamda sohada istiqbolli tashabbuslarga intilayotganini ko‘rsatadi.

Act In Space — kosmik texnologiyalar, sun’iy yo‘ldoshlar, aerokosmik muammolar va innovatsion yechimlarga bag‘ishlangan xalqaro xakaton bo‘lib, uning asosiy maqsadi yoshlar orasida innovatsion fikrlashni rivojlantirish, startap g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash va iqtidorli talabalarni amaliy loyihalarga jalb etishdan iborat.

[gallery-27392]

Xakatonda mamlakatimizning turli hududlaridan 100 nafar iqtidorli talaba ishtirok etmoqda. Ishtirokchilar professional mentorlar ko‘magida real kosmik muammolar asosida jamoaviy ish olib borib, qisqa muddat ichida innovatsion yechimlar ishlab chiqmoqda.

— Toshkentda ilk bor o‘tkazilayotgan Act In Space xalqaro xakatoni O‘zbekistonning global kosmik hamjamiyatga faol qo‘shilayotganining yaqqol dalilidir, - deydi “O‘zbekkosmos” agentligi direktori o‘rinbosari Muhiddin Ibrohimov. — Ushbu loyiha orqali kosmik texnologiyalar ilmiy doiradan chiqib, real hayot muammolarini hal etishga xizmat qilmoqda. Xakaton yoshlarimizga sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari, kosmik monitoring va ilg‘or texnologiyalar asosida innovatsion yechimlar yaratish imkonini beradi.

Musobaqa yakuniga ko‘ra, ikkinchi va uchinchi o‘rinni egallagan jamoalar “O‘zbekkosmos” agentligida stajirovka o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Birinchi o‘rin sohiblari esa Fransiyaning Bordo shahrida bo‘lib o‘tadigan xalqaro Act In Space xakatonida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.

G‘olib jamoalar nomi 31 yanvar kuni e’lon qilinadi.

Mazkur tadbir kosmik texnologiyalar sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, yoshlarning ilmiy-texnik ijodkorligini rivojlantirish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.

Kamola YUSUPOVA, Oybek PARDAEV (surat), O‘zA