Korrupsiya omillarini bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga qaramay, afsuski, davlat xaridlari sohasi korrupsiya omillari yuqori bo‘lgan tizimlardan biriligicha qolmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi 6 yilda 791 nafar shaxs davlat xaridlaridagi noqonuniy xatti-harakatlari bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxonov aytib o‘tdi. Majlisda O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruza ko‘rib chiqilmoqda.

– Ushbu sohada ma’muriy javobgarlik holati ham oshib bormoqda. Masalan, 2022 yilda 662 ta, 2023 yilda 1 ming 376 ta, 2024 yilda 1 ming 334, joriy yilning 6 oyida esa 658 ta ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etilgan.
Qonunbuzilish holatlarining asosiy qismini xaridlar to‘g‘risidagi qonunchilikka zid ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish, qimmat narxlarda qabul qilish, tanlov va tender o‘tkazish tartiblarini buzish, xaridlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni portalga kiritmaslik, xarid turini noto‘g‘ri tanlash, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yish kabi holatlar tashkil etmoqda, — dedi agentlik direktori.
Vaholanki, korrupsiyaning oldini olish borasida davlat xaridlari maxsus axborot portalida tovar (ish, xizmat)larning narxlarini jamoatchilik uchun shaffofligi ta’minlandi. Davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha masofaviy monitoring qilish tartibi, davlat xaridlarida yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritishning ma’muriy reglamenti, davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikka mas’ul xodimlarini o‘qitishga mo‘ljallangan “E-learning” ta’lim platforma (data.anticorruption.uz) ishga tushirilgan. Shuningdek, davlat xaridlari raqobatli tarzda amalga oshirilishi natijasida 2024 yilda 13,8 trillion so‘m mablag‘ iqtisod qilingani aytib o‘tildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA