Qashqadaryo viloyatidagi muqaddas qadamjolardan biri – Abu Ubayda ibn al-Jarroh yodgorlik majmuasi Qarshi shahrining Jayxun ko‘chasida joylashgan.
584 yilda Makka shahrida tavallud topgan Abu Ubayda ibn al-Jarroh islom dinini birinchilaridan bo‘lib qabul qilgan, payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning eng buyuk sahobalaridan bo‘lgan. Muhammad (s.a.v.) topshirig‘i bilan Abu Ubayda islom dinini targ‘ib qilish maqsadida avval Habashistonga, so‘ngra esa Rasulullohning o‘zi bilan Madinaga hijrat qilgan. Shuningdek, uning fidoyiligi va salohiyatiga qattiq ishongan Muhammad (s.a.v.) uni sariya (harbiy guruh)larga amir (boshchi) sifatida hamda maxsus topshiriqlar bilan boshqa joylarga ham jo‘natar edi.
Abu Ubayda ibn al-Jarroh 639 yili vabo kasaliga uchrab Iordaniyaning Biyson shahrida 55 yoshda vafot etgan. Uning maqbarasi Iordaniya poytaxti Ammondan 65 kilometr uzoqlikda, Ag‘vor mintaqasida joylashgan.
Sharq mamlakatlari tarixi, islom dini, payg‘ambarlar tarixini yaxshi bilgan sohibqiron bobomiz Amir Temur 1401 yili hozirgi Suriya, Iordaniya, Livan, Falastin yerlarini o‘z ichiga olgan Shom diyorini zabt etganida Abu Ubayda ibn al-Jarroh maqbarasini ziyorat qiladi. Maqbaradan u kishining hoklaridan olib, Qarshi vohasiga keltiradi va ushbu ramziy maqbarani barpo qiladi.
[gallery-19746]
Abu Ubayda ibn al-Jarroh yodgorlik majmuasini kelgusi avlodlar uchun talab darajasida saqlash va undan foydalanish maqsadida 2012 yilda majmua qayta ta’mirlanib, hududda keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Ikki yarim gektarga kengaytirilgan majmuada darvozaxona, tahoratxona, ma’muriy bino, hujralar, sag‘analar, minora, quduq, maqbara, 2 ta hovuz, 2 ta katta ayvon, oshxona, omborxona, yozgi dam olish ayvoni kabi ko‘plab yangi ob’ektlar barpo qilindi. Yurtdoshlarimiz va xorijiy mehmonlar uchun barcha sharoitlar yaratildi. Hozirgi kunda majmuaga har oyda ikki-uch mingga yaqin sayyoh tashrif buyurmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/30DvliuhnaQ" title="Abu Ubayda ibn al-Jarroh yodgorlik majmuasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Jamshid NORQOBILOV (surat, video), O‘zA