O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida buyuk qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligiga bag‘ishlangan “Abu Rayhon Beruniy siymosi yosh musavvirlar nigohida” nomli tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazma-tanlov o‘zining noyob asarlari hamda olamshumul kashfiyotlari bilan jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy dahosi, ilmiy-ma’rifiy merosini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilishda faol ishtirok etayotgan yoshlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.
Ko‘rgazma-tanlovda ishtirokchilarning 180 dan ortiq ijodiy ishlari namoyish qilindi.
Tanlov “Beruniyning kamolot yo‘li”, “Beruniy – kitobga oshno qalb sohibi”, “Beruniyning ilmiy tafakkuri”, “Beruniyning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasi” hamda “Buyuk ajdodlarga munosib avlod bo‘lamiz” kabi mavzularda o‘tkazildi.
Tanlovda qatnashgan ijodiy ishlar hakamlar tomonidan quyidagi mezonlar asosida baholandi. Jumladan, mazmundorlik, ranglar mutanosibligi, mavzuning ishlangan asarga mosligi va ijodiy ishdagi texnika mahorati kabilarga ahamiyat berildi.
Tanlov so‘ngida g‘oliblar aniqlandi. Unga ko‘ra, 1-o‘rin Qashqadaryo viloyatidan Aziz Mamutov, 2 va 3-o‘rinlar Toshkent shahridan Abdumannop Abduvaliyev hamda Sabiha Isomovalarga nasib qildi.
G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA