Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO — O‘zbekiston xalqaro mukofotining ilk sovrindorlari aniqlandi
22:09 / 2025-11-06

Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO — O‘zbekiston xalqaro mukofotini topshirish marosimi o‘tkazildi.

Jahon tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniyning ilmiy-ma’rifiy merosini xalqaro darajada chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish, sun’iy idrok sohasida odob-axloq, inklyuzivlik va madaniy xilma-xillikni rag‘batlantirish maqsadida  O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur mukofot bu yil ilk bor taqdim etilmoqda.

[gallery-26119]

Marosimda so‘zga chiqqan YUNESKO Bosh direktori Odri Azule,  O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi rahbari Gayane Umerova mazkur mukofot ulug‘ alloma va olim Abu Rayhon Beruniyning munosib izdoshlari, ilm-fan sohasi vakillarini rag‘batlantirish va sun’iy intellektning axloqiy rivojlanishi va foydalanilishini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladilar.

– Men avvalo, ushbu mukofotni ta’sis etishda tashabbuskor bo‘lgan O‘zbekiston hukumatiga va Prezident Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorligimni izhor etaman, – dedi Odri Azule. – Buyuk o‘zbek olimi, dunyo ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan Abu Rayhon Beruniy nomi bilan atalgan mukofot men YUNESKO Bosh direktori sifatida topshirayotgan eng so‘nggi mukofot hisoblanadi va ayni chog‘da uni ilk bor topshirayotganimdan ham faxrlanaman. Biz sun’iy intellekt, zamonaviy texnologiyalar hayotimizga chuqur kirib kelayotgan bir davrda uning axloqiy tomonlariga ham alohida e’tibor qaratishimiz zarur va bu mukofot ushbu yo‘nalishda ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan, fanda yangilik yaratgan olimlarni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Beruniy mukofoti sun’iy idrok etikasi bo‘yicha amalga oshirilgan eng yaxshi uchta ilmiy tadqiqot uchun har ikki yilda taqdim etiladi.

Tantanali marosimda Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO — O‘zbekiston xalqaro mukofotiga sazovor bo‘lgan olimlar nomi e’lon qilindi.

Birinchi Beruniy mukofoti Braziliyaning Minas Gerais federal universiteti (UFMG) kompyuter texnologiyalari bo‘yicha faxriy professori Virgilio Augusto Fernandes de Almeidaga berildi. U sun’iy intellektga axloqiy, inklyuziv va insonga yo‘naltirilgan yondashuvlarni ilgari surishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun ushbu mukofot bilan taqdirlandi.

Uning tadqiqotlari sun’iy intellekt, algoritmlar, etika va boshqaruvni birlashtiradi, algoritmik tizimlarning demokratiyaga qanday ta’sir qilishini va tengsizlikni chuqurlashtirishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarni keltirib chiqarishini o‘rganadi. Uning "Raqamli dunyoda boshqaruv" (2020) va "Algoritmik institutsionalizm: ijtimoiy va siyosiy hayotning o‘zgaruvchan qoidalari" (2023) kitoblari axloqiy tamoyillarga asoslangan algoritmlarni demokratlashtirishni himoya qiladi va raqamli boshqaruvni kengroq ijtimoiy o‘zgarishlar bilan bog‘laydi.

Beruniy nomidagi ikkinchi mukofot inson huquqlari bo‘yicha mutaxassis professor Syuzan Perri va informatika bo‘yicha mutaxassis Klaudiya Rodaga berildi. Ular yoshlarga yo‘naltirilgan va oldindan ko‘ra oladigan sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha tadqiqotlari, ta’lim va ijtimoiy integratsiyani birlashtirgan innovatsion ishlari uchun birgalikda ushbu mukofotga sazovor bo‘lishdi.

Bu olimalar 2012 yildan buyon raqamli texnologiyalarni inson huquqlari nuqtai nazaridan o‘rganish uchun hamkorlikda ilmiy tadqiqot olib borishadi. Ularning hamkorlikdagi tadqiqotlari maxfiylik va ma’lumotlarni himoya qilish, kuzatuv, ta’lim, raqamli kommunikatsiyalar va media savodxonligi hamda sun’iy intellektning axloqiy rivojlanishi, undan foydalanish kabi muhim masalalarni qamrab oladi. Syuzan Perri va Klaudiya Rodaga Parijdagi Amerika universitetida sun’iy intellekt va inson huquqlari bo‘yicha YUNESKO kafedrasini ham boshqaradi.

Uchinchi Beruniy mukofoti Xitoyning Sinxua universiteti qoshidagi xalqaro sun’iy intellektni boshqarish instituti (olim – Lan Syue, Chjen Lyan va Syan Syao)ga berildi. Mazkur institut akademik mukammallikni siyosiy ta’sir bilan uyg‘unlashtirgan holda sun’iy intellekt bo‘yicha axloqiy tadqiqotlarni rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun mukofotga loyiq ko‘rildi.

2020 yilda tashkil etilgan Xalqaro sun’iy intellektni boshqarish instituti (I-AIIG) sun’iy intellektning axloqiy va boshqaruv jihatlari bo‘yicha Xitoydagi akademik tadqiqotlar va siyosiy muloqot uchun yetakchi markaz hisoblanadi. Professor Lan Syue boshchiligidagi institut sun’iy intellektni milliy va xalqaro darajada boshqarish uchun turli fanlar bo‘yicha mutaxassislarni tadqiqotlarga jalb etadi va muhim masalalarni o‘rganadi.

Uchala sovrindorlarga ham 30 ming AQSH dollaridan pul mukofoti, Beruniy medali va sertifikatlar topshirildi.

Marosimdan so‘ng Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO — O‘zbekiston xalqaro mukofotining ilk sovrindorlari ishtirokida sun’iy intellektda axloqiy qarashlar bo‘yicha davra suhbati o‘tkazildi.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat),

 O‘zA muxbirlari