Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro kimyo olimpiadasi boshlandi
14:36 / 2025-05-29

Shu kunlarda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi hamda Fan olimpiadalari markazi tomonidan Toshkent shahrida Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro kimyo olimpiadasi o‘tkazilayapti.

Poytaxtimizda mazkur olimpiadaning tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 30 sentyabrdagi “Iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 26 apreldagi tegishli  farmoyishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 28 may-4 iyun kunlari Toshkent shahrida ikkinchi marotaba Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro kimyo olimpiadasi o‘tkazilmoqda.  

Xalqaro olimpiadani o‘tkazishdan asosiy maqsad buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, iqtidorli o‘quvchilarning xorijiy mamlakatlardagi tengdoshlari bilan do‘stona raqobat qilish muhitini yaratish, ularning kimyo fanini chuqur o‘rganishga qiziqishlarini yanada oshirishdan iborat.  

 [gallery-23645]

Mazkur olimpiadada dunyoning 13 mamlakati — Saudiya Arabistoni, Turkiya, Ozarbayjon, Mongoliya, Belarus, Vetnam, Rossiya, Gruziya, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston davlatlaridan kelgan hamda O‘zbekiston vakillaridan iborat, jami 115 nafar (28 ta jamoa) o‘quvchi-yoshlar ishtirok etadi.  

Aytish kerakki, Ikkinchi Renessans nomini olgan o‘rta asrlar Sharq mamlakatlari taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan olim Abu Rayhon Beruniyga bo‘lgan qiziqish bugun ham butun dunyo miqyosida g‘oyat ulkan.  

973 yilda Xorazm vohasi hududida — hozirgi O‘zbekistonning Kat shahri (hozirgi Beruniy tumani)da tavallud topgan Abu Rayhon Beruniyning astronomiya, geografiya, kimyo va matematika fanlari rivojida xizmatlari beqiyos. Hatto “Kitob al-Jamohir fi Ma’rifat al-Javohir” asarida moddalar tuzilishi, ularning o‘zaro ta’siri, og‘irlik va zichlikni o‘lchash bo‘yicha ilg‘or g‘oyalar bildirgan.  

Shu ma’noda o‘zbek yoshlarining dunyo ilm-fan cho‘qqilarini zabt etishi hamda xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida Abu Rayhon Beruniy kabi buyuk allomolarning o‘rni beqiyos ekanligini bugun har bir yosh avlod vakili yurakdan his qilmoqda.  

Davlatimiz rahbarining tegishli qarori asosida tashkil etilayotgan mazkur olimpiada uchun tayyorlangan sinov topshiriqlarini shakllantirishda xalqaro olimpiada standartlariga alohida e’tibor berilgan.  

Xalqaro olimpiadaning yuqori saviyada o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida hakamlar hay’ati tarkibiga Turkiya, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Belarus va Buyuk Britaniya  kabi xorijiy mamlakatlardan xalqaro olimpiadalar sohasida ko‘p yillik tajriba va yuqori salohiyatga ega ekspert mutaxassislar, shuningdek, O‘zbekistondan akademik unvonga ega professorlar jalb etildi.  

Olimpiada 2 turda: 1-tur yozma ish (nazariy) shaklida,  2-tur amaliy (laboratoriya) ish shaklida o‘tkaziladi.  

Olimpiada doirasida o‘quvchi-yoshlar uchun xalqaro mutaxassislar ishtirokida bir qator mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar va mehmonlar uchun Toshkent va Samarqand shaharlarining tarixiy va madaniy ob’ektlariga sayohatlar uyushtirilib, yoshlar yurtimizning madaniy va ma’rifiy merosi bilan yaqindan tanishtiriladi.  

Mazkur olimpiada kimyo fani bo‘yicha joriy yilning iyul oyida  o‘tkaziladigan Xalqaro kimyo olimpiadasiga navbatdagi tayyorgarlik bosqichi bo‘lib xizmat qiladi.  

Shuni ham aytish kerakki, 2022  yilda yurtimiz o‘quvchilari xalqaro fan olimpiadalarida 46 ta, 2023 yilda 91 ta, 2024 yilda esa 128 ta medalni qo‘lga kiritgan. E’tiborlisi, joriy 2025 yil may oyiga qadar jami 132 ta medalga sazovor bo‘lgani bu sohadagi sa’y-harakatlarning yuksak samarasidir. 

N.Usmonova,  

Alimurod Mamadaminov(suratlar),

O‘zA muxbiri