English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Abu Lays Samarqandiyning «Bahr al-ulum» asari mohiyati, o‘gitlarini yoshlarimiz qalbiga singdirsak...
12:52 / 2022-10-21

Qadimdan Samarqand shahri o‘zining buyuk allomalari bilan jahonga dong taratgan. Shunday ulamolardan biri Abu Lays kunyasi bilan tanilgan Nasr ibn Muhammad ibn Ibrohim Xattob Samarqandiy Tusiy Balhiy, ba’zi rivoyatlarda Nasr ibn Muhammad ibn Ahmad (Muhammad) ibn Ibrohim Samarqandiy.

 Abu Lays Samarqandiy (301-393h) «Imomul huda», «Al-Faqih» nomlari bilan mashhur bo‘lgan. Hayoti davomida tafsir, fiqh, hadis, aqida, qiroat va usul ad-din kabi fanlarga doir ko‘plab asarlar yaratgan.   

Imom Abu Lays Samarqandiyning «Bahr al-ulum» - «Ilmlar ummoni» deb nomlagan tafsiri «At‑tafsir bil-ma’sur» toifasidandir. Bu asar Xuroson va Movarounnahrda shu yo‘lda yaratilgan ilk asar, tafsir ilmining asosi sifatida baholanadi. Allomaning tafsiri ilmiy jihatdan nihoyatda mukammal yaratilgan.  

Asar quyidagi jihatlari:  

1. Har bir suraning qayerda, qanday holda nozil bo‘lganligi;  

2. Oyati karimalarning mashhur mufassirlar qanday sharhlagani;  

3. Oyatlarning nozil bo‘lish sabablari, ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aniq, sodda, ravon qilib bayon etilganligi;  

4. Oyatlarni tafsir qilishda fiqhiy, aqidaviy hukmlarni keltirilganligi bilan e’tiborga loyiq. Shu bilan birga, oyatlarni o‘qilishida qiroatxonlarning yutuq va kamchiliklari ham tahlil qilingan.  

Muhammad Husayn az-Zahabiy «at-Tafsir val-mufassirun» asarida Samarqandiyning «Bahr al-ulum» tafsiri haqida shunday deb yozadi: «Bu tafsirni ko‘p marotaba o‘qib chiqdim, muallif bir bobida salaf ulamolaridan rivoyat qilgan holda kishilarni tafsir ilmini o‘rganishga chaqirishini va uning fazilatini bayon qilishini ko‘rdim. So‘ng arab tilini hamda oyatlarning nozil bo‘lish sabablarini yaxshi bilmagan holda oyatlarni tafsir qilish mumkin emasligini bayon qilgan. U tafsirga bo‘lgan hurmatni nafaqat o‘z fikri bilan, balki salaf ulamolarining so‘zlari bilan ham asoslaydi. Agar biror kishi arab tilini va oyati karimalarning nozil bo‘lish sabablarini yaxshi bilmasa, tafsirni o‘rgansin, yod olishga harakat qilsin, oyatlar haqida ma’lumot berishni xohlasa, biror olimdan hikoya tarzida gapirib berishi mumkindir», deb ta’kidlaydi.  

Bizga ma’lumki, tafsirdagi so‘zlar xususida lug‘at ilmi olimlarining fikrlari ham o‘rin olgan. Sharhni mukammallashtirish maqsadida Payg‘ambar hadislaridan, arab shoirlarining asarlaridan iqtiboslar berilgan, sahoba va tobe’inlardan ko‘plab rivoyatlar keltirgan. Shu sababli "Bahr al-ulum» tafsiri islom olamida, xususan, hanafiya mazhabida mashhur bo‘ldi. O‘quvchiga oson bo‘lishi uchun asarda keltirilgan hadislarning sanadlari zikr qilinmagan.  

O‘z zamonining olimlari Abu Lays Samarqandiyni tafsirshunoslikning asoschisi, deya e’tirof etdi. Undan keyin ko‘plab mufassirlar Qur’oni karimga sharhlar bitdi. Ularga Abu Lays Samarqandiyning tafsiri asosiy manba bo‘lib xizmat qildi. Shu sababli zamondoshlari unga «Imomul-xuda» — «To‘g‘ri yo‘l imomi» degan yuksak nom berdilar.  

Samarqandiyning tafsiri ko‘pchilik mufassirlarning asarlari orasidan yana shu jihati bilan alohida ajralib turadiki, unda aniq manbalarga asoslangan, qiroat turlariga e’tibor qaratilgan, arab tilidagi so‘zlarning ma’nolari tushuntirilgan. Mazkur tafsirdagi o‘ziga xos xususiyatlardan yana biri, bu – Qur’oni karimda tarbiyaviy jihatining yoritilishga alohida ahamiyat qaratilgan.  

Isro surasining 23-oyatida “Robbing faqat Uning o‘ziga ibodat qilishingizni va ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalikka yetsa, ularga «uff» dema, ularga ozor berma va ularga yaxshi so‘z ayt!”  

Ushbu “ota-onaga yaxshilik qilish" oyati karimaning sharhida mehribonlik bilan ularga itoat qilish,«ularga «uff» dema, ularga ozor berma va ularga yaxshi so‘z ayt» oyatidagi «uff» so‘zi bir necha ma’noda keladi. Bir ma’nosi ota-onaga yomon so‘zlarni aytish, ularni haqoratlash behurmat qilish ma’nosida bo‘lsa, boshqa ma’nosi ularning oldida "uff" deyish «Bolam og‘ir holatga tushib qolibdi-da», deb ozor chekishidir.  

Alloma ota-onaga yaxshilik qilish, ularga hech bir ozorni ravo ko‘rmaslik, ularga faqat yaxshi so‘z aytish farzand uchun ham farz, ham qarz ekanligini ta’kidlaydi. Shu boisdan ham yoshlar tarbiyasida diniy, milliy va umuminsoniy qadriyatlarning qaror topishida ham tafsir ilmining o‘rni beqiyos hisoblanadi  

Mufassir salaf ulamolarining sahoba va tobi’inlarning so‘zlaridan keltirib tafsir qiladi. Lekin u kim rivoyat qilganini zikr etmaydi. Kamdan-kam hollarda sanad (rivoyat qiluvchi)larni aytib o‘tadi. Ma’lum hollarda qiroatlarga ham e’tiroz bildiradi, ba’zan tilga ham murojaat qilib turadi. Abu Lays Samarqandiy arab, fors, turkiy tillar qatorida ibroniy tilni ham mukammal bilgan. O‘sha davrda Samarqandda 30 ming yahudiy istiqomat qilgan. Alloma ibroniy tilda yozilgan tavrotni bemalol o‘qirdi. Qur’ondagi bir oyat boshqa bir oyatni tushuntirib beradigan bo‘lsa, Qur’onni Qur’on bilan sharhlaydi. Isroil qissalaridan ham rivoyatlari uchrab turadi. Ko‘pincha ba’zilar unday dedi, ba’zilari bunday dedi, deb ham zikr etadi. Ba’zi qiyin joylarda o‘quvchiga savol berib, so‘ng unga o‘zi javob beradi. Qur’onda ixtilof va qarama-qarshilik bor, deb o‘ylayotgan kishilarga e’tiroz bildirib, ularning shubhalarini bartaraf etadi. Kitob juda nodir ma’lumotlarni jamlagan. Unda mufassir naql bo‘yicha tafsir va aql bo‘yicha tafsirni bir joyda jamlab, naqliy jihatni aqliy jihatdan ustun qo‘ygan. Shuning uchun bu tafsirni manbalarga asoslangan (ma’sur) tafsir deb hisoblaymiz.  

Allomaning «Bahr al-ulum» tafsirining bir nechta nusxalari mavjud. Ikki nusxasi Misr Arab Respublikasi kutubxonalarida, bir nusxasi Edinburg kutubxonasida saqlanmoqda. Uch jildlik ushbu asar Misr Arab Respublikasining «al-Azhar» universiteti doktorlari Muhammad Muavvaz, Ahmad Abdulmavjud va Abdulmajid an-Nutiylar tomonidan o‘rganilib, 1993 yil Bayrutda nashr etilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida 2824 raqamli tafsirning to‘liq nushasi hamda 3294/IX raqami ostida 3 varaqdan iborat bo‘lgan parchasi mavjud. Umumiy hisobda tafsirning 77 nushasi hozirgi davrgacha yetib kelgan.  

Xulosa qilib aytganda, Abu Lays Samarqandiyning «Bahr al-ulum» asarining mazmun-mohiyatini, o‘gitlarini yoshlarimizning qalbiga singdira olsak, yoshlarda bag‘rikenglik ongi, tafakkuri va xulq odobini chiroyli shakllantirsak, bugungi kunda ularning tarbiyasiga, salomatligi va ma’naviyatiga salbiy ta’sir o‘tkazayotgan diniy aqidaparastlik, giyohvandlik, boqimandalik va ommaviy madaniyat kabi illatlardan himoya qilishimiz oson bo‘ladi.  

Shundagina g‘arazli maqsadlarni ko‘zlab yurgan kuchlar ularni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘ita olmaydi.  

A.Abdullayev, Toshkent islom instituti «Tafizul-Qur’on» kafedrasi katta o‘qituvchisi