Mustaqillik yillarida sho‘ro davrida bir muddat unutgan ko‘plab ulug‘ ajdodlarimizni yaqindan tanidik. Mamlakatimizda Imom Buxoriy, Hakim Termiziy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband va boshqalarning tavallud to‘ylari xalqaro miqyosda nishonlandi.
Ammo hali hayoti va ijodi o‘rganilmagan, xalqqa to‘la yetkazilmagan buyuk allomalarimiz ‒ yana qancha!
Shulardan biri ‒ Abu Hafs Kabir Buxoriy.
Uning muborak nomini muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yilning 2 sentyabrida Toshkent shahrida Islom taraqqiyot banki boshqaruvchilar kengashining to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazilgan, 57 mamlakatdan vazirlar va rasmiy shaxslar, shuningdek, mamlakatimiz vazirlik va idoralari mutasaddilari, ishbilarmon doira vakillari qatnashgan 46-yillik yig‘ilishidagi nutqida faxr bilan tilga oldi.
“Asrlar davomida O‘zbekiston zamini musulmon olamining buyuk va noyob madaniyati, ilm-fani va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining markazlaridan biri bo‘lganidan sizlar, albatta, xabardorsiz. Qadimiy O‘zbekiston, ya’ni Movarounnahr diyori islom dunyosining yuksak madaniyati va sivilizatsiyasi rivojiga unutilmas hissa qo‘shgan alloma va mutafakkirlar yurtidir. Buxorolik buyuk ulamo ‒ Imom Ahmad ibn Hafs Kabir Buxoriy va uning butun dunyoga tanilgan shogirdlari Imom al-Buxoriy va Imom Termiziy asarlarining islom falsafasi ilmiy-nazariy asoslarini yaratishdagi ahamiyati beqiyosdir”, ‒ dedi davlatimiz rahbari.
Bu esa jamoatchilik diqqatini hazrati imomimiz ‒ Imom Abu Hafs Kabir Buxoriy hayoti va faoliyatiga qaratdi. Ko‘p o‘tmay “Adolat” gazetasining shu yilgi 10 sentyabr sonida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, tarix fanlari doktori, professor Bahrom Abduhalimovning “Abu Hafs Kabir Buxoriy kim bo‘lgan?” sarlavhali maqolasi bosildi. Unda olimning hayoti va faoliyati qisqa satrlarda yoritilgan.
Islomda mazhab o‘ta muhim masala hisoblanadi. Biz ‒ Markaziy Osiyo musulmonlari Abu Hanifa Imom A’zam asoslagan hanafiya mazhabidamiz. Jahon musulmonlarining 47 foizi ‒ shu mazhabda. Bu e’tiqod yo‘lini yurtimizga aynan Abu Hafs Kabir Buxoriy olib kelgan. U Bag‘dodda Abu Hanifaning shogirdi Imom Muhammaddan hanafiylik mazhabi fiqhini o‘zlashtiradi. Yurtga qaytib, shuning targ‘ibi bilan shug‘ullanadi.
Eng muhimi, Imom Buxoriy, Imom Termiziydek buyuk muhaddislarga ustozlik qiladi.
Mustaqillik yillarida Buxoro viloyati hokimligi va hozirda Buxoro viloyati nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi, 1996–2011 yillarda Buxoro viloyati hokimi Samoyiddin Husenov tashabbusi bilan Abu Hafs Kabir Buxoriy mangu makon tutgan majmua obod qilindi. Majmua darvozaxonasi, xuddi Ismoil Somoniy maqbarasiga o‘xshab ketadigan maqbara, yangi masjid, o‘z o‘rnida Buxoroning qadimiy Haqroh (Abu Hafs Kabir) darvozasi qurildi. Shu tariqa bu yer mamlakatimizning muqaddas ziyoratgohlaridan biriga aylandi.
Imom Abu Hafs Ahmad ibn Hafs Kabir Buxoriy milodiy 768 yili Buxoroda tug‘ilib, 832 yili ona shahrida vafot etgan. Bu ulug‘ zot islom olamiga Abu Hafs Kabir Buxoriy nomi bilan tanilgan fiqhshunos va faylasuf, ilohiyotshunos, buyuk muhaddis, benazir avliyo, ulamolar sultoni va sardaftari Imom Buxoriyning zamondoshi va ustozi.
Buxorodan uzoq islom shaharlari, xususan, o‘sha davrda islomiy ilm va madaniyat poytaxti hisoblanmish Bag‘dodga borib, hanafiy mazhabining asoschisi, ilohiyotchi, faqih, muhaddis Abu Hanifaning taniqli shogirdi Imom Muhammad ibn Hasan ash-Shayboniyga shogird tushgan. Qaytganida uni buxoroliklar bayram qilib kutib olib, ommaga xizmat qilishini so‘raganlar, masjidni bezab, o‘rin tayyorlashgan, toki Iroqdan olib kelgan ilm va ma’rifatga bo‘lgan chanqoqlarini qondirsinlar.
Imom A’zamning nevara shogirdlari Abu Hafs Kabir islom huquqshunosligi asoslarini yaratgan yirik olim bo‘lgan. Narshaxiyning yozishicha, uning sharofati bilan Buxoro “Qubbat ul-islom” – “Islom dinining gumbazi” unvonini olgan. Abu Hafsning o‘ziga “Kabir Buxoriy” – “Buxoriylarning kattasi” va “Imomi hojatbaror” – “Hojatlarni chiqaruvchi imom”, “Hazrati imom” degan unvonlar berilgan. Abu Hafs Kabirning “Fatovoyi Abu Hafs” (Abu Hafsning fatvolari) islom olamida ma’lum va mashhur bo‘lib, barcha faqihlar hazratning fatvolariga suyanib ish yuritgan.
Avliyo va ulamolar tarixiga doir qaysi bir kitobni varaqlamaylik, albatta ularda Abu Hafs Kabir va bu ulug‘ zotning farzandi, ta’limoti davomchisi Abu Hafs Sag‘ir to‘g‘risidagi ma’lumotlar qayd qilinadi. Buxoro ulamolari haqida gap borganda, albatta dastlab Abu Hafs Kabirning muborak nomlari tilga olinadi.
Sharq ayolining madaniy-ma’rifiy sohadagi g‘ayratiga ham tarixdan ko‘plab misollar topish mumkin. Jumladan, buyuk faqih Abu Hafs al-Kabir al-Buxoriyning ayoli unga o‘z maslahatlari bilan ko‘mak berar edi. Bunday dono o‘gitlardan hayratda qolgan buyuk imom bir kuni ayoliga shunday degan ekan: “Ya ayyatuha al-mar’a, ramayti bisahmin nofiz” (Ey ayol, teshib o‘tadigan yoy otding). Ya’ni ayollari ham fiqh va hadis ilmida o‘z zamonasining yaktosi bo‘lganligidan kishilar biror masala so‘rab kelsalar kamondan o‘q qanday tez otilib chiqqaniday hozirjavob bo‘lganlar.
Abu Hafs Kabir Buxorodagi Darvozai Nav qarshisidagi tepalikda dafn etilgan. Buxoroliklar u joyni muqaddas sanab, “Haqrah” (“Haq yo‘l”) va “Tali Xoja Imom Abu Hafs” (“Xoja Imom Abu Hafs tepaligi”) deb ataganlar.
Abu Hafs Kabir Buxoriy Buxorodan Bag‘dodga borib, Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniyga shogird tushganlar. Muhammad ibn Hasan Shayboniy Abu Hanifaning yo‘lidan borib shariat huquq normalarini nazariy tomondan asoslab tizimga soladi, qiyosni tatbiq qiladi. Ya’ni Qur’on va Sunnada bo‘lmagan masala qiyosda taqqoslash yo‘li bilan hal qilingan.
Alloma islom huquqshunosligida istihson (bir narsani yaxshi deb hisoblash) tamoyilini ishlab chiqdi. Mahalliy huquq normalarini huquqshunoslikka tatbiq qilishning nazariy asoslarini rivojlantirdi. Shariat huquqshunosligi tizimini yaratishda Qur’oni karim va islomda musulmonlar uchun ibrat hisoblangan Hadisi sharifni asos qilib oladi.
Abu Hafs Kabir Qur’onning huquqiy normalarini hayot bilan bog‘ladi. Bu davrda Arab xalifaligi hududida turli xalqlar yashar edi. O‘z o‘zidan ma’lumki, ularni bir xil qonun o‘lchovda saqlash ya’ni hamma joyda yagona qonun joriy qilish mumkin emas edi. Turli sinf ijtimoiy guruhlarning vakillari hadislar to‘qib, ularda o‘z manfaatlarini ifodalashga urinar edi.
Shuning uchun Abu Hafs Kabir Abu Hanifa yo‘lidan borib, mahalliy sharoitga mos keladigan umumiy shariat normalarini ishlab chiqadi. X asr tarixchisi Muhammad Narshaxiyning “Buxoro tarixi” kitobida Imom Abu Hafs Kabir o‘z davrining faqihlaridan biridir, zohid va ham olim bo‘lgan, deyiladi. Abu Hafs Kabir va o‘g‘illari Abu Hafs Sag‘ir tashabbuslari bilan Buxoro va umuman Movarounnahrda hanafiya mazhabi ta’limotiga asoslangan mahalliy islom huquqshunosligi maktabiga asos solingan.
Sunniylik yo‘nalishiga mansub bo‘lgan, imom Abu Hanifa tomonidan asos solingan hanafiy mazhabi qonunlari nisbatan yumshoq va mo‘’tadilligi, xalqlarning milliy an’analari, urf-odatlarini e’tiborga olgani sababli dunyoda keng tarqalgan. Diyorimiz musulmonlari ham 14 asr mobaynida hanafiylik mazhabiga e’tiqod qilib kelmoqda.
Abu Hafs Kabir Movarounnahrda nafaqat fiqh ilmining, balki Buxoro kalom (islom falsafasi, ilohiyotshunoslik) maktabining ham asoschisidir. U zotning Buxoroda, qolaversa Movarounnahrda islom olamidagi salohiyati va nufuzi beqiyosdir. Abu Hafs Kabir Buxoroda bir necha masjid va madrasalar qurib, tolibi ilmlarga fiqh, hadis, tasavvuf, aqida ilmlaridan dars o‘tib, odamlarda paydo bo‘lgan turli savollar va masalalarning javoblarini aytib berar edi.
Abu Hafs Kabir hanafiy mazhabi ta’limotlarini birinchi bo‘lib Movarounnahrga olib keldi. Uning qo‘l ostida ko‘pgina faqihlar va olimlar yetishib chiqdi. Tarixchilarning ta’kidlashicha, Buxoroda ilmning tarqalishi, imom va ulamolarning hurmat topishiga sababchi bo‘lgan kishi Abu Hafs Kabir bo‘lgan. Abdulkarim as-Sam’oniyning aytishicha, Abu Hafs ko‘pgina faqihlarni tarbiyalab, kamolga yetkazgan.
Abu Hafs Kabir hanafiy mazhabi fiqhining Movarounnahrda tarqalishida jonbozlik ko‘rsatgan bo‘lsa, uning oilasi, xususan, o‘g‘li Faqih Abu Abdulloh Muhammad ibn Abu Hafsning ham bu borada xizmati buyuk bo‘lgan. Shuning uchun ham uni Abu Hafs Sag‘ir, ya’ni kichik Abu Hafs deb atashgan.
Abu Hafs Kabirning shuhrati Buxoroga, qolaversa, butun islom olamiga tarqaladi. Hatto, arab diyori olimlari biror masalaning javobini topishga qiynalib qolishsa, Buxoroga Abu Hafs Kabirning oldiga bir kishini yuborib, o‘sha masalaning yechimini bilib olishar ekan. Abu Hafs Kabirning sharofatlaridan Buxoroda fiqh shu darajada rivojlanadiki, Buxoro faqihlari islom olamining asosiy shahri Bag‘dod faqihlaridan ustun bo‘lganlar. Narshaxiyning ta’kidlashicha, odamlar Bag‘doddan qaytgan paytlarida Imom Abu Hafs al-Kabir al-Buxoriydan biror masalani so‘rash uchun ham kelardilar. Imom Abu Hafs al-Kabir ulardan ajablanib so‘rardi: “Nima uchun Iroq olimlaridan so‘ramadingiz?” Unga javoban: “Ulardan so‘radik, lekin ular javob berolmadilar, Iroq olimlari “Buxoroga borib, Imom Abu Hafs al-Kabir yo o‘g‘illari Abu Hafs as-Sag‘irdan so‘ranglar, deb aytishdi”. Abu Hafs Kabir boshliq Buxoro faqihlari fiqhni chuqur biladigan va kuchli xotirali deb tavsiflanganlar.
O‘sha davr ulamolari uning ilmu fazlini baholab, uni “Muallimi islom”, ya’ni islom dinining muallimi, uning sharofati bilan Buxoroni “Qubbat ul-islom”, ya’ni islom dini gumbazi va u kishi yashaydigan mahalla darvozasini “Haq roh”, ya’ni haq yo‘l deb atashgan.
Abu Hafs Kabirning sharofatidan sunniy aqidaning hanafiya mazhabi tez orada butun O‘rta Osiyo, qolaversa Movarounnahru Xurosonga yoyila boshladi. Aholining asosiy qismi bu mazhabga moyil edi. Buxoroda hanafiy mazhabi allomalarining ko‘pi paydo bo‘ldi, ularning boshida Abu Hanifaning o‘zining shogirdi Muhammad ibn Hasan ash-Shayboniyning shogirdi – Abu Hafs al-Kabir al-Buxoriy laqabini olgan Imom Ahmad ibn Hafs al-Kabir al-Buxoriy turardi. Abu Hafsning minglab talabalari bor edi. Horis ibn Abul Vafo al-Buxoriy va o‘g‘illari Muhammad ibn Ahmad ibn Hafs az-Zibarqonlar ham shular jumlasidandir. Abu Hafs Kabir shogirdlarining dunyo tan olgan birgina yagona shogirdini eslash kifoya. Bu muhaddislar sultoni – Imom al-Buxoriydir.
Alloh taolo Imom Buxoriyga o‘tkir zakovat, kuchli yod olish va barcha ishlarni yaxshilab qilish qobiliyatini bergan edi. Ushbu ilohiy ne’matlarning alomatlari u kishini kichiklik chog‘laridanoq ko‘zga tashlana boshlagan edi. O‘n bir yoshlik bola bo‘la turib o‘z ustozlari Ad-Doxiliyning xatolarini tuzatishlari bunga dalildir.
Otasining darsxonasida Abu Hafs Ahmad ibn Hafsdan Sufyonning “Jome’” kitobini tinglar edi. Abu Hafs al-Kabir bir harfda xato qilgan edi, u qaytardi. Ikkinchi marta xato qilgan edi, yana qaytardi. Uchinchi marta xato qilgan edi, yana qaytardi. U bir muddat sukut saqlab turdi-da:
“Bu kim?” dedi.
“Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Bardizba”, deyishdi.
“Buning aytgani to‘g‘ri ekan. Eslab qolinglar! Albatta, u bir kuni buyuk Odam bo‘ladi”, dedi Abu Hafs.
Abu Hafs Kabirning sharofatidan islom dini ta’limotining ravnaq topishi va targ‘ibotining kengayishi bois ko‘p o‘tmay, Buxoro shahri markazga aylandi. Abu Hafs Kabir madrasasidan juda ko‘p yetuk fiqhshunos olimlar, qozilar, avliyolar, zohid imomlar yetishib chiqdi. Shu boisdan IX asrdan boshlab Бuхоро “Qubbat ul-islom” (“Islom gumbazi”) nomi bilan shuhrat topadi.
IX–XII asrlar Sharq uyg‘onish davri va O‘rta Osiyoda ilmu fan, ayniqsa fiqh ilmining rivoji uchun oltin davr hisoblanadi. IX asrda Abu Hanifaning mumtoz shogirdi Muhammad ibn Hasan Shayboniydan Iroq yo‘nalishi bo‘yicha fiqh ilmini o‘rgangan buxorolik faqih – Abu Hafs Kabir o‘z vataniga qaytib, Buxoroni fiqh ilmi markaziga aylantirdi va ko‘p sonli shogirdlar tarbiyalab, kamolga yetkazdi.
Fiqh ilmi o‘sha asrda o‘zining rivojlanish pallasiga kirgan edi. Mazkur ilmni to‘la egallamay turib, diniy masalalarda hukm chiqarish mumkin emas edi. Shu davrga kelib kalom ilmi (teologiya) ham nihoyatda rivojlangan edi. Movarounnahrda juda katta kalomchilik maktabi yaratilib, uning asoschisi Abu Hafs Kabir Buxoriy hisoblanar edi.
Mazkur zot to‘g‘risida tarixiy kitoblarda ham, turli diniy tasavvufiy manqabaviy asarlarda ham juda ko‘plab ma’lumotlar uchraydi. Abu Hafs Kabir Buxoriyning ilmiy salohiyati to‘g‘risidagi mashhur bir rivoyatda aytilishicha, arab xalifaligining vassali bo‘lgan Buxoro shahriga xalifalikning bosh vaziri tashrif buyuradi. Vazir kelganda kun qorayib kech kirgan ekan. Buxoro shahri darvozalari berkitilgan bo‘lib tonggacha shaharga zog‘ ham kirishi man etilgan. Vazir darvozabondan darvozani ochishni talab qiladi.
Darvozabon bunga rozi bo‘lmagach, u o‘zining xalifalikning bosh vaziri ekanligini aytadi. Shunda darvozabon islom dinining tirgagi hisoblangan yurtdan kelgan mehmonga shunday deydi: “Men senga bir savol beraman, agar sen haqiqatdan xalifalikning vaziri bo‘lsang, mazkur savolga javob bera olsang, so‘ng men darvozani ochaman”, deydi va shunday savol beradi: “Kamoli iymon nadur?” Vazir javob bera olmaydi.
Tong otib vazir kelganligi ma’lum bo‘ladi va arkoni davlat uni kutish uchun dabdaba bilan darvoza oldiga keladi. Shunda vazir darvozabonni chaqirtirib undan bergan savolning javobini so‘raydi. Shunda darvozabon “Kamoli iymon sabrdir” deganda vazir buni kimdan o‘rganganligini so‘raydi. Darvozabon faxr bilan “Shayximiz Abu Hafs Kabirdan” deya javob beradi. Va vazir Somoniy podshoh bilan Abu Hafs Kabir huzuriga borgan ekan.
Abu Hafs Kabir nafaqat fiqhshunos, hadisshunos, ilohiyotshunos olim, balki u xalqparvar homiy ham bo‘lgan. Uning xalqqa shafqati shunchalik bo‘lganki, bir yili Buxoroda qimmatchilik paytida u bir xarvor bug‘doyni 100 dinorga sotib olib, 90 dinorga sotgan ekan. Oxiri hazratning karomatidan bir xarvor bug‘doy narxi 10 dinorga tushibdi. Insonlarga manfaat yetishi uchun u o‘z xazinasini ham sarf etibdi.
Hazrati Imom Abu Hafs bir xonaqoh bino etmoqchi bo‘ldilar va buning uchun 80 ming dinor vaqf etishni niyat qildilar. Biroq istixora va mashvarat aylab aytdilarki, men mutavalliyning vaqf shartlariga xilof ish tutishidan qo‘rqaman. Qiyomatda esa uning azobga tushishini xohlamayman. Alqissa, xonaqoh qurilishining barcha sarf-xarajatiga teng bo‘lgan 80 ming dinor qimmatdagi yer va mulkni faqirlar, g‘arib va tolibi ilmlar, ulamoga sadaqa sifatida bo‘lib berdilar.
Tarixchilar islom madaniyati tarixidagi birinchi tizimli madrasa h.459 /m.1066 yili saljuqiy vazir Nizom ul-Mulk barpo etgan Bag‘dodda bo‘lgan deyishadi. Ammo manbalarda Bag‘dod madrasasidan taxminan bir asr avvalroq Buxoroda tizimli madrasalar bo‘lganligini manbalar isbotlaydi.
U Abu Hafs Kabir madrasasidir. Buxorodagi eng qadimiy oliy o‘quv yurti, 800-810 yillar atrofida asos solingan. Ilmiy faoliyatiga hozir 1220 – 1210 yil to‘ldi. Unda mashhur imom Buxoriy hazratlari ham ta’lim olgan. IX – X asrlarda ko‘plab yirik taniqli olimlar shu ilm dargohida o‘qigan. Madrasa bilan bog‘liq ayrim tarixiy yodgorliklar saqlanib qolgan. Ayrimlari ta’mirlangan. Sho‘rolar inqilobiga qadar dars o‘tilgan.
Kalobod (Gulobod) madrasasi. Bu madrasa ham yuqoridagi madrasaning tengdoshidir. Unda ham Imom Buxoriy va ko‘pgina mashhur tarixiy shaxslar ta’lim olgan. 1980 yillarda binosi saqlanib turgan. IX asr boshida (800 – 810 y.) qurilgan. «Arslonxon», «Xon madrasasi» nomlari bilan ham shuhrat qozongan. Sho‘rolar inqilobiga qadar dars o‘tilgan.
G‘aribiya madrasasi. XX asr boshlarigacha ham Buxoro olimlari «Kalobod qadimiymi yo G‘aribiya» deb bahs yuritib kelishgan. Shu kabi ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur oliy o‘quv yurti ham IX asr boshida taxminan, 800 – 810 yillarda qurilgan. Sho‘rolar inqilobiga qadar dars o‘tilgan.
Forjak madrasasi. U to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumot Narshaxiyga tegishlidir. U ham taxminan, IX asrda Samarqand darvozadan chiqiladigan yo‘lda qurilgan. Buxoroning eng qadimiy madrasalaridan biri edi. Milodiy 937 yili may-iyun oyida yonib vayron bo‘lgan. Keyinchalik madrasa qayta ta’mirlanadi. XIII asrda unda mudarris Mas’ud Imomzoda dars o‘tgan. Binosi saqlanmagan.
Islomning uzoq mintaqalaridagi tolibi ilmlar bu madrasada ta’lim olishni orzu qilgan. Mazkur madrasada Abu Hafs Kabir, o‘g‘li Abu Hafs Sag‘ir (Abu Abdulloh), nevaralari Abdulloh ibn Muhammad fiqh, hadis, kalom, tasavvuf kabi ilmlardan saboq berishgan. Manbalarda Imom Abu Hafs Kabir Buxoriy bomdod namozidan keyin odamlarga dars bergan deb qayd etiladi. Abu Hafs Kabirning ayollari ham yirik fiqhshunos olima bo‘lib, ayollarga saboq berganlar. Alloma ba’zi masalalarda qiynalgan paytlari ularni hal qilishga ayollari ko‘maklashgan.
Manbalarda yozilishicha, X asrning taniqli qozisi Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Ali ibn Shohivayh Buxoroga borib “Abu Hafs al-Kabir” madrasasida ta’lim olgan. Ya’ni madrasa bu sanadan oldinroq ham bo‘lgan. Narshaxiy “Kular Tekin madrasasi”ni zikr etadi. Kular Tekin xurosonlik Muqanna inqilobchisi sarkardalaridan biridir. Bu taxminan h.163/m.779 yili bo‘lgan. Bu bizni VIII asr o‘rtalarida Buxoroda masjiddan mustaqil tizimli madrasalar bo‘lgan, degan fikrga olib keladi. “Ravzat ul-jannot” (“Jannat bog‘lari”) kitobi muallifi Al-Xavonsoriyning quyidagi gapi fikrimiz dalilidir: “Birinchi qurilgan madrasa Buxoroda bo‘lgan”. Shuningdek, bu fikrni islom madrasalari tarixini o‘rgangan iroqlik professor Nojiy Ma’ruf ham bir necha kitobida ma’qullaydi.
Madrasalar nafaqat ilmiy muassasa, balki uzoq o‘lkalardan keladigan olim talabalar uchun maskan ham bo‘lgan. Imom Abu Hafs al-Kabir al-Buxoriyning madrasasi islom olamining turli o‘lkalaridagi olimlar va tolibi ilmlarning orzu qilgan madrasasi bo‘lgan. Bu madrasalarning Buxorodagi odamlar va unga qo‘shni davlatlar orasida islomni yoyishda hissasi beqiyos bo‘lgan.
Yuqorida bayon etilganlardan shu narsa ayonki, VIII–XI asrlarda Buxoroda ilm-ma’rifat gullab yashnagan. Ana shu muqaddas zaminda bunyod bo‘lgan ilm, madaniyat va ma’naviyat gulshanida bir-biridan ulug‘vor daholarning kamol topgani, fan olamining ulkan chinorlari osmon qadar yuksalgani tasodifiy hol emas, balki tabiiy bir jarayon hosilasi ekanidan dalolat beradi.
Abu Hafs Kabir – Imom Hojatbarorning Buxoroda tug‘ilib, islom olamiga shu zamindan tanilgani, uning ibratli hayoti, boy diniy va ma’naviy merosi ham bu tarixiy jarayondan istisno emas.
2022 yili Abu Hafs Kabir Buxoriyning vafotiga 1190, 2023 yili esa tavalludiga 1255 yil to‘ladi.
Taklifimiz shundan iboratki, yo ana shu tavalludi, yo vafoti sanasini xalqaro miqyosda keng nishonlash ‒ lozim.
Shunday qilinsa, avvalo, o‘zimizda, qolaversa, jahon miqyosida ulug‘ alloma hayoti va faoliyatini keng va chuqur o‘rganish, merosini to‘plash va nashr qilish, uning islom sivilizatsiyasi ravnaqiga qo‘shgan munosib hissasini har tomonlama ko‘rsatish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Agar shu sanani nishonlash to‘g‘risida tegishli qonunosti hujjati qabul qilinsa, davlat granti asosida ilmiy ekspeditsiya uyushtirib, allomaning jahon kitob xazinalarida saqlanayotgan asarlarini topib kelish, o‘rganish va nashr etish imkoni yuzaga keladi ham.
Bugun buyuklarimiz bilan faxrlanishimizning o‘zi yetarli emas. Ularning merosini o‘zlashtirib, hayotimizga joriy etishimiz ‒ zarur. Islom olamida turli-turli g‘oyaparastliklar ko‘payib, hatto, zalolatga boshlovchi har xil oqimlar paydo bo‘lgan bugungi murakkab mafkuraviy vaziyatda Abu Hafs Kabir Buxoriy ta’limoti bizni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi ‒ tayin.
Sultonmurod OLIM,
filologiya fanlari nomzodi, “Naqshbandiya” jurnali bosh muharriri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.
Komiljon RAHIMOV,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, “Naqshbandiya” jurnali tahrir hay’ati a’zosi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi.