Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Abu Hafs Kabir Buxoriy kim bo‘lgan?
17:12 / 2021-09-22

Toshkent shahrida Islom taraqqiyot banki boshqaruvchilar kengashining 46 yillik yig‘ilishida kengashga a’zo 57 mamlakatdan vazirlar va rasmiy shaxslar, shuningdek, mamlakatimiz vazirliklari va idoralari mutasaddilari, ishbilarmon doira vakillari qatnashdi. Ta’kidlash joizki, ushbu sammit pandemiya boshlanganidan buyon xalqaro miqyosda to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazilgan birinchi yirik tadbir hisoblanadi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mehmonlarni qutlab, mamlakatimizning mazkur bank bilan hamkorligi, istiqboldagi muhim masalalar haqida nutq so‘zladi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston zamini asrlar davomida islom olamining buyuk va noyob madaniyati, ilm-fani va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti markazlaridan biri bo‘lganini ta’kidladi.

— Asrlar davomida O‘zbekiston zamini musulmon olamining buyuk va noyob madaniyati, ilm-fani va ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining markazlaridan biri bo‘lganidan sizlar albatta xabardorsiz. Qadimiy O‘zbekiston, ya’ni Movarounnahr diyori islom dunyosining yuksak madaniyati va sivilizatsiyasi rivojiga unutilmas hissa qo‘shgan alloma va mutafakkirlar yurtidir. Buxorolik buyuk ulamo — Imom Ahmad ibn Hafs Kabir Buxoriy va uning butun dunyoga tanilgan shogirdlari, Imom al-Buxoriy va Imom Termiziy asarlarining islom falsafasi ilmiy-nazariy asoslarini yaratishdagi ahamiyati beqiyosdir, — dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz tilga olgan Abu Hafs Kabir Buxoriy kim bo‘lgan?

Uning to‘liq ismi sharifi — Ahmad ibn Hafs ibn Zaburqon ibn Abdulloh al-Kabir al-Buxoriy. 768 yili Buxoroda tug‘ilib, 832 yili vafot etgan. U o‘z yurtida egallashi mumkin bo‘lgan barcha ilmlarni puxta o‘zlashtirgach, Bag‘dod sari yo‘l oladi. U yerda Abu Hanifaning shogirdi Imom Muhammaddan hanafiylik mazhabi fiqhini o‘zlashtirgach, yana o‘z yurtiga qaytib keladi. Shu bois, u hanafiylik ta’limotini birinchi bo‘lib Movarounnahrga olib kelgan shaxs sifatida ma’lum va mashhurdir.

Abu Hafs Kabir Buxoriy nafaqat Buxoro, balki Movarounnahr fiqh maktabiga asos soldi. Abu Hafs Kabir Buxoriy Buxoroda ilmiy va diniy bilimlar rivojiga katta hissa qo‘shgan madrasaga asos soladi. Bu madrasa o‘z zamonasida mashhur o‘quv dargohlaridan sanalgan. Tarixchi Herman Vamberi «Tarixi Buxoro», as-Sadatiy «Tarix ad-duval» asarlarida Imom Abu Hafs Kabir Buxoriyning madrasasi islom olamining turli o‘lkalaridagi olimlar va talabalar orzu qilgan eng yaxshi bilim maskani bo‘lganini ta’kidlagan.

Buyuk muhaddis, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy bu allomaning shogirdi bo‘lgan. Buxoroning aksar olimlari Abu Hafsdan tahsil olgan. Imom Buxoriy yoshligida Abu Hafs Kabir huzurida ta’lim olgan.

Imom Buxoriyni hadislarning sahihini to‘plashga undagan alloma ham Abu Hafs Kabirdir. Abu Hafs Kabirning ustozlaridan biri — Abu Hasan Nuriy sahih hadislarni to‘plashga kirishgan, lekin oxiriga yetkaza olmagan. Shundan so‘ng ustozining vasiyati bilan Abu Hafs Kabir ham saxix hadislarni jamlaydi, lekin alloma Buxoroga kelgan davrda fiqhga ko‘proq e’tibor beradi. Niyatiga yetmagani sababli qobiliyatli shogirdi Imom Buxoriyga shu ishni oxiriga yetkazishni buyuradi.

Manbalarda qayd etilishicha, Abu Hafs Kabir Buxoriy Imom Buxoriyga dars berib, uning hadis o‘rganishga muhabbatini bilgach, shogirdini duo qilib, «Kelajakda bu kishidan ulug‘ muhaddis chiqadi!» deb karomat etgan.

Abu Hafs Kabirning shuhrati Buxoroga, qolaversa, butun islom olamiga tarqaldi. Olimlar uning ilmi fazlini baholab, Abu Hafs Kabirni «Muallimi islom», ya’ni «Islom dinining muallimi», uning sharofati bilan Buxoroni «Qubbat ul-islom» (Islom dinining gumbazi) va olim yashaydigan mahalla darvozasini «Haqroh» (Haqyo‘l) deb atagan.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi islom ta’limotiga asoslangan bir necha madaniyatlar sintezi va O‘zbekiston xalqining islom davridagi yangi ishlanmalaridan tarkib topgan hodisa sifatida islom tamaddunining o‘ziga xos shaklini — insonparvarlik, tinchlikparvarlik, taraqqiyparvarlik, ma’rifatparvarlik, diniy va etnik bag‘rikenglik xususiyatlarini o‘zida mujassam etgan sivilizatsiyani jahonga taqdim etdi. Islom dinining bugungi O‘zbekiston zaminida qaror topgan shakli o‘zining taraqqiyparvarlik va bag‘rikenglik tamoyillari bilan ajralib turgani sababli ushbu zaminda yuksak iqtisodiy, madaniy va ilmiy taraqqiyot yuz berdi.

Ushbu sivilizatsiyaning vujudga kelishida Abu Hafs Kabir Buxoriyning xizmatlari beqiyos.

 

Bahrom ABDUHALIMOV,

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti,

tarix fanlari doktori, professor