Bugun, “Jahon Media kongressi” doirasida “16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni”ga bag‘ishlangan konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Birlashgan Arab Amirliklari hukumati a’zolari, qator xorijiy tashkilotlar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad – millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish, istiqboldagi vazifalarni tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash, o‘z yechimini kutayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
Bag‘rikenglik bo‘yicha davlat vaziri Shayx Nahayon bin Muborak Ol Nahayonning ma’ruzasi tinglangach, konferensiya ommaviy axborot vositalarining o‘rni to‘g‘risidagi maxsus panel muhokamalar shaklida davom etdi.
Amirliklar axborot agentligi – WAM hamkorligida bag‘rikenglik kampaniyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Bu BAA zaminida bag‘rikenglikning turli ko‘rinishlari – diniy, madaniy, etnik va shu kabi jihatlarini yoritishda yordam beradi.
Noyabr oyining birinchi ikki haftasida maqolalar chop etilgan. Ushbu harakatlar “Jahon media kongressi”dagi anjuman bilan yakunlandi. Tadbir boshlanishida yozilgan maqolalar xususida qisqacha hujjatli film ham namoyish qilindi.
Shundan so‘ng “Bag‘rikenglik jamiyatini tashkil qilishda ommaviy axborot vositalarining roli” mavzusida davra suhbati qizg‘in muhokamaga boy o‘tdi.
Yakunda ishtirokchilarning suratga tushish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Kongress davom etmoqda, O‘zAni kuzatib boring.
B.Xudoyberdiyev,
Yo.Meliboyev, N.Mardonov (video),
O‘zA
Abu-Dabi shahri