Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati xabar berdi. Unga ko‘ra, joriy yilning 11-15 yanvar kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida “Abu Dhabi Sustainability Week 2026” xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro anjumanda dunyoning 150 dan ortiq davlatlaridan davlat organlari vakillari, yirik kompaniyalar hamda moliya institutlari rahbarlari ishtirok etib, “yashil” iqtisodiyot, iqlim moliyasi masalalarini muhokama qildi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Birlashgan Arab Amirliklari Energetika va infratuzilma vaziri Suhayl Muhammad al-Mazruiy hamda “Masdar” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Muhammad Jamil Al Ramahiy ishtirok etdi.

Forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, “Masdar” hamda “Emirates Utilities Development Company” (EUDC) o‘rtasida O‘zbekistonda 24/7 rejimida ishlaydigan, uzluksiz ravishda 1 gigavattgacha bazaviy yuklama quvvatini ta’minlaydigan loyihani ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Hamkorlik hujjatlari “O‘zenergosotish” aksiyadorlik jamiyati, “Masdar” hamda “EtihadWater & Electricity” kompaniyasi tomonidan imzolandi.
Loyiha doirasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida sutka davomida uzluksiz ishlaydigan, 1 gigavattgacha (GVt) quvvat yetkazib beruvchi tizimni shakllantirish nazarda tutilmoqda. Bu esa energiya ta’minoti barqarorligini ta’minlash, mavjud uzilishlar muammosini bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday formatdagi loyihalar qayta tiklanuvchi energetika sohasida yangi bosqichni boshlab beradi. Shu bilan birga, u jahon bozorida raqobatbardosh tariflar asosida katta hajmda bazaviy quvvat ishlab chiqarish imkonini yaratib, ishonchli va ekologik toza energiyaga bo‘lgan o‘sib borayotgan talabni qondirishda xalqaro miqyosda joriy etilishi mumkin bo‘lgan ilg‘or namuna sifatida xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA