Bugun, 26 noyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida dzyudo bo‘yicha yilning so‘nggi "Katta dubulg‘a" bahslari boshlandi.
41 davlatning 230 nafarga yaqin dzyudochilari qatnashayotgan musobaqada mamlakatimizning 10 nafar dzyudochisi nufuzli musobaqa medallari uchun kurash olib boradi.
Kecha bahslar boshlanishi oldidan matbuot anjumani va bellashuvlarga qur’a tashlash marosimi tashkil etildi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, 60 kilogrammda kurashadigan hamyurtimiz Dilshodbek Baratov ukrainalik Dilshot Xolmatov bilan, 66 kilogrammda Dilshodbek Yo‘ldoshev – Lusian Borsh (Ruminiya), 73 kilogrammda Hikmatilloh To‘rayev – Jeyk Bensted (Avstraliya) / Abdulloh Hamad (Saudiya Arabiston) g‘olibi bilan, 81 kilogrammda Suhrob Tursunov – Bolor-Ochir Gereltuya (Mo‘g‘iliston), Arslonbek Tojiyev – Muhammad Al Harbi (Suadiya Arabistoni), 90 kilogrammda Davlat Bobonov Tojikiston va Kanada juftligi g‘olibi bilan, 100 kilogrammda Muzaffarbek To‘raboyev – Folk Petersilka (Germaniya), Aqlmurodbek Xudoyberdiyev – Tomas Briseno (Chili), +100 kilogrammda Shohruh Mamarasulov – Marius Fizel (Slovakiya) bilan hamda yagona sportchi qizimiz Diyora Keldiyorova 52 kilogramm og‘irlikda polshalik Aleksandra Kaletaga qarshi maydonga tushadi.
Bugun birinchi kungi bahslarda uch nafar vakilimiz Abu-Dabi tatamisidagi bahslarga kirishadi. Xususan, Dilshodbek Baratov Ukraina vakili, Dilshodbek Yo‘ldoshev ruminiyalik raqibi va Diyora Keldiyorova polshalik raqibasi bilan bellashuvlarni boshlab beradi.
Aytish joizki, Abu-Dabi bahslarida London, Rio va Tokioda o‘tgan olimpiya o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlari bo‘lgan o‘nlab nomdor sportchilar ishtirok etmoqda.
"Katta dubulg‘a" turniri bahslari 28 noyabrga qadar davom etadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA