Texnologik taraqqiyot samoviy transport vositalarini haqiqatga aylantirmoqda. Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabi shahrida ilk bor aerotaksilar sinovdan o‘tkazila boshlandi. Mazkur loyiha ustida ishlayotgan Archer Aviation kompaniyasi o‘zining ilk elektr havo transport vositasi – Midnight nomli aerotaksisini sinov rejimida uchirdi. Parvozlar Abu-Dabining Al-Batin aeroportida amalga oshirilmoqda.
Archer Aviation tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda berilgan rasmiy bayonotga ko‘ra, sinovlar muvaffaqiyatli o‘tmoqda va bu bosqich — aerotaksilarni tijorat maqsadlarida foydalanishga tayyorlash yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi. Midnight modeli to‘liq elektr energiyasida ishlaydi, vertikal ravishda ko‘tarilishi va qo‘nishi mumkin, bu esa uni ayniqsa shaharlarda foydali qiladi. Uning maksimal tezligi soatiga 240 kilometrga yetishi, parvoz masofasi esa 160 kilometrni tashkil qilishi aytilmoqda.
Abu-Dabi hukumati ushbu texnologiyani joriy etish orqali shahar transportidagi yuklamani kamaytirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va kelajakda harakatlanishning yanada tez va qulay shakllarini taqdim etishni maqsad qilgan. BAA, xususan, Dubay va Abu-Dabi shaharlari, sun’iy intellekt, avtonom transport va “aqlli shahar” loyihalari orqali innovatsiyalar markaziga aylanishni maqsad qilmoqda.
Shuningdek, Archer Aviation va Abu-Dabi Transport boshqarmasi o‘rtasida tuzilgan kelishuvlarga ko‘ra, yaqin yillarda aerotaksilarni muntazam yo‘lovchi tashish xizmatiga tatbiq etish rejalashtirilgan. Bu esa BAAni havo taksi xizmati bo‘yicha dunyodagi ilk yetakchi mamlakatlardan biriga aylantirishi mumkin.
Texnologiya mutaxassislariga ko‘ra, aerotaksilar tezlik, vaqt tejalishi va ekologik tozaligi bilan an’anaviy yer usti transport vositalariga kuchli muqobil bo‘lishi kutilmoqda. Ular ayniqsa tirbandlik ko‘p bo‘lgan megapolislar uchun samarali yechim sifatida qaralmoqda.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/kmRj2Q2Z1Q8?si=lwKVRls_PI-Ahckx" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madinabonu Nasriyeva, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA