Birlashgan Arab Amirliklarining “Abu Dabi taraqqiyot fondi” Bosh direktori Muhammad Saif Al Suvaydiy boshchiligidagi va Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA) bosh direktori Tarifa Al Zaabi ishtirokidagi delegatsiya Qoraqalpog‘istonga kelib, Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazida bo‘ldi.
Mazkur marosimning asosiy maqsadi “Abu-Dabi taraqqiyot fondi”ning moliyaviy ko‘magi bilan ICBA, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Qoraqalpog‘iston rahbariyati, Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi, Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti va bir qator manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Qoraqalpog‘istonning degradatsiyaga uchragan hududlarida barqaror qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish tizimlarini rivojlantirish” loyihasi doirasida erishilgan muhim natijalar bilan tanishib, loyiha doirasida barpo etilgan "Integratsiyalashgan agro-akvakultura tizimlari" pilot loyihasini tantanali ravishda ishga tushirishdan iborat.
Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi F.Ermanov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisining o‘rinbosari R.Nurazizov mehmonlarni Orolbo‘yida mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar, loyihalar va kelajakdagi rejalar bilan tanishtirib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi loyiha natijalari va amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat Qoraqalpog‘iston uchun, balki butun Orolbo‘yi mintaqasi, qolaversa, global miqyosda iqlim o‘zgarishining salbiy ta’siriga moslashish va ularni yumshatish yo‘lida muhim qadam deya hisoblanib, ushbu tashabbus barqaror qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi va aholining turmush sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Kelgusida bunday hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish bo‘yicha qator takliflar ham berildi.
So‘ngra loyiha doirasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijalari bo‘yicha Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi direktori B.Habibullayev taqdimot o‘tkazdi.
Loyiha natijalaridan ta’sirlangan Muhammad Saif Al Suvaydiy ushbu tashabbusni iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish va suv resurslaridan samarali foydalanish yo‘lidagi katta qadam sifatida baholab, Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan ishlar mintaqadagi ekologik barqarorlik va aholi farovonligi uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Bu olingan tajribalarni boshqa mamlakatlarda ham joriy etish istagini bildirdi. Tashrif davomida mehmonlar loyiha natijalarini yuqori baholab, kelgusida hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligini aytishdi.
Uchrashuvdan so‘ng yana bir tarixiy qadam – agro-akvakultura tizimlari pilot loyihasi tantanali ravishda ishga tushirildi. Bu tizim yordamida sazan baliqlari, sho‘rga chidamli ekinlar va spirulina suv o‘tini yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. IAAS tizimining asosiy innovatsiyasi – suv resurslaridan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligi va akvakulturani uyg‘unlashtirgan holda barqaror ishlab chiqarishga erishishdir.
Ta’kidlash joizki, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi va Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi ICBA o‘rtasidagi hamkorlik va sheriklik aloqalari 2019 yildan buyon yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu vaqt mobaynida bir qator ilmiy-tadqiqot va amaliy loyihalar samarali amalga oshirildi.
Loyiha doirasida Mo‘ynoq va Nukus tumanlarida tajriba maydonlari yaratildi, don va ozuqa ekinlari, sho‘rga chidamli ekinlar hamda innovatsion agrotexnologiyalar sinovdan o‘tkazildi. Shuningdek, 1 ming 500 dan ortiq dehqon va fermer sinovdan o‘tgan urug‘liklar bilan ta’minlanib, amaliyotda keng qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Bu esa mintaqamizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Faxr bilan aytish mumkinki, ushbu loyiha xalqaro Energy Globe Award 2024 mukofotining milliy g‘olibi sifatida e’tirof etildi.
Bu davlatimiz rahbari tashabbuslariga hamohang tarzda amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro maydondagi muhim yutug‘idir. Bu yutuq, avvalo, “Abu-Dabi taraqqiyot fondi”, ICBA, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi bilan Vazirlar Kengashi hamda manfaatdor tashkilotlarning samarali hamkorligi, birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasidir.
Shu bilan birga, ushbu tashabbus O‘zbekistonning jahon hamjamiyati bilan birgalikda global ekologik muammolarga yechim topishdagi faol ishtirokini yaqqol namoyon etadi. Loyiha doirasida erishilayotgan natijalar mintaqadagi barcha davlatlar uchun namuna bo‘lishi shubhasiz.
Marosim ko‘tarinki ruhda, samimiy va ishonchli muhitda o‘tdi. Mehmonlar va ishtirokchilarning fikrlari, bildirilgan tashabbus va takliflar barcha tomonlarni kelgusi hamkorlikka yanada ruhlantirdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri