Samarqand davlat tibbiyot universitetida Sog‘liqni saqlash vazirligi, Samarqand davlat tibbiyot universiteti va Ibn Sino jamoat fondi bilan hamkorlikda Abu Ali ibn Sino tavalludining 1044 yilligiga bag‘ishlangan “Abu Ali ibn Sino – tibbiyot javohiri”
III xalqaro xalq tabobati ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.

Jahon tibbiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk bobokalonimiz merosini o‘rganish va keng tatbiq qilishga qaratilgan anjumanda yurtimiz hamda Koreya, Hindiston, Eron, Turkiya, Avstriya, Rossiya kabi 12 ta mamlakatdan ellikdan ortiq mutaxassis ishtirok etdi.

Anjumanning tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova, Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev, Ibn Sino jamoat fondi boshqaruvi raisi Nozimxon Mahmudov tib ilmining sultoni Abu Ali ibn Sinoning ko‘p qirrali va bugungi kun uchun o‘ta hamiyatli bo‘lgan faoliyatiga yuksak baho berdi.

Anjuman doirasida xorijlik mutaxassislar tomonidan mahorat darslari, amaliy ko‘nikmalar namoyish etildi. Shuningdek, “Abu Ali ibn Sino ta’limoti va hadislarning sog‘lom turmush tarzini shakllantirishdagi o‘rni”, “Ibn Sinoning an’anaviy tibbiyot g‘oyasini O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimiga joriy etish”, “Xalq tabobatida dorivor o‘simliklarni standartlashtirishning dolzarb masalalari”, “Turkiya dorivor o‘simliklari haqida ma’lumot”, “An’anaviy tibbiyotning yaxlit asoslari” singari dolzarb mavzular yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.
Anjuman doirasida bir qator kelishuvlarga erishildi. Jumladan, Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda Janubiy Koreyaning “Komsta” kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan memorandum imzolandi.
M.Qosimova, O‘zA