Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Abu Ali ibn Sino: Sharq gavhari – jahon merosi
14:11 / 2025-09-12

Buyuk alloma Abu Ali ibn Sino insoniyat tarixida tibbiyot va fan taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan mutafakkirlardan biri sifatida tan olingan. Bundan o‘n asr muqaddam yaratgan ilmiy asarlari bilan nafaqat Sharq, balki butun jahon ilmi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan. Ayniqsa, “Tib qonunlari” asari hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Uning dori vositalari tayyorlash, o‘simliklardan shifo topish va inson salomatligini asrash haqidagi qarashlari hanuzgacha dolzarb ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan, ushbu ulkan shaxsning ilmiy va amaliy merosini o‘rganish, uning zamonaviy tibbiyot va farmatsevtikadagi ahamiyatini chuqur anglash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan sanaladi. Ana shunday maqsadni o‘z oldiga qo‘ygan holda Toshkent shahridagi “Tashkent Pharma Park” klasterida “Abu Ali ibn Sino: Sharq gavhari – jahon merosi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ibn Sino jamoat fondi hamda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi hamkorligida buyuk alloma Abu Ali ibn Sino tavalludiga 1045 yil to‘lishi va Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tashkil etilganining 30 yilligi munosabati bilan tashkil etildi.

Anjumanda Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari, JSSTning mamlakatimizdagi vakolatxonasi vakili, AQSH, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Polsha, Shveysariya, Hindiston, Singapur, Janubiy Koreya, Indoneziya, Iordaniya, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlarning milliy regulyator organlari mas’ullari, Farmatsevtika mahsulotlariga qo‘yiladigan texnik talablarni uyg‘unlashtirish bo‘yicha xalqaro kengash Assambleyasi (ICH), Sog‘liqni saqlash va dori vositalari sifati bo‘yicha Yevropa direktorati (EDQM), Xalqaro farmatsevtika regulyatorlari dasturi (IPRP) AQSH Farmakopeyasi – USP, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Ibn Sino jamoat fondi, O‘zbekiston Xalq tabobati akademiyasi vakillari ishtirok etdi.

[gallery-25270]

Tadbirda Abu Ali ibn Sinoning ilmiy merosi va «Tib qonunlari» asarining zamonaviy tibbiyotdagi ahamiyati, farmatsevtika sohasidagi dolzarb masalalar, xalq tabobatining ilmiy asoslari, shuningdek, jahon farmatsevtikasidagi zamonaviy tendensiyalar va xalqaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Plenar va seksiya yig‘ilishlarida ilmiy ma’ruzalar, mahorat darslari va farmatsevtika mahsulotlari ko‘rgazmalari taqdim etildi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov va boshqalar ta’kidlaganidek, O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, farmatsevtika sohasini rivojlantirish va aholining xavfsiz hamda sifatli dori vositalariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.  

Shu jarayonda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi muhim rol o‘ynab, muassasa bugungi kunda dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish hamda litsenziyalash orqali davlat nazoratini amalga oshiradi. Shu bilan birga, Markaz Davlat farmakopeyasini yaratish, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, laboratoriya va sertifikatlash organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, giyohvand vositalar va psixotrop moddalardan foydalanish tartibini ishlab chiqish, farmakologik nazorat va metrologik tekshiruvlarni tashkil etish hamda Davlat reyestrini yuritish kabi muhim vazifalarni bajaradi.

Markazda zamonaviy laboratoriyalar, Toshkentdagi Dori vositalarini standartlash ilmiy markazi va Andijon, Qarshi, Samarqand, Urganchdagi hududiy filiallar orqali dori vositalari sifati ustidan nazorat samarali yo‘lga qo‘yilgan. 30 yillik dovonni bosib o‘tgan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi o‘z faoliyatini jahon standartlariga muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratmoqda.  Bu yo‘nalishda ISO 9001 xalqaro sifat boshqaruvi standarti joriy etilgan bo‘lib, farmatsevtika jarayonlari bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda.

Markaz JSST, USP, ICH, IMDRF, IPRP, GHWP, EDQM kabi xalqaro tashkilotlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Shu bilan birga, AQSH, Turkiya, Hindiston, Germaniya, Fransiya, Polsha va boshqa davlatlarning regulyator organlari bilan imzolangan hamkorlik memorandumlari sohada tajriba almashish, innovatsion loyihalarni amalga oshirish va xalqaro standartlarni milliy tizimga joriy etish imkonini bermoqda.

Anjumanda O‘zbekistonda milliy farmakopeyaning yaratilishi farmatsevtika sohasidagi tarixiy ahamiyatga ega ilmiy va amaliy yutuq sifatida alohida e’tirof etildi. Shu bilan birga, farmatsevtika tizimining bosqichma-bosqich raqamlashtirilishi doirasida farmatsevtika mahsulotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va sertifikatlashtirish, faoliyatni litsenziyalash, shuningdek, farmakologik nazorat va dori vositalari xavfsizligini baholash jarayonlariga zamonaviy axborot tizimlarining tatbiq etilayotgani mehmonlar tomonidan yuqori baholandi.  

Aytish joiz, raqamlashtirish jarayonlari nafaqat sohani takomillashtirish va samaradorlikni oshirish,  balki dori vositalari xavfsizligi bo‘yicha xalqaro standartlar va talablarni milliy qonunchilik va nazorat tizimiga integratsiya qilish, Markaz faoliyatida esa oshkoralik va shaffoflikni ta’minlashda muhim ekani qayd etildi.  

Tadbir doirasida “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasining qator nufuzli tashkilotlar bilan hamkorlik hujjatlarini imzolashi soha taraqqiyotiga hissa qo‘shadi. Qozog‘iston Respublikasi Dori vositalari va tibbiy buyumlar ekspertizasi Milliy markazi bilan anglashuv memorandumi, Respublikasi Oziq-ovqat va dori vositalarini nazorat qilish Milliy agentligi bilan hamkorlik memorandumi, Qirg‘iz Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Dori vositalari va tibbiy buyumlar departamenti bilan anglashuv memorandumi hamda AQSH Farmakopeyasi (USP) bilan tartibga solish organlari uchun imkoniyatlardan imtiyozli foydalanish dasturi to‘g‘risidagi hujjatlar shular jumlasidandir.  

Shuningdek, “Ibn Sino” jamoat fondi ham xalqaro hamkorlik doirasini kengaytirib, O‘sh davlat universiteti, Turkiyada tashkil etilgan “Uyg‘ur tibbiyot tadqiqot fondi” hamda Shensi Xitoy tibbiyot universiteti bilan hamkorlik memorandumlarini imzoladi.

Anjumanda ko‘tarilgan mavzular, taqdim etilgan ilmiy ma’ruzalar O‘zbekiston farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va yuksak ilmiy salohiyatni yaqqol namoyon etdi. Abu Ali ibn Sinoning ilmiy merosi nafaqat tarixiy boylik, balki bugungi kunda ham tibbiyot va farmatsevtika sohalarida amaliy ahamiyatga ega yo‘l xaritasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Anjuman doirasidagi hamkorlik memorandumlari, raqamlashtirish jarayonlari va xalqaro standartlarga moslashish yo‘lidagi qadamlar mamlakatimizning soha bo‘yicha xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashini ta’minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, anjuman yosh olimlar va mutaxassislar uchun ham bilim va tajriba almashish, ilmiy izlanishlarni chuqurlashtirish, innovatsion yondashuvlarni o‘rganish imkonini yaratdi.  

Mohigul Qosimova,  

Rustam Nazarmatov(suratlar), O‘zA