1 avgust kuni abituriyentlar uchun mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlariga kirish bo‘yicha test sinovlari bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda barcha jabhalarda bo‘lgani kabi ta’lim sohasida ham kechayotgan yangilanish jarayonlarida oliy ta’limni tubdan isloh qilish, yoshlarning oliy o‘quv dargohlarida o‘qishi uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratish masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Oliy o‘quv yurtlarining ko‘payishi, xorijiy mamlakatlar universitetlari filiallarining yurtimizda ish boshlashi, ijtimoiy himoya ko‘lamining kengayib borayotgani yurtimiz yoshlarining oliy ta’lim bilan qamrab olinishiga oid ko‘rsatkichning tobora ortayotganida muhim omil bo‘lmoqda.
[gallery-12976]
Oliy ta’limdagi ijobiy islohotlar talabalarning test sinovlarida ham o‘z ifodasini topmoqda. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan bu yilgi test jarayonlariga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rildi.
Bu jihatlar “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida bo‘lib o‘tgan test jarayonlarida ham o‘zining yorqin ifodasini topdi. Abituriyentlar hali test boshlanishidan ancha ilgari o‘z joylarini egalladilar. Ularning test sinovlarini topshirishi uchun majmuadagi tegishli pavilonlarda zarur sharoitlar yaratib berilgani diqqatga sazovordir. Imtihon jarayoni maxsus kuzatuv kamerasiga yozib olinayotgani, binolar kerakli texnik va xavfsizlik vositalari bilan ta’minlangani e’tiborli.
– Bu yil bir million nafardan ortiq abituriyentdan onlayn tarzda hujjatlar kelib tushdi, – dedi Bilim va malakalarni baholash agentligi bosh mutaxassisi Jamshidbek Odilov. – Ularning 948 ming 486 nafari test sinovida ishtirok etadi. Test jarayonlari uchun mamlakat bo‘ylab 72 ta bino shay holatga keltirildi. Ota-onalar, keng jamoatchilik vakillari test sinovlarini test2023.uz sayti orqali ham onlayn kuzatib borishi mumkin bo‘ladi. Respublika miqyosida bir smenada 38 ming nafardan ziyod, bir kunda esa 76 ming nafardan ziyod abituriyent test topshiradi. Yurtimiz bo‘yicha bakalavriat yo‘lanishidagi abituriyentlar uchun test jarayonlari 13 avgustgacha davom etadi. Abituriyentlar ertasi kuniyoq shaxsiy kabinet orqali javob varaqalarini ko‘rishlari mumkin bo‘ladi. Ularning oliy ta’lim dargohiga kirgan yoki kirmaganiga oid natija 13 avgustdan bir hafta o‘tib e’lon qilinadi. Ma’lumki, o‘tgan yili test sinovlari ochiq maydonlarda o‘tkazilgan edi. Bu yilgi test sinovlarining o‘ziga xosligi shundaki, endilikda test sinovlari barcha sharoitlarga ega bo‘lgan salqin binolarda bo‘lib o‘tmoqda.
Darhaqiqat, test sinovlari bo‘lib o‘tayotgan binolar yorug‘, keng, salqin.
...Test sinovlari boshlandi. Abituriyentlarning testlarni ishlashi uchun uch soat vaqt belgilangan bo‘lsa-da, ayrimlar sinovlar boshlanganidan 15-20 daqiqa o‘tar-o‘tmas test topshirib chiqayotganiga guvoh bo‘lish mumkin edi. Abituriyentlarning test sinovlari belgilangan talab va qoidalarga mos tarzda o‘tkazilishiga mas’ullar tomonidan jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Biz test topshirib chiqqan ayrim abituriyentlarni suhbatga tortdik.
Yarim soatlarda test topshirib chiqayotgan yigitdan qaysi OTMga hujjat topshirgani, testlar qanday o‘tgani xususida so‘raymiz.
–To‘g‘risi, qaysi oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirganim esimda yo‘q, – dedi toshkentlik Jamoliddin Niyozov. – Beshta OTM bo‘lganidan keyin odamning esida qolmas ekan. Test savollariga imkon qadar bilganimcha tez-tez javob berishga harakat qildim.
O‘zini Komila Bobirova deb tanishtirgan abituriyent qiz Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti kabi OTMlarni tahsil olish uchun tanlagan ekan.
–Matematikadan ozgina qiynaldim, – dedi Komila Bobirova. – Qolgan fanlarni bilganimcha belgiladim. Toshkent shahridagi tibbiyot kollejini 2020 yili tamomlaganman. Tavakkal o‘qishga hujjat topshirgandim rosti.
–Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanidanman, – dedi o‘zini Behruz Po‘latov deb tanishtirgan yigit. –Bu yil tumanimizdagi 140-maktabning 11-sinfini tamomlab, Toshkent davlat yuridik universitetiga hujjat topshirdim. Menimcha test jarayonlari adolatli, xolis o‘tdi. Belgilangan barcha savollarga imkonim boricha to‘g‘ri javob topishga harakat qildim.
Test sinovlarining dastlabki bosqichi muvaffaqiyatli, belgilangan talab va me’yorlarga mos tarzda o‘tdi. Nima bo‘lganida ham, bilimli, mas’uliyatli, halol va sadoqatli, fidoyi abituriyentlarning talabalar safidan o‘rin olishiga tilakdoshmiz.
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov (suratlar),
O‘zA