Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Abituriyentlar ijodiy imtihonlarda o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazmoqda
19:48 / 2025-07-10

Qashqadaryo viloyatida joylashgan Shahrisabz davlat pedagogika institutida ham 2025-2026 o‘quv yili uchun alohida iqtidor talab qiluvchi kunduzgi ta’lim yo‘nalishlariga mo‘ljallangan kasbiy (ijodiy) imtihonlarga start berildi.

Institut hovlisi erta tongdan abituriyentlar bilan gavjum bo‘ldi. Ularni Qabul komissiyasi a’zolari kutib olib, imtihonlar jarayoni, baholash mezonlari va tashkiliy jihatlar haqida atroflicha ma’lumotlar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-2026 o‘quv yili uchun kasbiy (ijodiy) imtihonlar joriy yilning 9-10 iyul kunlari davomida uchta kunduzgi bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha tashkil etiladi. Bular tasviriy san’at va muhandislik grafikasi, musiqa ta’limi, jismoniy madaniyat yo‘nalishlaridir.

Mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha jami 241 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, talabgorlar o‘z ijodiy salohiyatini namoyon etmoqda.

Muhimi imtihonlar ochiq va shaffof muhitda o‘tkazilishi ta’minlanmoqda. Bu borada institut ma’muriyati tomonidan maxsus onlayn kuzatuv tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu tizim orqali jarayon ustidan doimiy monitoring olib borilmoqda.

Shuningdek, imtihon jarayonida volontyor talabalar ham faol ishtirok etmoqda. Ular ota-onalarni kutib olish, savollariga javob berish, shuningdek, imtihonning tashkiliy sifati bo‘yicha fikrlarni yig‘ish maqsadida so‘rovnomalar o‘tkazishda yordam ko‘rsatmoqda.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri