Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Abituriyentlar bilan uchrashuv
10:08 / 2022-07-30

Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti musiqa san’atimizni yanada rivojlantirishdek maqsad yo‘lida tashkil etilgan oliy o‘quv dargohi sanaladi.

Mazkur oliygohda Ozodbek Nazarbekov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, ta’limdagi islohotlar jarayoni uning barcha bosqichiga, xususan, oliy ta’limda ham qator qulayliklarni yuzaga keltirdi. Birgina abituriyentlar uchun, bir emas, tanlagan yo‘nalishi mavjud bo‘lgan 5 ta oliy ta’lim dargohiga hujjat topshirish, kirish imtihonlaridan so‘ng eng yuqori ball to‘plagan oliy ta’lim muassasasida o‘qish imkoniyati yaratildi. Bu esa yuksak malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirishda muhim qadam bo‘ldi.

Shu ma’noda Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida abituriyentlar bilan oliy ta’lim tizimidagi imtiyozlar, imkoniyatlar, abituriyentlik davri mas’uliyati xususida o‘tkazilgan muloqot juda qizg‘in kechdi.

San’atga qiziquvchan yoshlarga talabalik baxtiga musharraf bo‘lganlaridan so‘ng bilishlari kerak bo‘lgan jihatlar, umuman, bu oliy ta’lim dargohida tahsil olishning mashaqqatlariyu zavqli tomonlari haqida uchrashuvda mulohaza yuritildi.

Abituriyentlar tomonidan bildirilgan fikrlar va o‘rtaga tashlangan savollar ularning o‘zlari tanlagan oliy ta’lim muassasasi haqida muayyan ma’lumotga ega ekanligini, sinovga tayyorgarlik salohiyati yuqoriligini ko‘rsatdi.

Uchrashuvda oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi a’zolari bilan institutning bakalavriat bosqichiga 2022/2023 o‘quv yili uchun qabul jarayonlarini yuqori saviyada tashkil etish, abituriyentlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berish kabi masalalar yuzasidan fikr almashinildi.

- Qabul komissiyasining har bir a’zosi zimmasidagi mas’uliyatni chuqur his qilib, vazifasini sidqidildan, vijdonan ado etmog‘i shart, - dedi O.Nazarbekov. - Zotan, bo‘lajak talabalarning ushbu ilm dargohi haqidagi ilk taassurotlari qanday bo‘lishi ayni shu jihatlarga bog‘liqdir.

Tahlillarga ko‘ra, mazkur oliy ta’lim dargohiga 508 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Demakki, shuncha yigit-qiz o‘z kelajagini san’at bilan bog‘lashga qaror qilgan. Bu, albatta, quvonarli.

Abituriyentlar bilan uchrashuv samimiy ruhda o‘tdi.

N.Usmonova, O‘zA