Yoz fasli oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun imtihon topshirish mavsumidir. Hududlarda yangi o‘quv yili uchun davlat OTMlariga kirish test sinovlari bo‘lib o‘tmoqda. Imtihonlar kuniga ikki smenada tashkil etilmoqda.
Jarayonlar shaffof va adolatli o‘tyaptimi? Test sinovlarida huquqshunoslik fanlari yuzasidan nega e’tirozlar bildirilmoqda? Savollar qay tartibda tuzilgan?
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida tashkil etilgan matbuot anjumanida Bilim va malakalarni baholash agentligi direktori o‘rinbosari Farhod Mirzayev shu kabi savollarga javob berdi.
– Test savollarining murakkab tuzilgani, umumta’lim fanlari o‘quv dasturlariga nomuvofiqligi yuzasidan bildirilayotgan e’tirozlar xususida shuni aytish kerakki, test savollari tuzilganidan so‘ng, barcha hududlarda uch marotaba aprobatsiyadan o‘tkaziladi. Aprobatsiya jarayonida qaysi savollarda kamchilik aniqlansa, mutasaddilar tomonidan qayta tahlil qilinadi. Savollar belgilangan dasturlar asosida tuzib chiqiladi.
Imtihonlar adolatli o‘tayotganiga shubha yo‘q. Test sinovlarini adolatli va shaffof o‘tkazish maqsadida keng jamoatchilik orasidan ochiq tanlov o‘tkazish orqali 2 ming 690 nafar guruh nazoratchisi tanlab olingan. Shu kunga qadar korrupsiya holatlari aniqlanmadi.
2024-2025-o‘quv yilida oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida huquqshunoslik fanlaridan test topshiriqlarining ayrimlari yuzasidan e’tirozlar kelib tushgan.
Huquqshunoslik fanlaridan ham test topshiriqlari amaldagi DTS va o‘quv dasturlari asosida shakllantirilgan bo‘lib, oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarida huquqshunoslik fanlaridan foydalaniladigan test varianti tafsiloti Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy saytida e’lon qilingan. Abituriyentlar oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rishlari uchun o‘qishga tavsiya etilgan darsliklar va o‘quv adabiyotlar ro‘yxati ham agentlik saytida joylashtirilgan bo‘lib, huquqshunoslik fanlari bo‘yicha test topshiriqlari normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni inobatga olgan holda shakllantirilishi, qonun hujjatlariga belgilangan tartibda o‘zgartirish kiritilganda qonunning asl manbai (O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi – lex.uz. sayti)ga murojaat qilinishi bo‘yicha ham ma’lumotlar taqdim qilingan.
2024-2025-o‘quv yili qabuli test sinovlarida foydalanilgan va abituriyentlarning e’tiroziga sabab bo‘layotgan test topshirig‘ida O‘zbekiston Respublikasi davlat ramzlariga hurmatsizlik qilish yoki ota-onalar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida so‘ralgan. Shu kabi test topshiriqlarini shakllantirishdan maqsad aynan huquqshunoslik yo‘nalishini tanlash istagida bo‘lgan abituriyentlarning shu sohada umumiy o‘rta ta’lim maktabida va akademik litseylarda olgan bilimlarini sinash, qolaversa, bu bilimlarni kundalik hayotda duch keladigan misollar orqali qay darajada tatbiq qila olishini aniqlashdan iborat.
Shuningdek, huquqshunoslik fanlari tez o‘zgaruvchi ijtimoiy fan ekanligi, qonun hujjatlari yangilanishi bilan darslikdagi ma’lumotlar eskirishi, amaldagi qonun hujjatlari bilan har bir fuqaro muntazam tanishib borishini inobatga olish lozim.
Qonun hujjatlari yangi tahrirda qabul qilinsada, o‘quv dasturidagi mavzular o‘zgarmay qolaveradi. Yuqoridagilar inobatga olinib, huquqshunoslik fanlari bo‘yicha test sinovi materiallari amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida shakllantirilgan va test topshiriqlarining ma’no-mazmuni huquqshunoslik fanlari o‘quv dasturiga moslashtirilgan.
Tanlov natijalaridan norozi bo‘lgan abituriyentlar o‘z shaxsiy kabineti orqali apellyatsiya shikoyatini berishi mumkin. Ko‘pchilik abituriyentlar apellyatsiya davomida qayta test yechamiz, deb noto‘g‘ri o‘ylaydi. Yo‘q, aslida unday emas. Abituriyentga o‘z xatolarini o‘rganib chiqishi uchun imkoniyat beriladi. Agar, abituriyent biror savol yuzasidan e’tirozi bo‘lsa, ekspertlarga murojaat qiladi. Apellyatsiya shikoyati berish uchun test sinovida ishtirok etgan va test sinovidan chetlatilmagan bo‘lish lozim.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA