Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Abening qotili umrbod qamoq jazosidan norozi
12:31 / 2026-02-04

“Kyodo News” xabar berishicha, Yaponiyaning sobiq Bosh vaziri Sinzo Abening qotili Tetsuya Yamagami o‘ziga nisbatan e’lon qilingan hukmga qarshi apellyatsiya berdi.

Abe 2022 yil 8 iyul kuni Nara muzofotidagi saylov oldi tadbirida nutq so‘zlayotganda otib o‘ldirilgan. Tetsuya xonaki usulda yasalgan qurol bilan Abening orqasidan ikki o‘q uzgan. Yaralangan siyosatchi bir necha soatdan keyin qon yo‘qotilishidan vafot etgan.

21 yanvar kuni qotillik sodir bo‘lgan tuman sudi Yamagamiga umrbod qamoq jazosi berdi. Himoya guruhi bugun Osaka Oliy sudiga apellyatsiya shikoyati kiritgan. 20 yilgacha qamoq jazosi so‘rayotgan advokatlar sudlanuvchining bolaligi Abe bilan aloqadorligi taxmin qilingan diniy tashkilot – “Birlashish cherkovi” tufayli qiyin kechgani qotillik uchun asos va bilvosita sabab bo‘lganini ta’kidlamoqda.

Ayblov tomoni ayni dalillarni mantiqsiz, deb rad etdi va jinoyat 41 yoshda sodir etilgani, bu esa sudlanuvchiga vaziyatni xolisona baholash imkonini berishini ta’kidladi. Sud umrbod qamoq jazosi so‘ragan prokuraturaning barcha dalillarini qabul qildi va hukmda orqadan ikki o‘q uzish “qo‘rqoqlik va yovuz harakat ekani”ga urg‘u berdi.

Hukm chiqarish uchun 31 o‘rin ajratildi, 685 ariza yig‘ildi. O‘rindiqlar suddan bir necha soat oldin lotereya usulida taqsimlandi.

Qotilning o‘zi ham jinoyat sababi sifatida “Birlashish cherkovi” bilan aloqani keltirdi. Tetsuyaning onasi a’zo maqomida tashkilotga ko‘p miqdorda xayriya qilgan: uyini sotgan, oilasini vayron qilgan va bolalarini qashshoqlikka duchor qilgan. Yamagami do‘stona tuzilma sifatida mazkur tashkilotga salom yuborgani uchun Sinzoni “Cherkov” bilan aloqador, deb hisoblagan. Jamoa mas’ullari esa sobiq Bosh vazir bilan biror bog‘liqlikni inkor etdi, chunki Abe a’zo sifatida ro‘yxatga olinmagan, tuzilmaga xayriya ham qilmagan.

Baribir, shov-shuvli qotillik siyosatchilarning bahsli diniy tashkilot bilan ehtimoliy aloqalari yuzasidan tergov to‘lqinini yuzaga chiqardi. Abe a’zo bo‘lgan hukmron Liberal demokratik partiyadan bir necha o‘nlab siyosatchi “Birlashish cherkovi” bilan u yoki bu tarzda bog‘liqligi aniqlandi. Qolaversa, mazhablararo oilalar farzandlari qashshoqlikda yashashi, tashkilot buyrug‘i bilan majburan turmushga chiqishi kabi turli faktlar, ko‘rsatmalar paydo bo‘ldi.

Shundan so‘ng diniy tashkilotlarni nazorat qiluvchi Ta’lim va madaniyat vazirligi “Birlashish cherkovi” faoliyatini tekshira boshladi. Natijada jami qurbonlar soni 1500 dan oshgan, degan xulosaga keldi. 2025 yil mart oyida ushbu tashkilotni tugatish to‘g‘risida farmon chiqarildi.

Sudlar hozir mazhabparastlarning farzandlaridan kamida ikki jamoaviy da’vo arizasini ko‘rib chiqmoqda. Yana bir necha da’vo tegishli idoralarga kiritishga tayyorlanmoqda.

Go‘zal Sattorova, O‘zA