Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Abega suiqasd, Baydenning Yaqin Sharqqa safari va yevro-dollar...
21:23 / 2022-07-15

Jumadan-jumagacha. Hafta tahlili

O‘tayotgan haftada jahon hamjamiyati diqqat-e’tibori Yaponiyaga qaratildi. Dunyo miqyosida ko‘zga ko‘ringan taniqli siyosatchi, sobiq Bosh vazir Sindzo Abe terror qurboni bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ta’ziyanomasida “Janob Abening strategik dasturlari va innovatsion tashabbuslari Yaponiyaning barqaror rivojlanishiga, mamlakatning xalqaro munosabatlar va jahon iqtisodiyoti tizimidagi rolini yanada kuchaytirishga xizmat qilgani” qayd etilgan.

Yaponiya matbuoti xabariga ko‘ra, marhum sha’niga bunday samimiy so‘zlar bitilgan ta’ziyanoma dunyoning ko‘plab mamlakatlari yetakchilari tomonidan yo‘llangan.

Abe 2006 yil 52 yoshida Yaponiya Bosh vaziri etib saylandi, bu lavozimga o‘tirgan eng yosh siyosatchi sifatida tarixga kirdi. Oradagi tanaffus bilan u to‘rt muddat, ya’ni jami sakkiz yil-u sakkiz oy Vazirlar Mahkamasini boshqardi.

Sindzoga siyosiy karera bobosidan meros, deyishadi. Uning bobosi Nobusuke Kisi 1957-1960 yillarda Yaponiya hukumatiga raislik qilgan. Aynan o‘sha davrda AQSH va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik va xavfsizlik kafolati qayta ko‘rib chiqilgan. Otasi Sintaro Abe esa liberal-demokratik partiya rahbari, 1982-1986 yillarda tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan.

Sobiq Bosh vazirni o‘ng qanot konservator, deb atash mumkin. Hatto, u Ikkinchi jahon urushida sodir etilgan aksariyat harbiy jinoyatlarni inkor etuvchi konservativ nodavlat “Nippon Kaygi” tashkilotiga a’zo edi.

Abening iqtisodiyotni ko‘tarib, Yaponiyani dunyo miqyosida eng rivojlangan davlatlari qatoriga olib chiqishdagi xizmatlari ko‘p yozildi.

Yaponiya va dunyo matbuoti Abe suiqasd natijasida vafot etganini e’tirof etdi, ammo u qanday qilib terror qurboni bo‘ldi, nega uni yaxshi qo‘riqlay olishmadi singari savollar keng muhokamaga yo‘l ochdi.

Dastlab marhumning xavfsizlik xizmati bir necha xatoga yo‘l qo‘ygani aytildi. Sobiq harbiy dengizchi siyosatchiga yaqin kelib, uni orqa kuragidan qo‘lbola miltiqdan otdi. Tergovchilarga “men Abening yuritayotgan siyosatidan norozi edim, shuning uchun uni o‘ldirdim”, dedi sovuqqonlik bilan.

Qo‘riqlash rejasi puxta ishlab chiqilmagan, degan tanqidiy fikr ham bildirilmoqda. Siyosatchining yaqin va uzoq atrofida fuqaro kiyimida qo‘riqlovchilar joylashtirilishi, nutq so‘zlanayotgan paytda esa omma to‘liq kuzatuv ostida bo‘lishi shart edi. 5-10 metr doirada hech kimni yaqinlashtirmaslik sharti qo‘llanilmadi. Miting maydoniga ommaning tekshiruvsiz kiritilgani asosiy ayb, deyilmoqda. Tansoqchilar Abega yengil turdagi temir qalqon kiydirishlari lozim edi...

Qismati shunday bitilgan ekan.

XXX

AQSH Prezidenti Jo Bayden 13-16 iyul kunlari lavozimida ish boshlagandan beri Yaqin Sharqqa ilk safarini amalga oshirmoqda. Xorij tahlilchilari tadbirlar yarim muvaffaqiyatli o‘tishini bashorat qilyapti. Safar oldidan Oq uy mulozimlari turli nashrlarga Isroil, Saudiya Arabiston va Falastin rahbarlari bilan muzokara chog‘ida Rossiya - Ukraina inqirozi muhokama qilinishi bilan birga Saudiya va mintaqaning boshqa mamlakatlarida neft qazib olish hajmini oshirish masalasi ham ko‘tarilishi to‘g‘risida xabar berdilar.

Amerika rahbari samolyoti avval Quddusga yetib keldi. Davlat protokoli qoidalariga zid ravishda Isroil Prezidenti va Bosh vazir shaxsan aeroportda hozir bo‘ldi. Baydenning uchoqdan inar-inmas, “AQSH Isroilni qo‘llab-quvvatlashda qat’iy. Bugun ikki davlat o‘rtasidagi munosabat har qachongidan mustahkam”, degan bayonotiga Yair Lapid “Bugun Isroilning eng yaxshi do‘stlaridan biri AQSH”, deya iltifot ko‘rsatdi.

Muzokara yakunida tomonlar AQSH va Isroil o‘rtasidagi ko‘p yillik xavfsizlik munosabatini kengaytiruvchi strategik hamkorlik to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladilar. Bu hujjatning asosiy mazmuni Eron yadro quroliga ega bo‘lishiga hech qachon yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini belgilaydi. Deklaratsiya, shuningdek, AQSH 38 milliard dollarlik tarixiy memorandum shartini to‘liq bajarishi majburiyatini ham o‘z ichiga olgan.

Sharqiy Quddusda Baydenning Falastin yetakchisi Mahmud Abbos bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Suhbat tafsilotiga berilmasdan oldin ikki davlat o‘rtasidagi munosabat Donald Tramp paytida yomonlashganini qayd etib o‘tish lozim. AQSH tashqi siyosiy tamoyiliga qarshi Amerika elchixonasi poytaxt Tel-Avivdan Quddus shahriga ko‘chirilgan, Sharqiy Quddusdagi AQSH konsulxonasi yopilgandi. Shu bilan birga falastinliklarga moliyaviy yordamni butunlay to‘xtatish qarorini olgan edi.

Bayden o‘z oldiga ushbu sovuq munosabatni ilitish maqsadini qo‘yib yo‘lga chiqdi. Falastin fuqarolar jamiyati vakillari bilan sog‘liqni saqlash mavzusidagi tadbirda ishtirok etdi. Shuningdek, falastinliklarga ilgari muzlatib qo‘yilgan 500 million dollarlik yordam mablag‘i tiklanishi bo‘yicha va’da berdi.

Qo‘shma Shtatlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharqdagi falastinlik qochqinlarga yordam ishlarini tashkil etish uchun 200 million dollar ajratganini e’lon qildi. Shuningdek, Sharqiy Quddusdagi Falastin kasalxonalari tarmog‘iga 100 million dollar berilishini bildirdi.

Tahlilchilar ta’kidlashicha, Mahmud Abbos muzokaradan mamnunligini sezdirib qo‘ydi. U matbuot anjumanida mavqedoshiga minnatdorlik bildirib, Sharqiy Quddusdagi AQSH konsulxonasini qayta ochish, shuningdek, Vashingtonda Falastin vakolatxonasi faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ruxsat so‘radi.

Shu bilan birga Abbos Falastin Ozodlik tashkilotini terrorchi guruhlar ro‘yxatidan chiqarishga chaqirdi.

Isroil matbuoti falastinliklar Amerika tomoniga Falastin - Isroil muloqotida Amerikani faollikka chorlashi, Falastin Ozodlik tashkilotiga bir necha o‘n yil avval yopishtirilgan terrorchi yorlig‘ini olib tashlashga ko‘maklashishi talabi bilan chiqqani kabi bir qator shikoyat-murojaat qilganini yozgan.

Jo Baydenni ertaga Jiddada sermahsul uchrashuvlar kutmoqda. U Saudiya Arabistoni safariga ham katta umid bog‘lagan. Prezident arablar oldida o‘zini aybdor his qiladi, chunki Bayden saylov kampaniyasi davrida jurnalist Jamol Qoshiqchining Istanbuldagi fojiaviy o‘limi haqida keskin bayonot berib, bu mamlakatda inson huquqi toptalmoqda, deya Saudiyani dunyo ko‘zi o‘ngida sharmandasini chiqarajagini aytgandi. Bu voqeada valiahd Muhammad Bin Salmon Ol Saudni aybdor deb atagan edi.

Valiahdning Tramp bilan aloqasi juda yaxshi edi. Bayden esa u bilan ilk bor uchrashadi. Safarga tayyorgarlik jarayonida AQSH Prezidenti dasturida valiahd bilan uchrashuv bo‘lmaydi, deya xabar tarqatilgan bo‘lsa, keyinchalik u to‘g‘rilanib, Baydan - Salmon o‘zaro ko‘rishib oladi, deyildi.

Saudiya Arabistoni mintaqaning muhim davlatlaridan biri. Yanada yaxshi xabar - keyingi yillarda Isroilga qarshi keskin chiqishlar to‘xtagan. Shu sabab Amerikaning, oz bo‘lsa-da, muhabbatiga sazovor bo‘lmoqda.

Bayden Ar-Riyodga neft qazib olishni ko‘paytirish masalasini qo‘yishi kutilmoqda. Saudiya bu ishda yolg‘iz qaror chiqara olmasligi aniq, chunki OPEK (Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti) bilan kelishmasdan bu ishga kirisholmaydi.

Xullas, ikki davlat orasidagi muz erishi kutilyapti. Zero, Bayden Jiddada Saudiyadan tashqari Quvayt, Qatar, O‘mon, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Misr, Iordaniya va Iroqni o‘z ichiga olgan Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi sammitida ham ishtirok etadi. Yig‘ilishda xavfsizlik masalasidan tashqari energetika sohasida umumiy maqsadlar ishlab chiqish, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi va Ukraina inqirozi muhokama qilinishi kutilmoqda.

Amerika Saudiya safaridan foydalanib, Isroil uchun havo chegaralarini ochib berishni so‘ramoqchi. Bu ish muvaffaqiyatli amalga oshsa, Isroil samolyotlari Hindistonga va Osiyoning boshqa davlatlariga parvoz qilishi osonlashardi.

X X X

Bu hafta dunyo moliya-valyuta maydonida olamshumul voqea ro‘y berdi: 20 yil deganda birinchi marta yevro va dollar o‘rtasidagi ayirboshlashda tenglik yuzaga keldi.

12 iyulga kelib, yevro 1 dollarga tenglashdi, yil boshidan YeI valyutasi qiymati 12 foiz pasaygani kuzatildi. Xorij iqtisodiy tahlilchilari buni Ukrainadagi vaziyat bilan bog‘lamoqda, energetika resurslarini yetkazib berishdagi muammo bilan asoslamoqda.

Yevropa Ittifoqi 2022 yil boshigacha 40 foiz gazni Rossiya quvuri orqali olar edi. Endi yevropaliklar rus gazi va neftidan voz kechmoqchi. Bundan tashqari Moskva YeIning ayrim davlatlariga gaz yetkazib berishni sezilarli darajada qisqartirdi. Yaqinda Germaniyaga “Shimoliy quvur” orqali yetkazib berilayotgan gaz 60 foiz kamaydi.

Energetikadagi inqiroz umumiqtisodiy o‘sish pasayishiga olib keldi. Jazirama yoz ham o‘tmoqda. Hademay, kuz ham keladi, sovuq kunlar boshlanadi. Kuzgacha jo‘jalarni sanab olish lozim...

Xabarlashguncha!

Abror G‘ULOMOV, O‘zA