Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Abduvali Qutbiddinning sirli sheʼriyati yoxud, yaxshisi, siz bu maqolani oʻqimang
18:26 / 2020-06-20

Rost va jiddiy gapim ham ‒ shu, olifta va sizning eʼtiboringizni tortish uchun aytayotgan gapim ham ‒ shu.

Rost va jiddiy gapim ham ‒ shu, olifta va sizning eʼtiboringizni tortish uchun aytayotgan gapim ham ‒ shu. Yaxshisi, siz bu maqolani oʻqimang! Bu maqolada original fikrlar yoʻq, favqulodda kashfiyotlar ham. Chunki Abduvali Qutbiddin degan bir shoir ijodi bilan tanishganimga roppa-rosa oʻttiz yil boʻldi. 

Talabalikning shirin orzu-xayollariga koʻmilib yurgan kunlarimning birida yoʻlimdan “Nayson” chiqdi. Oʻqidim, hozir ham yayrab oʻqiyman, kelgusida ham oʻqishim ‒ aniq. Chunki Abduvali Qutbiddin sheʼrlarida yurak kengdan-keng ufqlarga yoʻl oladi. Yurak qovurgʻa qafaslaridan qanot yozib, tashqariga uchib chiqadi. Sheʼrning aynan oʻzi ham tushovini uzgan argʻumoqdek oʻlchovlarni, vazn, turoq va qofiyalarni parchalab tashlaydi. Shoirning ruhi, ovozi, yurak sadosi – ruhiyat hapqirishlari Abduvali Qutbiddin sheʼrlarida baralla yangraydi.

Men tushunarsiz soʻzlarga ham duch kelaman. Ammo ularni lugʻatlardan izlab oʻtirmayman. Chunki topolmayman. Aynan biri-biriga qovushmagan iboralar, soʻz birikmalari, misralar, jumlalar tarovati ruhiyatga oʻzgacha harorat va halovat bagʻishlaydi.

Maʼnisizga mengzash misralarida qandaydir maʼnolar maxzani mujassamdek tuyuladi. Xazinaga kirish kalitini topish zarur. Abduvali Qutbiddinning koʻngil xazinasini ochadigan kalit quyma sof tillodan boʻlmogʻi lozim. Sheʼrlarni, his-tuygʻularning marvarid shodasini anglash uchun oʻziga xos mezonlar, oʻlchov birliklari kerak.

Sheʼrini oʻqigan oʻquvchi Abduvaliga aylanadi. Shoir bilan baravar: “Hofiz emasman, ishqda Abduvaliman goʻyo” yoki “Laqa-tam-tam, lay-lay, Abduvaliman hay-hay”, deya sakraydi: yuragi bir lahzada ishq dardi bilan yonadi.

Abduvali ‒ jumboqli shoir. Ammo shoirning koʻngil asroriga mahram boʻlgan, “ilikday qoqib” berilgan “vujud gavhari”ni seza olgan odam sheʼridan ozuqa topadi, ruhiga kuch-quvvat oladi. Uni anglash uchun oʻydoshlik, dildoshlik kerak. Abduvali sheʼrlaridan dil zavqlanadi, yurak allanimalarnidir his etadi. Adabiy-nazariy kitoblaridagi ilmiymonand atamalar uning sheʼrlariga nom boʻla olmaganidan iymanadi, uyaladi, qisinadi, qizarinadi.

Abduvali mantiq izidan ergashmaydi. Abduvali oqil va dono fikrlarni, biror xabar yoki maʼlumotni sheʼrga solmaydi. Bunga xohishi ham yoʻq. Abduvali yurak urishining ritmidan, tuygʻular taloshidan sheʼr tuzadi...

Birinchi chekinish: Talabalik yillarimda uni minbarda koʻrdim. OʻzMUda. Salkam butun vujudi bilan oʻyin tushib oʻqiyotgan, boshini soʻzlari talaffuziga mos tebratayotgan Abduvali Qutbiddining shoirona suvrati shunda hayratim devoriga muhrlangan edi. Shu oliygohda endi muallimlikni boshlab, jurnalistika fakulteti talabalariga mashgʻulotlar oʻtgan mahallarda Abduvali Qutbiddin sheʼrlaridagi darveshona, soʻfiyona kayfiyatdan ham gapirar edim. Talabalarimdan biri borib shu gaplarimni aytganida, xursand boʻlgan ekan shoir. Ommaviylik va hammaviylik, oqillik, donolik va zamonasozlik qilgan pallalarda Abduvali Qutbiddin oʻziga mutlaqo oʻxshamay qoladi. Shu eʼtibordan rasmiy bir gazetada yozgan oddiy xabar-maqolasini oʻqib, haddim sigʻib, qoʻngʻiroq qildim. Soʻz martabasidan, choʻng taxallusi isrofidan soʻzladim. Odam ‒ odamga koʻzgu. Gapimni ogʻir olmagandir. Indamadi... Koʻp oʻylab yuraman. Birovga roʻbaroʻ kelib, yuzi-koʻziga qarab, haq gapni aytish qiyin, ammo jonsiz-hissiz goʻshakni quloqqa qoʻndirib, otashin boʻlish ‒ ancha oson. Bugungi tarmoqlaru irmoqlar oqimida suzadigan toʻda buni yaxshi biladi...

Abduvaliga devonavashlik, telbalik, soʻfiyona oshiqlik yarashadi. Sheʼr oʻqishidagi jazava uning aynan Abduvali Qutbiddin degan shoir ekanidan, ikkinchi bir shoir bunday joʻshib, shiddat va zavq bilan raqslar ogʻushidan sheʼr oʻqimasligi, oʻqiy olmasligidan darak beradi. Shoirning oʻzi goʻyo sheʼri bilan barobar koʻkka uchadi.

Deylik, “Qoʻshiq” sheʼrini boshdan oxirigacha:

Yer osmonga barobar, osmon yerga barobar,

Yeru Quyosh kokilin tortib-tortib oʻyin tush.

Vujudimdan dud chiqar, dilim aro oʻt chiqar,

Devonaman-devona, ey olovim, oʻyin tush, ‒

deya oʻqigan odam beixtiyor shoir daʼvatiga koʻnadi. Qanot yozadi. Titraydi, ingraydi, “lov-lov” ‒ lovillab, “gur-gurr” ‒ gurillab oʻyin tushadi. Otashnafaslikmi yo otashparastlik? Qaysidir tariqatning samoviy raqslarimi yo? Gohida jimligi, sukuti ham insonga bagʻoyat yarashadi...

Siz bu maqolani oʻqimang. Agar Abduvali Qutbiddin sheʼrlarini yod olgan boʻlsangiz, mening shoir haqidagi gaplarim gʻashingizga tegadi. Mabodo, uning sheʼriyatiga ishqingiz tushmagan boʻlsa, yaxshisi, siz bu maqolani oʻqimang. Agar Abduvali akaning sheʼrlarini oʻqimagan boʻlsangiz... Nima desam ekan?!...

Bu va bundan keyingi gaplarni hali shoir tirik paytida qoralaganman. Maqolaga reja tuzgan ekanman. Men bandayi ojiz qaydan bilibman Abduvali akani Alloh oʻz dargohiga chaqirib olishini?... Sheʼrlar tahlilini yozishga xushim yoʻq. Xoʻsh, shoirning oltmishini kutib nima qilardim?! Bugun Abduvali Qutbiddin yoʻq. Uning oʻz sheʼrini jazava bilan oʻqishlarini koʻrmaganlar gapim isbotiga guvoh boʻla olmaydilar. Ammo umidim shuki, shoirning doʻstlari, yaqinlari meni yolgʻonchiga chiqarmaydi...

Ikkinchi chekinish: “Matbuotchilar uyi” oldidagi keng maydonda Abduvali Qutbiddin yolgʻiz xayollanib kelayotir. Toʻxtadi. Salomlashib, gaplashib qoldik. Tik oyoqda bir soatga yaqin suhbat boʻldi. Oʻtgan-qaytgan bilan ishi boʻlmadi. Salomlar aligi uchun bosh qimirladi. Birov xalaqit bermadi. Ikkovimiz uzoq suhbatlashdik. Men aynan oʻylab yurgan, xayolan oʻzimga ancha yaqin boʻlgan, tasavvurimga koʻra oʻz sheʼrlarida bepoyon kenglikka intilib yotgan shoir tilini topdim goʻyo. Koʻngil bir yayradi.

Gʻiybatlar soʻzlanmadi, shoir va adiblarning gʻurbatlari eslanmadi. Toza va pokiza soʻz, baland va goʻzal adabiyot haqida gurung boʻldi. Navoiy, Bobur, Tolstoy toʻgʻrisida, Rembo, Xeminguey haqida, Qodiriy, Choʻlpon, Rauf Parfi, Shukur Xolmirza va yana shu kabi ajoyib soʻz ustalarining koʻngil maʼvolari, faqat ijodi toʻgʻrisida soʻzlashdik.

Gurungdan keyin quyidagi gaplarni yozgan ekanman: “Samarqanddagi ajoyib inson, professor Muslihiddin Muhiddinov domla bilan birga Urgutga, Chorchinorga borgan edim. Shuni aytdim. Bir seskandi. Abduvali aka universitetdagi saboqdoshi shovotlik Bahodir Sodiqni esladi. Juda bilimdonligini qayta-qayta aytdi. Abduvali akaga I. Kantni oʻsha B. Sodiq oʻqishga tavsiya qilgan ekan. Abduvali aka ‒ boshqacha, boshqalarga oʻxshamaydigan, soʻz oqimida, ruhiy bir kayfiyat izmida sheʼr yozadigan shoir. Ikki yildan keyin oltmishga toʻlsa, bir oz tayyorgarlik bilan, balki biror maqola yozsam kerak. Sarlavhasi “Tushuntirish mashqlari” boʻlar, balki. Boshlanishi bunday: “Sheʼr goʻzal, uni tushuntirish ‒ goʻzallikni parchalashdek gap. Ammo shoir bilan maʼrifiy suhbatlar, uning sheʼrlari toʻgʻrisidagi ayrim taassurotlarni yozish – bu ham zarur bir yumish. Abduvali Qutbiddin – ruhiyati kuchli shoir. U soʻzlarni oʻynatadi, koʻpincha shoir yozganlarini tushunish ‒ qiyin. Haddan tashqari quyuq metafora, majoz, ramzga qurilgan...” Sheʼrlarini qayta oʻqishim kerak. Juda boʻlmasa, A. Qutbiddin bahonasida sheʼriyat haqidagi fikrlarim bayoni boʻlajak...”. Bu avgust oʻrtasidagi suhbatdan. Oradan biror oy oʻtib, ushbu maqola qoralamasini yozgan ekanman. Hozir tarashlab oʻtiribman...

Abduvali Qutbiddinga jununlik, tozalik, joʻshqinlik ‒ xos. Uning sheʼrlarida musiqiylik, koʻngildagi toshqinlik ‒ yetakchi. Unga: “Izohsiz lugʻat”ingiz hali ham izohlanmasdan yotibdi”, ‒ desam: “Siz ham izohlamadingiz”, ‒ dedi. Nachora, oʻsha “Izohsiz lugʻat” degan dostonini izohlash, shoir misralari zimnidagi maʼnolarni sharhlash mening ham qoʻlimdan kelmadi. Chunki u manfaatlar, mukofotlar, mansablar yoʻli uchun shamchiroq qilib yozilgan doston emas.

Birovning koʻngliga qarab, kimdir oʻqishi va uqishi uchun moʻljallab yozilgan emas. Shoirning kapalakdek uchib yurgan kayfiyat zarralari soʻzlar shaklida qogʻozga qoʻngan. “Izohsiz lugʻat” shoir ruhiy dunyosining tushunarsiz-tushunarli tuygʻu va tasavvurlarining mahsulidir. “Izohsiz lugʻat” dostonini shoirning oʻzi ham izohlashi ‒ qiyin. Oʻquvchi boshqa maʼnini anglaydi, shoir boshqa bir maʼnoni taqdim etadi. Ustiga ustak, olimlar ham bosmaqolip fikrlar, ilmiy-nazariy istilohlar zanjiri bilan kishanlaydi uni. “Izohsiz lugʻat” izohlansa, tarovati ketadi. “Izohsiz lugʻat”ning oʻzi ‒ izohlarsiz goʻzal.

Rauf Parfining bir sheʼrida qish kunida Quyosh qirov qalami bilan derazaga chizilgan goʻzal naqshni eritib yuborganini yozgani yodimda qolgan. Abduvali Qutbiddinning “Izohsiz lugʻat”i naqqoshning oʻsha derazaga bagʻoyat chevarlarcha chizilgan manzarasini eslatadi. Qandaydir olimona atamali valdirashlar bu goʻzallikka barham berishi mumkin. “Izohsiz lugʻat” adabiyot tarixida yombidek boʻlib yotibdi. Uga murojaatlar boʻldi. Hali unga yana koʻp murojaatlar qilinadi. Hali kelajakda soʻz zargarlari koʻp bora ushbu yombidan adabiy tillo taqinchoqlar, uzuku bilakuzuklar bunyod qilajak.

Yaxshisi, siz bu maqolani oʻqimang. Oʻsha dostonni bir oʻqing.

Shoirga his-tuygʻudan, ishqdan saboq berib sheʼr yozdirib boʻlmaydi. Abduvali Qutbiddinga birov bunday dars bermagan. Oʻzi oʻziga saboq bergan, oʻzi uchun oʻziga qoidalar ishlab chiqqan. Adabiy-nazariy kitoblarni oʻqib, barmoq bukib, boʻgʻinlar sanab, sheʼr yozadigan shoirlar toʻdasidan mutlaqo farq qiladi Abduvali Qutbiddin.

Uning sheʼrlarida ruhning yoʻlchiligi, ruhning zamin uzra, gohida koinot qadar, baʼzan yetti qat osmon va yetti qat Yer ostiga tushib ketadigan tuygʻularning tasviri oʻynaydi. Shuning uchun uning sheʼrlarida “hayrat eshigi” xayolning olti tomoniga qarab ochiladi.

Shuning uchun uning sheʼrlarini oʻqigan oʻquvchi beixtiyor:

Talmir-tilmir koʻzlarim

Daryo boʻlolmay oʻtdi.

Sadaqani ishq, qoʻlim

Aslo soʻrolmay oʻtdi

yoki:

Sohibdilim – diloro,

Ayyit, toʻxtasin karvon.

Nay puflagan quyunning

Enasimi biyobon, ‒

kabi misralari ohangiga oshufta boʻladi. Butun vujudini toʻldirib olgan nafasiga bor ovozini ulaydi. Undosh tovushlar eziladi, ikkilanadi, juftlanadi; unlilar kengayadi, jaranglaydi, yuksaladi, choʻziladi. Yurak boʻshaydi.

Abduvali aka bitta sheʼrini “Hissiy sheʼr” deb nooʻrin nomlagan ekan. Chunki uning bisotida hissiy boʻlmagan sheʼrning oʻzi yoʻq. Hammasi ‒ hissiy sheʼrlar. Barchasida tuygʻu va kayfiyat oqimi yetakchilik qiladi. Badiiy soʻz togʻdan tushib kelayotgan tushovsiz selga aylanadi. Aqlni, mantiqni oʻz yoʻliga burib, oʻz izmida oqizib ketadi.

Bu maqolani oʻqimang. Chunki men shoir sheʼrlarini sharhlayotganim yoʻq. Sharh va ifoda uchun soʻz topilmaydi. Uning sheʼrlarini oʻqiganda koʻngilni gʻaroyib bir tuygʻu, tushuntirib berish qiyin boʻlgan, ismsiz hislar egallab oladi. Gohida bu olam unutiladi. Gohida baland visol togʻiga qarab chopib ketayotgan shoirga ergashasiz. Yoki bulutlar uzra chordona qurib, Zaminga tikilib oʻtirgan shoir yonida tomoshabinga aylanasiz.

Shoir sheʼr aytayotgan mahali baʼzan yoniga farishta kelgandek boʻladi. Tarozida savob va gunohlar yukini tortadi.

Uning sheʼrlarida rubobiy ohangi ‒ kuchli; mazmun ham, vazn va qofiya ham ichki bir toʻlqindan paydo boʻladi. Shuning uchun sheʼriy satrlarning boʻlinishi, misralar zinapoyasi sezilmaydi. Zinapoyalardan chiqish va tushish malol kelmaydi.

“Ninachi qanotin hijob qilsaydi” – inja bagʻoyat. “Kumush gʻor ogʻzida vovullar oqqush” – bu nima degani? “Subhlar hoʻplaydi patli havoni” – bu qanday sodir boʻladi? Bu tasvirni bir tasavvur qilib koʻring:

Baliqning tishi-la tilimni tildim,

Yuragim urchuqday uch aylantirdim.

“Dalligina jahoni” bor shoir yuragini shunday mahorat bilan chir aylantira oladi. Ruhiga ergashgan “devona xayol” bilan agar tuf desa, botqoq gulistonga evriladi.

Yana sheʼr jaranglaydi:

Dunyoni tark etdim, hur safar etdim,

Yorim-la tuyqusu bexabar ketdim.

Oʻn besh kun toʻy berdim

Dorulbaqoda…

Yayradim,

Yayradim,

Yayradim-a-a-a!

Oltmishiga yetib-yetmay ketgan shoirning oʻttizga yetib-yetmay yozgan bu sheʼrini siz qanday tushunasiz?

Toʻgʻri, sheʼriyatdan matematik mantiq izlash uni joʻnlashtiradi. Shorih baʼzan Abduvali sheʼrlaridagi nonsens-mantiqsizlikni mantiqli gapga aylantiradi. “Bu sheʼrim xayoldir, bu sheʼrim yolgʻon”, ‒ deydi shoir. Sheʼrning asli ‒ yolgʻon. Yolgʻon bilan haqiqat ‒ yonma-yon yoki ichma-ich. Faqat uni topmoq kerak.

Xullas, bu maqolani siz oʻqishingiz uchun yozganim yoʻq. Men buni oʻzim uchun yozdim. Oʻzimning sheʼrni qanchalar anglashimni, sezishimni, bilishimni, tushunishimni, tushuntirishimni sinash uchun yozdim. Sinab koʻrdim. Men Abduvali Qutbiddin sheʼrlarini anglamadim, sezmadim, bilmadim, tushunmadim. Shuning uchun tushuntira bilmadim. Sheʼr haqida koʻp narsani bilmasligimni bildim. Yaxshisi, siz ovorayi sarson boʻlib bu maqolani oʻqib oʻtirmang. Yaxshisi, siz Abduvali Qutbiddin sheʼrlarining aynan oʻzini oʻqing...

Maqolaga ildirilgan xulosa shuki, oʻzaro gurungda shoir shaʼniga ogʻzaki yaxshi gaplar aytdim. Rahmatli boʻlganini eshitganimda yurakda bir armon koʻkardi. Oʻz vaqtida bu gaplar matbuotda bosilsa, quvongan boʻlardi, ehtimol.

Endi esa soʻzim tuganchi ancha boshqacha: shoirning ruhi shod boʻlsin...

Bahodir KARIM,

A.Navoiy nomidagi Toshkent

davlat oʻzbek tili va adabiyoti

universiteti kafedra mudiri, professor.