Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Abdushukur Abdullayev: “Ayrim hududlarda hech qanday hujjatlarsiz butun bir mahalla bunyod boʻlgan”
18:06 / 2020-03-10

Yerning har qarichi — oltinga teng. Shu bois, inson yashashi, rizq topishi, turmushini farovon qilish uchun undan unumli foydalanmogʻi lozim.


Yerning har qarichi — oltinga teng. Shu bois, inson yashashi, rizq topishi, turmushini farovon qilish uchun undan unumli foydalanmogʻi lozim. Bu uning oʻzi uchun ham, xalq va davlat uchun ham katta manfaat keltiradi. Ammo bugun ayrim hududlarimizda yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olish, ulardan xoʻjasizlarcha foydalanish, yer uchastkalarini ajratishda korrupsiya hollari uchrab turibdi.

Ommaviy axborot vositalarida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilinayotgan koʻplab maqolalarda aholi aynan sohadagi qonunbuzarliklardan norozi ekani va bu yechimini kutayotgan dolzarb masalaga aylangani koʻrinib turibdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida oʻtkazilgan navbatdagi “Hukumat soati”da yer maydonlarini tanlash va tadbirkorlik subyektlariga yer uchastkalarini ajratish, yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, bu boradagi mavjud muammolar koʻrib chiqildi.

Mazkur masala yuzasidan axborot berish hamda deputatlar savollariga atroflicha javob qaytarish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisi Abdushukur Abdullayev taklif etildi.

Maʼlumotlarga koʻra, qoʻmita tizimidagi yer nazoratchi inspektorlar tomonidan joriy yilning 5-mart holatiga respublika boʻyicha 36 ming 356 holatda jami 8 ming 117 gektar yer maydoni yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan oʻzboshimchalik bilan egallab olinib, shundan 2 ming 751 gektarda uy-joy, 770 gektarda noturar qurilishlar, 640 gektarda baliq boqish uchun hovuz qurish, 45 gektarda tuproq karyer, 3 ming 910 gektarda boshqa holatlarda yerlardan noqonuniy foydalanib kelinayotgani aniqlangan.

Abdushukur Abdullayevning qayd etishicha, respublika boʻyicha 160 ming gektar sugʻoriladigan yer maydonida turli noqonuniy obyektlar qurilgan. Lekin qogʻozda bu yerlar ekin maydoni sifatida koʻrsatilib kelinmoqda. Yuqorida qayd etilgan qonunbuzarliklar ishchi guruh tomonidan oʻrganilib, oʻzboshimchalik bilan egallangan yerlar qaytarilmoqda. Hozirgacha 30 foizga yaqin yer maydonlari qaytarildi.

– Buning tagida ijtimoiy masala yotadi. Yerlarni qaytarish jarayonida ayrim noxush holatlarning guvohi boʻlyapmiz. Ogʻriqli joyi shundaki, baʼzi fuqarolar hech qanday hujjatlarsiz uy qurib, ichida yashayapti. Bunday hollarda baʼzi tushungan fuqarolar yerni qaytaryapti, lekin masalaning eng jiddiy tomoni baʼzi oilalar yashashga boshqa joyi yoʻq. Ayrim hududlarda hech qanday hujjatlarsiz butun bir mahalla bunyod boʻlgan, – dedi A.Abdullayev.