Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Abdusattorov va Sindorov “Tata Steel Chess-2026” turniri peshqadami
11:48 / 2026-01-24

Jahon chempionini mag‘lub etgan Nodirbek Abdusattorov bugun qora donalarda germaniyalik Vinsent Keymer bilan kuch sinashadi

Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida davom etayotgan “Tata Steel Chess-2026” turniri “Masters" guruhining ortda qolgan 6-tur o‘yinlaridagi 7 ta qarama qarshilikning 3 tasida g‘alaba, qolganlarida durang natija qayd etildi.

E’tiborli jihati, kecha yakunlangan 6-tur bahsida Nodirbek Abdusattorov oq donalarda amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommarajuni mag‘lubiyatga uchratdi.

Amaldagi jahon chempioni bahsni ishonchli olib bordi. Deyarli teng pozitsiyaga erishdi. Biroq yetarlicha vaqti bo‘la turib, Abdusattorovning ruhiy ustunligi uni muvozanatdan chiqardi va kutilmaganda shoh bilan ruxdan ayrildi. Bu, o‘z-o‘zidan Nodirbekning muvaffaqiyatga erishishini ta’minladi.

Jahon kubogi g‘olibi Javohir Sindorov va hindistonlik Aravind Chitxambaram to‘qnashuvida hamyurtimiz qora donalarda harakatlangan bo‘lsa-da g‘alabaga teng durangga erishdi.

Ushbu tur o‘yinlaridan keyin Nodirbek 4,5 ochko bilan 14 nafar shaxmatchi orasida yakka peshqadamga aylandi. Javohir Sindorov 4 ochko bilan 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Ulardan keyingi pog‘onada borayotgan sloveniyalik Vladimir Fedoseyev, amerikalik Xans Nimann, germaniyalik Vinsent Keymer hisobida 3,5 ochko mavjud.

Bugun, 7-tur bahsida Nodirbek Abdusattorov qora donalarda Vinsent Keymer bilan, Javohir Sindorov Xans Nimann bilan kuch sinashadi.

13 ta turdan iborat turnir musobaqalari 1 fevralda yakunlanadi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA