Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Abdusattorov va Sindorov Las-Vegas turniri chorak finalida
12:10 / 2025-07-17

AQSHda davom etayotgan “Freestyle Chess Grand Slam Las Vegas” turnirining dastlabki saralash musobaqasida shaxmatchilar guruhlarga bo‘lingan holda 7 ta turli aylana tizimdagi bahslarda ishtirok etdi.

Mukofot jamg‘armasi 750 ming AQSH dollaridan iborat mazkur nufuzli musobaqaning ilk bosqichida hamyurtlarimiz Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov muvaffaqiyatga erishdi.

Ilk turlarda Nodirbek Abdusattorov hindistonlik Rameshbabu Praggnanandxa, norvegiyalik Magnus Karlsen va Javohir Sindorov bilan durangga erishgan bo‘lsa, AQSHlik Uesli So, qozog‘istonlik Bibisara Assaubayeva, germaniyalik Vinsent Kaymerni mag‘lub etdi. Levon Aronyanga esa imkoniyatni boy berdi.

Javohir Sindorov esa Bibisara Assaubayeva, Magnus Karlsen, Rameshbabu Praggnanandxa, Uesli So va Abdusattorov bilan murosa yo‘lini tanlagan holda Vinsent Kaymer va Levon Aronyandan ustunlikka erishdi.

7 ta o‘yin yakuniga ko‘ra, har ikki shaxmatchimiz 4,5 ochko jamg‘arib, pley-off bahslariga yo‘l oldi.

Bugun, 17 iyul kuni nufuzli turnirning chorak finalida Nodirbek Abdusattorov oq donalarda Arjun Erigaisi bilan, Javohir Sindorov qora donalarda AQSHlik Hans Niyemann bilan kuch sinashadi.

Birinchi bosqichda kerakli natijaga erisha olmagan shaxmatchilar pastki bosqichda kuchli uchlikka kirish yo‘lida kurash olib boradi.

Musobaqalar 21 iyulga qadar davom etadi.

To‘lqin Ro‘ziyev,

O‘zA