Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘tkazilgan “Freestyle Chess Grand Slam Las Vegas” turnirining to‘rt kunlik shiddatli bellashuvlari yakunlandi.
Dunyoning eng kuchli 16 nafar grossmeysteri qatorida mazkur turnirda dona surgan hamyurtlarimiz Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov jahon shaxmat ishqibozlariga yana bir bor o‘z iqtidorlarini namoyish etdi.

Biri-biridan qiziqarli kechgan 64 katakdagi tafakkur janglari sarhisobiga ko‘ra, AQSH sharafini himoya qilayotgan tajribali shaxmatchi Levon Aronyan turnir davomida ishonchli o‘yin ko‘rsatib, chempionlikni qo‘lga kiritdi. 2-o‘rin chorak finalda Javohir Sindorovni kichik hisobda dog‘da qoldirgan amerikalik Hans Niyemannga nasib etdi.
Turnirga o‘ziga xos kayfiyat va ruhiy ko‘tarinkilik bag‘ishlab, unutilmas kombinatsiyalarni taqdim etgan Magnus Karlsen 3-o‘rin sohibi bo‘ldi.

Mahoratli shaxmatchilarimiz Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov germaniyalik Vincyent Kaymer, AQSH vakili Leiniyer Dominguyez qatorida Las-Vegas turnirini 9–12-o‘rinlarda yakunladi va musobaqa nizomiga muvofiq 10 ming AQSH dollari bilan taqdirlandi.
Turnirda 1-o‘rinni egallagan Levon Aronyan 200 ming AQSH dollariga ega chiqqan vaziyatda 2-o‘rin sohibi Hans Niyemann 140 ming, 3-o‘rin egasi Magnus Karlsen 100 ming, 4 va 5-o‘rinlarga ega chiqqanlar 60 va 50 ming AQSH dollarini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, 6-8 o‘rinlardan joy olgan shaxmatchilar ham tegishli pul mukofotlariga sazovor bo‘ldi. 13-16-o‘rin egalari esa 7,5 ming AQSH dollariga loyiq ko‘rildi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA