Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Abdusattorov va Keymer Praga turnirida jahon reytingining 4-o‘rni uchun kurashadi
11:46 / 2026-02-27

Chexiyaning Praga shahrida o‘tayotgan “Prague International Chess Festival 2026” xalqaro turniri “Masters” guruhining ortda qolgan 2-tur o‘yinlaridan so‘ng hamyurtlarimiz Nodirbek Abdusattorov va Nodirbek Yoqubboyev turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda.

Kecha o‘tkazilgan 2-tur bahslarida shaxmatchilarimiz nomdor raqiblariga qarshi qora donalarda harakat qildi.

Nodirbek Abdusattorov eronlik Parxam Magsudlu bilan 48-yurish holatida, Nodirbek Yoqubboyev esa amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommaradju bilan 30-yurish holatida durangga imzo chekdi.

Shuningdek, 1-turda Yoqubboyevga imkoniyatni boy bergan ispaniyalik Devid Anton ushbu turda niderlandiyalik Jorden van Forestni, Abdusattorovga ilk turda yutqazgan hindistonlik Aravindx Chitambaram esa amerikalik Xans Nimannni mag‘lubiyatga uchratdi.

Bugun, 27-fevral kuni o‘tkaziladigan 3-tur bahsida Nodirbek Abdusattorov oq donalarda germaniyalik Vinsent Keymer, Nodirbek Yoqubboyev esa amerikalik Xans Nimann bilan kuch sinashadi.

Shu o‘rinda aytish lozimki, bugungi N.Abdusattorov – Keymer “jangi” qaysidir ma’noda jahon reytingining to‘rtinchi pog‘onasi uchun kurash ko‘rinishini olishi bilan ham ahamiyatlidir.

Turnirning so‘nggi, 9-tur o‘yinlari 6-mart kuni bo‘lib o‘tadi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA