Polsha poytaxti Varshavada o‘tayotgan “Superbet Poland Rapid & Blitz” xalqaro turnirining rapid yo‘nalishidagi musobaqalari yakunlandi.
O‘tkazilgan musobaqalarda hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov dunyoning yetakchi shaxmatchilari bilan kechgan murosasiz bahslarda o‘z salohiyatini namoyish etdi.

Xalqaro turnirning rapid yo‘nalishida tashkil etilgan so‘nggi tur o‘yinlarida mahoratli shaxmatchimiz xitoylik Vey I, polshalik Yan-Kshishtof Duda, Polsha sharafini himoya qilayotgan Shevchenko bilan kuch sinashdi.
Xitoy vakili Vey I bilan o‘tgan 7-tur uchrashuvida Abdusattorov 1:0 hisobida imkoniyatni boy berdi. 8-turda polshalik Yan-Kshishtof Duda, 9-turda Polsha sharafini himoya qilayotgan Shevchenko bilan o‘tkazilgan o‘yinlar durang bilan poyoniga yetdi.

Rapid yo‘nalishidagi musobaqalar sarhisobiga ko‘ra, Vey I 13 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, Magnus Karlsen 12 ochko jamg‘arib, 2-o‘rinda bormoqda.
Hisobida 10 ochko mavjud hindistonlik Praggnanandxaa 3-pog‘onada bormoqda. 9 va 10-maydagi 2 ta mag‘lubiyat, 4 ta durang natija bilan Abdusattorov 8 ochko bilan kuchli yettitalikdan joy olgan.

Musobaqaning so‘nggi kunlarida shaxmatchilar blis yo‘nalishidagi bahslarni o‘tkazadi.
Mazkur bahsning ilk turida shaxmatchimiz Abdusattorov germaniyalik Vinsent Kaymerga qaprshi dona suradi.
Mukofot jamg‘armasi 175 ming AQSH dollarini tashkil etgan xalqaro turnirning bils o‘yinlarida har bir g‘alaba uchun 1 ochko, durang erishganlarga 0,5 ochko taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, 12-mayda yakunlanadigan xalqaro turnirda g‘olib shaxmatchi 40 ming dollar bilan taqdirlanadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA