Angliya poytaxti London shahridagi “Emirates Stadium” majmuasida o‘tgan “XTX Markets London Chess Classic" turnirining so‘nggi 9-turida muddatidan oldin musobaqa g‘olibligini naqd qilgan Nodirbek Abdusattorov ukrainalik Pavel Elyanov bilan kuch sinashdi.
Ushbu turda oq donalarda o‘yinni olib borgan Nodirbek tajribali Elyanovga qarshi munosib dona surdi va 61-yurish holatida tomonlar murosa yo‘lini tanlashdi.

Mukofot jamg‘armasi 50 ming funt sterlingdan iborat turnirda ushbu natijadan keyin Abdusattorov 7,5 ochko jamg‘argan holda g‘oliblik mavqeini mustahkamlab oldi. 9-turda raqibi bilan durangga erishgan fransiyalik Alireza Firuzja 5,5 ochko jamg‘arib, 2-o‘rinni, 5 ochkoga ega Nikita Vityugov (Angliya) esa 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
10 nafar mahoratli shaxmatchilar ishtirok etgan turnirda 6 ta g‘alaba va 3 ta durang natija bilan oltin medalga ega chiqqan Nodirbek Abdusattorov 25 ming, kumush medal sohibi Alireza 15 ming va bronza medali sohibi Vityugov esa 10 ming funt sterlingga ega chiqdi.

Aytish lozim, o‘n to‘qqizinchi bor tashkil etilgan “London Chess Classic" turnirining o‘tgan musobaqalarida Magnus Karlsen, Vladimir Kramnik, Hikaru Nakamura, Vishivanatan Anand, Uisli So, Fabiano Karuana, Din Lijen, Mikki Adams, Gavain Marorao Jones singari mahoratli grossmeysterlar g‘oliblikka erishgan.
Bugun, 6 dekabr kuni N. Abdusattorov Angliya poytaxtida boshlanayotgan yana bir tezkor shaxmat turniri “Super Rapidplay”da ishtirokini boshlaydi.

10 ta turdan iborat mazkur musobaqada hamyurtimiz qatorida Maykl Adams, Anand Pranav, Lener Dominges, Pavel Elyanov, Jon Emms, Alireza Firuzdja, Eldar Gasanov, Amit Gasi, Stiven Gordon, Rinat Djumabayev singari shaxmatchilar dona suradi.
Bugun kun davomida 5 ta va ertaga qolgan 5 ta tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA