Chexiyaning Praga shahrida davom etayotgan “Prague International Chess Festival 2026” xalqaro turniri “Masters” guruhining kecha o‘tkazilgan 5-turidagi 5 ta juftlik o‘yinlarining birontasida durang natija qayd etilmadi.
Turnirning markaziy bahslaridan biri hamyurtimiz Abdusattorov va amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaradju o‘rtasida kechdi.
Aytish lozim, 2022-yil Hindistonning Chennay shahrida O‘zbekiston terma jamoasi Butunjahon shaxmat olimpiadasi g‘olibligini qo‘lga kiritgan musobaqada Abdusattorov Gukeshdan ustunlikka erishgandi. Joriy yil yanvar oyida Niderlandiyada o‘tgan “Tata Steel Chess–2026” turnirida ham hamyurtimiz amaldagi jahon chempionini mag‘lub etgandi.

Shu jihatdan, Praga turnirida Nodirbek Hind shaxmatchisidan ruhiy ustun holatda bahsga kirishdi. Bu, natijada ham o‘z aksini topdi. Gukesh ma’lum bir nuqtaga qadar hamma narsani to‘g‘ri bajarib keldi. Ammo o‘tgan o‘yinlardagi to‘qnashuvlarning aks-sadosi bu safar yana takrorlandi. Abdusattorovning sovuqqon va qat’iyatli harakati unga g‘alabani taqdim etdi.

Ikki kun muqaddam mazkur musobaqaning 4-turida Nodirbek Yoqubboyevni yenggan niderlandiyalik Jorden van Forest bu safar 5-turda AQSH vakili Xans Nimannning bitta xatosi sababli yutuqni o‘z foydasiga hal etdi va 4 ochko bilan turnir jadvalidagi peshqadamligini saqlab qoldi.
Ushbu turda Nodirbek Yoqubboyev qora donalarda Chexiya vakili David Navaraga imkoniyatni boy berdi.

Shuningdek, ushbu turda oq donalarda harakatlangan hindistonlik Aravindx Chitxambaram ispaniyalik Anton Devidga, eronlik Parxam Magsudlu germaniyalik Vinsent Keymerga ochko taqdim etishga majbur bo‘ldi.
Bugun, 2-mart kuni xalqaro turnir nizomiga muvofiq uchun dam olish kuni sifatida belgilangan.
Ertaga o‘tadigan 6-tur musobaqasida hamyurtlarimiz Nodirbek Yoqubboyev va Nordirbek Abdusattorov ro‘baro‘ keladi. Unda Yoqubboyev oq donalarda harakatlanadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA